Markaziy saylov komissiyasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar yuzasidan

24.10.2024

1862

msk_yangiliklari_in

Markaziy saylov komissiyasida 24-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovini kuzatish bo‘yicha kuzatuvchilar missiyasi va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida uchrashuvlar tashkil etildi.

 

Kuning birinchi yarmida Markaziy saylov komissiyasi Raisi Z.Nizamxodjayev Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining qisqa muddatli kuzatuvchilar missiyasining maxsus muvofiqlashtiruvchisi va rahbari, YEXHT Parlament Assambleyasining Iqtisodiy ishlar, fan, texnologiyalar va atrof-muhit bo‘yicha bosh qo‘mita raisi Azey Guliyev bilan uchrashdi.

 

 

Uchrashuv chog‘ida, 2024-yil 27-oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq jarayonlarga, xususan, xalqaro tashkilotlar O‘zbekistonda o‘tkazilgan saylovlarni kuzatish missiyalarining natijalari bo‘yicha hisobot va xulosalardagi tavsiyalarni milliy qonunchiligimizga va amaliyotimizga implementatsiya qilish, saylovlarga oid huquqiy bazani takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlar tafsilotiga to‘xtalib o‘tildi.

 

 

Shuningdek, joriy yilda bo‘lib o‘tiladigan saylovlar aralash saylov tizimi asosida o‘tkazilishi va uning o‘ziga xos xususiyatlari, milliy saylov amaliyotiga tatbiq etilgan yangiliklardan yana biri “E-Saylov” axborot tizimi va mazkur tizimning afzalliklari, ayollar va nogironligi bo‘lgan insonlarga yaratilayotgan sharoitlar yuzasidan batafsil ma’lumot berib o‘tildi.

 

 

Kunning ikkinchi yarmida, Hindiston saylov komissiyasi Bosh komissari  Radjiv Kumar bilan uchrashuv o‘tkazildi.

 

 

Muloqot jarayonida O‘zbekiston va Hindiston Markaziy saylov komissiyalari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalari mustahkamlanib borilayotgani, mazkur do‘stona munosabatlar hamda hozirda Hindiston MSK raislik qilayotgan Osiyo Saylov Organlari Assotsiatsiyasi doirasida tajriba almashinuvining yo‘lga qo‘yilganligi alohida e’tirof etildi.

 

 

Shundan kelib chiqib, mazkur aloqalarni yanada kengaytirish maqsadida Hindiston saylov komissiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

 

       

 

Ta’kidlanganidek, memorandum doirasida saylovlar sohasida tajriba almashinuvi va malaka oshirish loyihalari takomillashtirib boriladi.

 

 

Uchrashuv ishtirokchilari saylov qonunchiligidagi yangiliklar bilan tanishar ekan saylov tartib-tamoyillarining takomillashtirilishi bo‘yicha bajarilayotgan ishlarga ijobiy baho berib, bu bo‘lajak saylovlarning umume’tirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillar asosida, yuqori tashkiliy darajada o‘tkazilishiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

 

 

Markaziy saylov komissiyasi Matbuot xizmati

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur