Avval xabar berilganidek, 2026 yil 13-17-oktabr kunlari Filippin Respublikasida (Manila shahri) Butunjahon Saylov Organlari Assotsiatsiyasining (BSOA) 7-Bosh assambleyasi boʻlib oʻtdi.

BSOA 2013-yil oktyabr oyida tashkil etilgan boʻlib, saylov organlari oʻrtasida professional hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiluvchi eng yirik xalqaro maydonlardan biri hisoblanadi. Hozirgi kunda Assotsiatsiya 110 ta mamlakatning 120 ta saylov organini birlashtirgan. Uning Kotibiyati Inchxon shahrida (Koreya Respublikasi) joylashgan.
Oʻzbekiston BSOA tashkil etilgan paytdan boshlab uning toʻlaqonli aʼzosi hisoblanadi. Hamkorlikni rivojlantirish doirasida 2016 yil 2-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi va Assotsiatsiya oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi Memorandum imzolangan. Shuningdek, 2017-yil oktyabr oyidan 2022-yil oktyabr oyiga qadar Oʻzbekiston MSK BSOA Ijroiya kengashi tarkibiga kirgan hamda saylov sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan jarayonlarda faol ishtirok etgan.
7-Bosh assambleya kun tartibidagi muhim masalalardan biri Assotsiatsiyaning yangi ikki yillik davr uchun boshqaruv organlarini shakllantirish boʻldi. Yigʻilish yakunlariga koʻra, BSOAga raislik vakolati Filippin Respublikasi Saylov komissiyasiga (COMELEC) oʻtdi, Peru Milliy saylov jyurisi esa Assotsiatsiya raisining oʻrinbosari etib saylandi. Koreya Respublikasi vakili An Nae-Xyon BSOA Bosh kotibi lavozimiga qayta saylandi. Assotsiatsiya Kotibiyati oʻz faoliyatini Koreya Respublikasida davom ettiradi.

Yigʻilish yakunlariga koʻra, BSOA aʼzolari tarkibi ham kengashdi. Assotsiatsiya safiga Iordaniya Mustaqil saylov komissiyasi, Chernogoriya Davlat saylov komissiyasi, Meksika Federal sud hokimiyatining Saylov tribunali, shuningdek, «Markaziy Afrikada saylovlarni boshqarish organlari tarmogʻi» xalqaro birlashmasi qabul qilindi.

BSOA Ijroiya qoʻmitasining yangi tarkibidan Argentina, Butan, Kongo Demokratik Respublikasi, Indoneziya, Malavi, Mongoliya, Falastin, Peru, Puerto-Riqo, Samoa va Senegal saylov organlarining vakillari oʻrin oldi.

Bosh assambleyaning ikkinchi kuni doirasida Oʻzbekiston Markaziy saylov komissiyasi delegatsiyasi aʼzolari BSOA hamda Osiyo Saylov Organlari Assotsiatsiyasi (AAYEA) homiyligida tashkil etilgan «Texnologiyalar, ishonch va saylovchi: sunʼiy intellekt davrida saylovlarni himoya qilish» mavzusidagi xalqaro konferensiya ishida ishtirok etdi.
Tashkil etilgan ikki sessiya doirasida Osiyo, Afrika, Yevropa, Lotin Amerikasi va Tinch okeani mintaqasi mamlakatlarining saylovlarni boshqarish organlari vakillari zamonaviy davrning dolzarb muammolarini muhokama qildilar. Ishtirokchilarning asosiy eʼtibori axborot makonidagi manipulyatsiyalarga qarshi kurashish, saylovchilar bilan bevosita muloqotni yoʻlga qoʻyish hamda saylov organlari faoliyatiga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish masalalariga qaratildi.

Shuningdek, ovoz berish kunidagi ishlarni tashkil etish, ovoz berish natijalarining ishonchliligini taʼminlash va saylov nizolarini hal etish mexanizmlariga alohida eʼtibor qaratildi. Muhokamalarning amaliy qismi Filippin Saylov komissiyasi tomonidan qoʻllaniladigan ovozlarni avtomatik sanash tizimining ishlash jarayonini namoyish etish orqali yanada boyitildi.
Tashrif dasturining muhim qismini Oʻzbekiston delegatsiyasining Filippin Respublikasi Saylov komissiyasi raisi J. Garsiya, shuningdek, xorijiy saylov organlari rahbarlari bilan oʻtkazgan ikki tomonlama uchrashuvlari tashkil etdi. Muzokaralar davomida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, saylovlarni tashkil etish va oʻtkazish sohasida tajriba almashish, saylovlarni boshqarish tizimini takomillashtirish hamda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish istiqbollari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, delegatsiya aʼzolari Filippin Respublikasi Saylov komissiyasiga tashrif buyurdilar. Tashrif doirasida tegishli departamentlarda ishchi uchrashuvlar va idora Kotibiyati rahbari bilan muzokaralar oʻtkazildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi delegatsiyasining BSOA 7-Bosh assambleyasida ishtiroki xorijiy hamkasblar bilan professional aloqalarni mustahkamlash, ikki tomonlama va koʻp tomonlama hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlarini muhokama qilish, shuningdek, zamonaviy saylov tizimini rivojlantirish borasida Oʻzbekistonning amaliy tajribasini xalqaro hamjamiyatga taqdim etish imkonini bevosita yaratib berdi.
17-oktabr kuni xalqaro tadbirlar dasturi Filippin Saylov komissiyasi raisligida Osiyo Saylov Organlari Assotsiatsiyasining Bosh assambleyasi bilan davom etdi.

Yigʻilish kun tartibidan Assotsiatsiyaning doimiy Kotibiyatini Hindiston Respublikasining Nyu-Deli shahrida tashkil etish, tashkilot Nizomiga oʻzgartishlar kiritish, 2026-2028 yillar davri uchun Raislik vakolatlarini topshirish, shuningdek, yangi muddatga rais oʻrinbosari va Ijroiya kengashining besh nafar aʼzosini saylash masalalari oʻrin oldi.
1998-yilda tashkil etilgan mazkur tashkilot Osiyo mamlakatlari saylov organlari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiluvchi muhim mintaqaviy maydon hisoblanadi. Assotsiatsiya faoliyati ochiq va shaffof saylovlar oʻtkazishga koʻmaklashish, saylov organlarining mustaqilligi va xolisligini mustahkamlash, saylov maʼmuriyatlarining salohiyatini oshirish, fuqarolarning ovoz berishdagi ishtirokini kengaytirish hamda tajriba almashishga qaratilgan.

Hozirgi kunda Assotsiatsiya 20 ta ishtirokchini birlashtirgan boʻlib, ular qatorida 2014-yildan buyon tashkilot aʼzosi hisoblangan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi ham mavjud. 2022-2024 yillarda Oʻzbekiston MSK OSOA Ijroiya kengashi aʼzosi boʻlgan.
Mamlakatimiz Assotsiatsiyaning asosiy tadbirlari — xalqaro konferensiyalar, seminarlar va tajriba almashish dasturlarida faol ishtirok etib, mintaqadagi saylov tizimlarini takomillashtirishga munosib hissa qoʻshib kelmoqda.
Markaziy saylov komissiyasi