Markaziy saylov komissiyasida saylov qonunchiligi va amaliyotini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqilmoqda

07.10.2026

76

msk_yangiliklari_in

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov jarayonlarini yanada takomillashtirish, saylov qonunchiligini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish hamda saylov amaliyoti samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.

O‘tkazilgan saylovlar jarayonini tahlil qilish, saylovlarni kuzatish missiyalarining tavsiyalarini o‘rganish natijasida Komissiyaning 2026-yilga mo‘ljallangan ish rejasi doirasida saylov qonunchiligi va amaliyotini yanada takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar ko‘rib chiqilmoqda.

 

Jumladan, saylov komissiyalarini shakllantirish va ularning faoliyatini tashkil etish, saylov okruglari va uchastkalarini tuzish uslubiyati, mahalliy Kengashlar deputatlarining bo‘shab qolgan o‘rinlariga saylovlarni o‘tkazish, nomzodlarni ko‘rsatish va ro‘yxatga olish tartibi, saylov jarayonida murojaatlar bilan ishlash kabi masalalar bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirishga oid tahliliy materiallar va takliflar mutaxassislar ishtirokida keng muhokama qilinib, ularni amaliyotga joriy qilish bo‘yicha tegishli choralar belgilandi.

Shuningdek, MSK a’zolari va Kotibiyat xodimlari tomonidan uchastka saylov komissiyalari a’zolari uchun uslubiy qo‘llanmalar va o‘quv videomateriallar tayyorlash, saylov jarayonini raqamlashtirishni yanada rivojlantirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini yuritish tartibini takomillashtirish hamda Komissiya faoliyatini axborot bilan ta’minlash va saylovchilar uchun axborot-tushuntirish materiallari tayyorlashda zamonaviy dasturiy vositalarni qo‘llash bo‘yicha tegishli takliflar tayyorlandi.

Takliflarni ko‘rib chiqish davomida Komissiya rahbariyati va a’zolari tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar va tavsiyalar asosida tegishli uslubiy qo‘llanmalar va o‘quv materiallari takomillashtirilmoqda, shuningdek saylov qonunchiligini yanada takomillashtirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjat loyihalari ishlab chiqilmoqda.

 

Ushbu ishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad — saylov jarayonlarini tashkil etishning huquqiy va institutsional mexanizmlarini yanada takomillashtirish, amaliyotda yuzaga kelayotgan masalalarga samarali yechimlar ishlab chiqish hamda saylov jarayoni ishtirokchilari uchun qulay va zamonaviy sharoitlarni ta’minlashdan iborat.

 

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur