Markaziy saylov komissiyasi Raisi Z.Nizamxodjayev saylovlar xalqaro kuzatuvida ishtirok etdi

23.09.2026

74

msk_yangiliklari_in

Markaziy saylov komissiyasi Raisi Z. Nizamxodjayev boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi 2026-yil 20-sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Davlat Dumasining to‘qqizinchi chaqiriq deputatlari saylovlari xalqaro kuzatuvi dasturida ishtirok etdi.

 

Ovoz berish kunlarida saylov jarayonlarini 113 ta davlat va 13 ta xalqaro tashkilotdan 1 126 nafar xalqaro kuzatuvchilar va saylov jarayoni bo‘yicha ekspertlar kuzatib bordi. Rasmiy xalqaro kuzatuv missiyalari tarkibiga BRIKS mamlakatlari Parlament harakati, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti Parlament Assambleyasi kabi nufuzli xalqaro va mintaqaviy birlashma vakillari kiritildi.

 

Saylovlarni kuzatish jarayonida MDH mintaqasi mamlakatlarining markaziy saylov organlari, shuningdek, Yaqin Sharq, Afrika va Osiyo davlatlarining saylov organi vakillari ham ishtirok etishdi.

 

O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibidan Markaziy saylov komissiyasi a’zolari, MSK Kotibiyati xodimlari hamda parlament vakillari o‘rin oldi.

 

     

 

Xalqaro kuzatuv dasturi doirasida 17-21-sentyabr kunlari faoliyat yuritgan Rossiya MSK huzuridagi Axborot markazi faoliyatining boshlanishida ishtirok etildi. Mazkur davrda Axborot markazida saylov tizimining saylovlarga tayyorgarligi, ovoz berish jarayonini tashkil etish, raqamli texnologiyalardan foydalanish hamda saylov jarayonining boshqa jihatlariga bag‘ishlangan brifinglar o‘tkazildi.

 

Dasturning asosiy tadbirlaridan biri «Turbulentlik davrida saylovlar» mavzusida ikki kunlik xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘ldi.

 

Konferensiya zamonaviy chaqiriqlar sharoitida saylov tizimlarini rivojlantirish va saylovlarni tashkil etishning dolzarb masalalarini muhokama qilish uchun muhim muloqot maydoniga aylandi. Unda saylov infratuzilmasining barqarorligini ta’minlash, saylov jarayonining ochiqligi va shaffofligi, raqamli texnologiyalardan foydalanish, shuningdek, ovoz berish jarayonini tashkil etishning yangi yondashuvlari kabi masalalar muhokama qilindi.

 

Konferensiya va dastur doirasidagi boshqa tadbirlar davomida saylov organi hamda xalqaro tashkilot vakillari saylov jarayonini samarali tashkil etish bo‘yicha amaliy tajriba va yondashuvlar bilan o‘zaro almashdilar.

 

Dastur doirasida O‘zbekiston Respublikasi MSK delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasi MSK Raisi E. Pamfilova bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish masalalari yuzasidan fikr almashildi, shuningdek, ikki davlat saylov organlari o‘rtasidagi kasbiy aloqalarni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

 

 

 

O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari, shuningdek, RF Jamoat palatasi maydonida faoliyat yuritgan Davlat Dumasi saylovlarini jamoatchilik tomonidan kuzatish bo‘yicha Vaziyat markaziga tashrif buyurdilar. Tashrif davomida jamoatchilik nazoratini tashkil etish, ovoz berish jarayonini monitoring qilish mexanizmlari hamda ovoz berishning turli shakllari, jumladan, masofaviy elektron ovoz berishni kuzatishda texnik vositalardan foydalanish amaliyoti bilan tanishildi.

 

20-sentyabr – Yagona ovoz berish kunida delegatsiya a’zolari saylov jarayonini saylov uchastkalarining ochilishidan tortib, ovoz berish jarayoni yakunlanishiga qadar bo‘lgan turli bosqichlarda bevosita kuzatib bordilar. Kuzatuv davomida delegatsiya vakillari Moskva shahri, Sankt-Peterburg shahri, Moskva va Ryazan viloyatlarida joylashgan 50 dan ziyod saylov uchastkasiga tashrif buyurdilar.

 

     

 

Saylov uchastkalarini kuzatish jarayonida delegatsiya a’zolari saylov komissiyalari faoliyatini tashkil etishni tahlil qildilar, saylovchilar uchun yaratilgan sharoitlar, shuningdek, ovoz berish tartibi bilan tanishdilar. Bunda belgilangan tartib-taomillarga rioya etilganligi, saylov uchastkalarining saylovchilar uchun ochiq va qulayligi, fuqarolarning o‘z saylov huquqini erkin amalga oshirishi uchun zarur shart-sharoitlarning ta’minlanganiga alohida e’tibor qaratildi.

 

   

 

21-sentyabr kuni delegatsiya Rossiya Federatsiyasi MSKning saylovlarning dastlabki natijalari taqdim etilgan brifingida ishtirok etdi. Shuningdek, delegatsiya xalqaro kuzatuv missiyalari tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanlarida ishtirok etib, ularda saylovlar bo‘yicha kuzatuv natijalari muhokama qilindi.

 

Xalqaro kuzatuvning yakuniy tadbirlari doirasida xorijiy davlatlarning markaziy saylov organlari delegatsiyalari rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. O‘zbekiston MSK Raisi Z. Nizamxodjayev O‘zbekiston delegatsiyasining faoliyati haqida ma’lumot berib, saylov jarayonini tashkil etish bo‘yicha o‘z kuzatuvlari bilan o‘rtoqlashdi.

 

   

 

O‘zbekiston delegatsiyasining RF Davlat Dumasi saylovlarida xalqaro kuzatuvda ishtirok etishi saylov organlari va xalqaro tashkilotlar vakillari bilan kasbiy tajriba almashishni davom ettirish, shuningdek, saylov jarayonini tashkil etish va raqamli yechimlarni qo‘llashning zamonaviy yondashuvlari bilan tanishish imkonini berdi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur