Xalqaro saylov organlari vakillari bo‘lib o‘tgan saylov jarayonlarini yuqori baholashdi

28.10.2024

2130

msk_yangiliklari_in

Joriy yil 27-oktabr kuni mamlakatimizda yirik siyosiy tadbir – Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovlari bo‘lib o‘tdi. Yangilangan saylov qonunchiligi bo‘yicha o‘tkazilgan bu yilgi davlat vakillik organlari saylovlari xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar, saylov organlari tomonidan katta qiziqish bilan kuzatib borildi. Saylovlarni kuzatishda jami 851 nafar xalqaro va xorijiy kuzatuvchilar ishtirok etdi.

 

Bugun 28-oktabr kuni saylovlarni kuzatishda ishtirok etgan qator saylov organlarining vakillari Komissiya Raisi Z.Nizamxodjayev bilan uchrashdi.

 

Qizg‘in va taassurotlarga boy tarzda o‘tgan uchrashuvlar AQSHning Saylovga ko‘maklashish komissiyasi a’zosi Kristi Makkornik, Malayziya parlamenti Senati raisi o‘rinbosari Nur Jazlan Bin Mohamed, Mo‘g‘uliston Umumiy saylov komissiyasi raisi Purveye Delgernarn boshchiligidagi delegatsiya vakillari ishtirokida bo‘ldi.

 

Ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda ilk bor Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saylovlari aralash saylov tizimi, ya’ni majoritar-proporsional tizim asosida o‘tkazildi, saylov jarayoniga zamonaviy axborot kommunikatsion texnologiyalar joriy qilindi. Xususan “E-Saylov” axborot tizimi, uning afzalliklari va imkoniyatlari, shuningdek birinchi marotaba saylovlarda elektron ovoz berish qurilmasi sinovdan o‘tkazilganligi qayd etib o‘tildi.

 

Saylov kampaniyasi tadbirlari Saylov kodeksi talablari va demokratik prinsiplarga muvofiq amalga oshirilishi uchun barcha zarur choralar ko‘rilganligi va saylov komissiyalari a’zolarining saylov qonunchiligi haqidagi nazariy bilimlari va amaliy tajribasini oshirish borasida qilingan ishlar haqida ham ma’lumotlar berildi.

 

O‘z o‘rnida saylov organlari vakillari saylovga oid jarayonlar, saylov uchastkalaridagi kuzatuvlari yuzasidan fikr mulohazalarini bildirar ekan siyosiy tadbir yuqori darajada, xalqaro standartlarga muvofiq, hatto hozirgi kunda ko‘plab davlatlarda uchramaydigan yangiliklarga boy tarzda o‘tganligini e’tirof etishdi.

Xususan, AQSHning Saylovga ko‘maklashish komissiyasi a’zosi Kristi Makkornik respublikaning turli hududlarida bo‘lib saylov uchastkalaridagi jarayonlar bilan tanishish chog‘ida saylov komissiyalari a’zolarining professionalligiga, saylovchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar va tashkiliy ishlar yuqori darajada ekanligiga guvoh bo‘lganligini, shuningdek, saylov jarayonlariga tatbiq qilingan elektron ovoz berish qurilmalari ko‘plab byurokratik to‘siqlarga yechim bo‘lish bilan birga saylov organi ishini osonlashtirishga xizmat qilgani, saylovchilarga qulaylik yaratishda ham muhim ahamiyat kasb etganligini ta’kidlab o‘tdi.

Malayziya parlamenti Senati raisi o‘rinbosari Nur Jazlan Bin Mohamed: -“Respublikaning Samarqand va Buxoro viloyatlarida bo‘lib hududiy saylov uchastkalarida tashkil qilingan jarayonlar bilan yaqindan tanishdim. Shuni alohida e’tirof etishim joiz, saylovchilar erkin va saylov huquqlaridan to‘la foydalangan xolda ovoz berishlari uchun barcha sharoit hamda imkoniyatlar yaratilgan. Bundan tashqari, saylov jarayonlarini raqamlashtirish va elektronlashtirish bilan O‘zbekiston saylovlar sohasida yetakchi mamlakatlar qatoridan o‘rin olib borayotgani meni juda quvontirdi. Men o‘ylaymanki, Malayziya davlati ham bu yo‘nalishda O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi bilan tajriba almashish va hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor.”

 

 

Shuningdek, Mo‘g‘uliston Buyuk Davlat Xurali hamda Mo‘g‘uliston – O‘zbekiston parlamentlararo hamkorlik guruhi a’zosi Uyangaxishig Gonchigdorj yangi saylov qonunchiligi asosida bo‘lib o‘tgan saylovlar yuqori tashkiliy darajada, ochiq-oshkoralikni ta’minlashda ko‘rilgan choralar umume’tirof etilgan standartlarga mos tarzda amalga oshirilganligini ta’kidladi.

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur