Markaziy saylov komissiyasining 2023-yil 20-iyun kundagi majlisi toʻgʻrisida axborot

20.06.2023

3291

msk_yangiliklari_in

2023-yil 20-iyun kuni Markaziy saylov komissiyasining majlisida saylovchilarning muddatidan oldin ovoz berishini tashkil etish, Prezidenti saylovini oʻtkazish davrida jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini taʼminlash, saylovga tayyorgarlik koʻrish davrida Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaatlar, Prezident saylovida xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilar va OAV vakillarini akkreditatsiya qilish, saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish yuzasidan ayrim okrug saylov komissiyalari raislarining axborotiga doir masalalar koʻrib chiqildi.

Majlisda Saylov kodeksiga binoan muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kuni oʻz yashash joyida boʻlish imkoniyatiga ega boʻlmagan saylovchilar uchun saylov uchastkalarida muddatidan oldin ovoz berish oʻtkazilishi yuzasidan qaror qabul qilindi. Unga koʻra, muddatidan oldin ovoz berish 2023-yil 28-iyun kuni boshlanib 2023-yil 5-iyul kuni yakunlanishi belgilandi va saylov uchastkasida muddatidan oldin ovoz berish vaqti ish kunlari soat 9:00 dan soat 18:00 ga qadar, dam olish va bayram kunlari soat 11:00 dan soat 17:00 ga qadar davom etishi qayd etib oʻtildi.

Shuningdek, Prezident saylovini oʻtkazish davrida jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini taʼminlash yuzasidan chora-tadbirlar muhokama qilindi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya va Favqulodda vaziyatlar vazirligi boʻlinmalarining bu yoʻnalishdagi qator vazifalari belgilab berildi hamda tegishli qaror qabul qilindi.

Majlisda saylovga tayyorgarlik koʻrish davrida Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaatlar boʻyicha koʻrilgan choralar komissiya aʼzolari tomonidan muhokama etildi va qaror qabul qilindi.

Muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti saylovida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotdan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish toʻgʻrisidagi MSKning qarori bilan 51 nafar kuzatuvchi akkreditatsiyadan oʻtkazildi.

Bundan tashqari, ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan oʻtkazish yuzasidan qabul qilingan qarorga muvofiq 300 nafar mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari akkreditatsiya qilindi. Umumiy hisobda akkreditatsiyadan oʻtkazilgan mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillarining soni 854 nafarni tashkil etmoqda.

Majlis davomida muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish yuzasidan 7-Samarqand, 6-Namangan, 12-Xorazm, 5-Navoiy hamda 10-Toshkent viloyat okrug saylov komissiyasi raislarining saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni yuqori tashkiliy darajada oʻtkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlari xususida axborotlari tinglandi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur