Markaziy saylov komissiyasi vakillari saylovlarning xalqaro kuzatuvida ishtirok etdi

08.10.2026

154

msk_yangiliklari_in

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi kotibi X. Mamatov va Samarqand viloyati hududiy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari S. Nazarov Latviya Respublikasi 15-Seymi deputatlari saylovini xalqaro kuzatish dasturida ishtirok etdi.

 

Xalqaro kuzatuv dasturi saylov jarayonini monitoring qilish, shuningdek, saylovlarni tashkil etish va ma’muriy boshqarish sohasida tajriba almashishga qaratildi.

 

Tashrif doirasida delegatsiyasi a’zolari Latviya Markaziy saylov komissiyasi raisi M. Zviyedrisning brifingida qatnashdilar. Latviya Markaziy saylov komissiyasi rahbari xorijlik hamkasblariga mamlakat milliy saylov tizimi va saylov ma’muriyati faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlari bo‘yicha taqdimot o‘tkazdi.

 

 

O‘zbekiston MSK vakillari 28-sentabrdan 2-oktabrgacha bo‘lib o‘tgan muddatidan oldin ovoz berish jarayoni bilan tanishdilar. Ushbu imkoniyat asosiy saylov kunida saylov uchastkalariga kelish imkoniyatiga ega bo‘lmagan fuqarolar uchun yaratilgan.

 

Bevosita saylov kuni — 3-oktabrda xalqaro kuzatuvchilar jarayonning barcha bosqichlarini: saylov uchastkalarining ochilishi va ovoz berish borishidan tortib, uchastkalarning yopilishi hamda ovozlarni sanab chiqishgacha bo‘lgan bosqichlarni kuzatib bordilar.

 

Shu kuni Latviyada jami 933 ta saylov uchastkasi faoliyat ko‘rsatdi, shundan 158 tasi Riga shahrida joylashgan. Saylov uchastkalarida ovoz berish jarayonlari soat 8:00 dan 20:00 gacha davom etdi.

 

     

 

Tashrifning so‘nggi kunida delegatsiya a’zolari Latviya MSK binosida saylovchilar tomonidan pochta orqali berilgan ovozlarni sanab chiqish jarayonida ham ishtirok etdilar.

 

Ushbu dasturdagi ishtirok O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi vakillariga saylovlarni boshqarish sohasidagi ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish va latviyalik hamkasblar bilan professional hamkorlikni mustahkamlash imkonini berdi.

 

Latviyadagi parlament saylovlarini xalqaro kuzatish dasturida bir qator xorijiy mamlakatlar saylov organlarining vakillari ishtirok etdi. Jumladan, YXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) ekspertlar missiyasi 2026-yilning 15-sentabridan 8-oktabriga qadar Riga shahrida saylov jarayonlarini kuzatib, umumiy baho berdi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur