09.07.2023

3783

msk_yangiliklari_in

Bugun, 9-iyul kunning ikkinchi yarmida Markaziy saylov komissiyasida muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlarini kuzatib borish maqsadida mamlakatimizga xalqaro tashkilotlardan va xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan kuzatuvchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

 

Ular qatorida Xitoy Xalq Respublikasi TIV elchisi Van Kayven, Rossiya Federatsiyasi MSK raisi o‘rinbosari Nikolay Bulayev, Turkmaniston MSK raisi Gulmurad Muradov, Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Chjan Min boshchiligida delegatsiyalar tashrif buyurishdi.

Uchrashuvda muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish qonunchilik talablari va demokratik prinsiplarga muvofiq amalga oshirilayotgani maʼlum qilindi.

 

Kuzatuvchilar saylov jarayonlariga Markaziy saylov komissiyasi tomonidan xalqaro standartlarga muvofiq yuqori saviyada tayyorgarlik ko‘rilganligi, saylov komissiyalari o‘z faoliyatini saylov qonunchiligiga ko‘ra amalga oshirayotganligini alohida e'tirof etdi. Saylov ko‘tarinki ruhda, uyushqoqlik bilan o‘tayotganligi, saylovchilarning faolligi taʼkidlab o‘tildi.

Xitoy Xalq Respublikasi TIV elchisi Van Kayven: 

- Bugun kun davomida 7 ta saylov uchastkasida bo‘ldik. Saylovchilar bilan, saylov komissiyasi aʼzolari bilan suhbatlashdik. Ishonch bilan ayta olamanki, ushbu saylov jarayonlariga Markaziy saylov komissiyasi yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rgan. Qisqa muddat ichida ushbu yirik siyosiy tadbirga tayyorgarlik ko‘rish uchun MSK juda qattiq mehnat qilganligi ko‘rinib turibdi. Saylovchilarning kayfiyati yuqori darajada. Ular juda ham faol. Ayniqsa yoshlarning saylov uchastkalarida faol ekanliklariga guvoh bo‘ldik.

Rossiya Federatsiyasi MSK raisi o‘rinbosari Nikolay Bulayev:

- O‘zbekistonda o‘tkazilgan bir necha saylov kampaniyalarni kuzatib borganmiz. Bu safargi saylovda fuqarolarning saylovdagi ishtiroki yuqori ekanligini taʼkidlamoqchiman. Markaziy saylov komissiyasi o‘z faoliyatini xalqaro standartlarga ko‘ra yuqori saviyada amalga oshirdi. Saylovchilar uchun erkin ovoz berish imkoniyati yaratilgan. Nogironligi bor shaxslarga ham biz tashrif buyurgan uchastkalarda barcha imkoniyatlar mavjud edi. Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati esa saylov jarayonlarining yanada shaffof va adolatli o‘tishiga yordam beradi. Markaziy saylov komissiyasi barcha darajadagi komissiya aʼzolarini sifatli tarzda o‘qitganligi Samarqanddagi uchrashuvlarimizda ayon bo‘ldi. Ular saylov qonunchiligi talablaridan xabardor va o‘z ishiga masʼuliyat bilan yondashmoqda.

Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Chjan Min:

- Bizning kuzatuvchilik faoliyatimiz bir necha kun oldin boshlandi. Biz ertalab saylov uchastkalarining ochilishida ishtirok etdik. Barchasi qonunchilik talablariga muvofiq amalga oshirilganligiga guvoh bo‘ldik. Missiyamiz 6 guruhga bo‘lingan holda bir necha o‘nlab saylov uchastkalarida ovoz berish jarayonlarini kuzatdik. Shaxsan o‘zim saylov uchastkalariga ota-onalar o‘zlari bilan hali saylov yoshiga yetmagan farzandlarini olib kelganidan xursand bo‘ldim. Chunki bolalarning saylov uchastkasiga kelib, ovoz berish tartibidan, saylov jarayonlaridan xabardor bo‘lishga intilishlari quvonarli holat. Saylovchilarning saylovdagi faol ishtiroki Markaziy saylov komissiyasining saylov jarayonlari to‘g‘risida aholini xabardor qilishda keng miqyosda ishlar olib borganligidan dalolat beradi.

 

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot markazi

 

 

 

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur