Markaziy saylov komissiyasi Raisi Sirdaryo hamda Jizzax viloyatlaridagi saylovga tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishdi

06.09.2024

538

msk_yangiliklari_in

Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zayniddin Nizamxodjayev hamda Markaziy saylov komissiyasi a’zosi Adham Ibodullayev Sirdaryo viloyatida bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlarining saylovlarini o‘tkazuvchi shahar va tuman saylov komissiyalari raislari, o‘rinbosarlari va kotiblarining malakasini oshirish bo‘yicha tashkil etilgan o‘quv-amaliy mashg‘ulotlar bilan yaqindan tanishdi.

 

Tinglovchilar bilan bo‘lgan muloqot chog‘ida mazkur o‘quv mashg‘ulotlari saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni yuqori saviyada tashkil etish, shu bilan bir qatorda saylov qonunchiligidagi o‘zgarishlar mohiyatini anglab yetish va mavjud talablarni to‘laqonli bajarishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etib o‘tildi.

 

 

O‘quv-amaliy mashg‘ulotlar dasturiga proporsional va mojaritar saylov tizimi, saylov komissiyalari faoliyatining asosiy jihatlari, saylovchilar ro‘yxati bilan ishlash, binolarni jihozlash, muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish, ovozlarni sanab chiqish va natijalarni belgilash kabi saylov jarayoni bilan bog‘liq axborot materiallari o‘rin olgan. Shu bilan bir qatorda, tinglovchilarning saylov qonunchiligi borasidagi bilim va malakasini amaliy misollar orqali oshirishga qaratilgan video o‘quv qo‘llanmalar tinglovchilarga taqdim etib kelinmoqda.

 

Tashrif davomida MSK Raisi Sirdaryo viloyati hududiy saylov komissiyasi binosida bo‘lib, bu yerda komissiya a’zolari uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Viloyat hududiy saylov komissiyasi a’zolari bilan suhbatlashdi. Suhbatlar davomida saylovga tayyorgarlik ko‘rish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan tegishli ko‘rsatma va tavsiyalarni berib o‘tdi.

 

 

Shuningdek, MSK Raisi Jizzax viloyatida bo‘lib, hududiy saylov komissiyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Saylov jarayonlariga ko‘rilayotgan tayyorgarlik va tashkiliy ishlarni ham ko‘zdan kechirdi. HSK a’zolari bilan suhbatlashdi. Suhbat davomida tuman, shahar va okrug saylov komissiyalarining binolarini saylov qonunchiligi talablariga muvofiq jihozlash, komissiyalarda doimiy navbatchilik tashkil etish, fuqarolarning murojaatlariga alohida e’tibor qaratish yuzasidan tavsiyalar berdi.

 

 

Saylovni yuqori saviyada tashkil etishda har bir saylov organlarining o‘rni muhim ahamiyat kasb etishini, shundan kelib chiqib ularning saylov qonunchiligidagi ko‘nikmalari yuqori saviyada bo‘lishi lozimligi alohida qayd etib o‘tdi.

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur