MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASIDA DAVRA SUHBATI – 2024-yilda bo‘lib o‘tgan saylovlar jarayon ishtirokchilari tomonidan atroflicha tahlil qilindi

21.02.2025

190

msk_yangiliklari_in

2024-yil 27-oktyabr kuni “Mening ovozim – obod Vatanim” shiori ostida o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari deputatlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq barcha jarayonlar umume’tirof etilgan xalqaro saylov standartlari va eng maqbul xorijiy amaliyotlar, mamlakatimizning saylovlar sohasidagi milliy qonunchiligi va boy tajribasiga binoan yuqori saviyada tashkil etildi. Bu, o‘z navbatida, saylovlarda ishtirok etgan ko‘plab xalqaro va xorijiy kuzatuvchilar tomonidan alohida e’tirof etildi.

 

 

 

O‘zbekiston milliy saylov amaliyotida ilk marotaba milliy parlamentimizning quyi palatasini shakllantirishda aralash saylov tizimi amaliyotga kiritildi. Saylovlar saylov komissiyalarining yangi markazlashgan tizimi tomonidan o‘tkazildi.

 

   

 

Ilk bora “E-saylov” axborot tizimining joriy etilganligi jarayonidagi byurokratik to‘siqlarni keskin kamaytirish va shaffoflikni oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Yana bir muhim yangilik – elektron ovoz berish imkoniyatlaridan sinov tariqasida amaliyotda foydalanish bo‘ldi. Bu istiqboldagi saylovlarni tashkil etish bo‘yicha muhim yo‘nalishlarni belgilab berdi. Aytish lozim, bu mamlakatimiz milliy saylov tizimidagi mutlaqo yangi amaliyot bo‘ldi.

 

 

 

2024-yilda bo‘lib o‘tgan saylovlar jarayonini tahlil qilish, saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni shuningdek milliy saylov qonunchiligi va amaliyotini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan joriy yil 6-17-fevral kunlari saylov jarayoni ishtirokchilari bilan hamkorlikda onlayn davra suhbati o‘tkazildi.

 

 

 

Davra suhbatida hududiy, tuman (shahar) saylov komissiyalari a’zolari, siyosiy partiyalar vakillari, mahalliy xalq deputatlari Kengashlari va hokimliklar mutaxassislari, saylov komissiyalari a’zolarining malakasini oshirish jarayonlarida ishtirok etgan trenerlar hamda saylov jarayonlarida faol ishtirok etgan davlat organlari xodimlari va jamoatchilik vakillari  ishtirok etdilar.

 

   

 

Davra suhbati davomida saylov uchastkalari va saylov okruglarini tuzish, ularni zamonaviy talablar asosida jihozlash, saylov komissiyalari faoliyati samaradorligini oshirish, shu jumladan saylov komissiyalari a’zolari va boshqa tashkilotchilarni o‘qitish va malakasini oshirish, saylov jarayonlariga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, deputatlikka nomzodlar, ularning ishonchli vakillarini hamda kuzatuvchilarni ro‘yxatga olish, saylovoldi tashviqotini olib borish, saylovchilarning elektoral madaniyatini yuksaltirish, saylovlarda ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash kabi eng muhim yo‘nalishlardagi masalalar atroflicha muhokama etildi.

 

 

 

O‘z o‘rnida, qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha bildirilgan takliflar umumlashtirilib, yo‘nalishlarga ajratilgan holda Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyatining tegishli bo‘limlariga chuqur o‘rganish va ular yuzasidan takliflar ishlab chiqish uchun taqdim etildi.

 

   

 

Davra suhbati davomida bildirilgan fikrlar va takliflarni umumlashtirilgan holda saylov qonunchiligi va amaliyotini yanada takomillashtirishga doir chora-tadbirlar ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.

 

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur