Hindiston saylov komissiyasining taklifiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari B. Kuchkarov boshchiligidagi delegatsiya 2024-yil 23-24-yanvar kunlari Hindistonning Nyu-Dehli shahrida "2024-yil: Global saylovlar yili – demokratik makonlarni mustahkamlash. Saylov organlari uchun xulosalar”, shuningdek Milliy saylovchilar kuniga bag‘ishlangan tadbirlarda ishtirok etdi.
Tadbir Hindiston Saylov komissiyasi, Hindiston Saylov komissiyasining Xalqaro demokratiya va saylovlarni boshqarish instituti va Butunjahon Saylov Organlari Assotsiatsiyasining (A-WEB) Hindistondagi markazi tomonidan tashkil etildi.
Konferensiyada dunyoning 13 ta mamlakatidan 30 dan ortiq saylov organlari vakillari, shuningdek, Butunjahon Saylov Organlari Assotsiatsiyasi, Xalqaro saylov tizimlari jamg‘armasi (IFES), Xalqaro demokratiya va saylovga ko‘maklashish instituti (International IDEA) kabi xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Xalqaro konferensiyaning asosiy maqsadi – saylovlar istiqbolini hisobga olgan holda saylovlarni boshqarishning hozirgi holatining asosiy yo‘nalishlarini muhokama qilish.
2024-yil ko‘plab voqealarga boy bo‘ldi, saylovlar dunyoning 70 dan ortiq mamlakatlarida bo‘lib o‘tdi. Bundan tashqari Yevropa Ittifoqining 27 a’zosi ham Yevropa Ittifoqi parlament saylovlarida ovoz berdi. Saylovlarni o‘tkazgan mamlakatlarning umumiy aholisi taxminan 4 milliard kishini yoki hozirgi dunyo aholisining yarmini tashkil etdi. International-IDEA tashkilotining “2024-yil Global saylovlar davri” ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu saylovlarda jami 3 milliardlik saylovchilar orasidan 1,6 milliard saylov byulletenlari topshirilgan.
Ikki kun davom etgan konferensiyada oltita sessiya bo‘lib o‘tdi, ular saylov jarayonining turli jihatlariga, xususan, saylov yili sifatida 2024-yilning asosiy xulosalari, saylovlarni boshqarishda texnologiyalarning o‘rni, ularning afzalliklari va muammolari, ijtimoiy media platformalarining saylov jarayoniga va saylovlarni boshqarishga ta’siri, saylov jarayonining inklyuzivligi va ochiqligini ta’minlash, saylov jarayonida ishtirokchilarning salohiyatini oshirish va o‘qitish, xalqaro hamkorlik, shuningdek, saylov jarayonining istiqbollariga bag‘ishlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari B. Kuchkarov 2024-yilning asosiy yakunlariga bag‘ishlangan birinchi sessiyada taqdimot bilan chiqish qildi. Ushbu taqdimot davomida konferensiya ishtirokchilari 2024-yil 27-oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga bo‘lib o‘tgan saylovlar, O‘zbekiston saylov qonunchiligidagi islohotlarning muhim jihatlari, O‘zbekiston saylov qonunchiligiga raqamli texnologiyalarni joriy etilganligi, shu jumladan “E-saylov” axborot tizimi va elektron ovoz berish mashinalaridan tajriba-sinov tariqasida foydalanilganligi haqida batafsil ma’lumot oldilar.
Konferensiya ishtirokchilari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan saylov islohotlariga yuqori baho berib, ayol nomzodlar uchun kvotalar oshirilgani va saylov jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etilganini ijobiy qayd etdi.
Konferensiya doirasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari B. Kuchkarov Hindiston saylov komissiyasining Bosh komissari R. Kumar bilan uchrashdi. Uchrashuvda tomonlar o‘zaro munosabatlarning holatini ijobiy baholab, ikki mamlakat saylov organlari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishning istiqbolli jihatlarini muhokama qilidilar.
Shuningdek, konferensiya davomida O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi delegatsiyasi a’zolari boshqa mamlakatlardagi hamkasblari, xalqaro tashkilotlar vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.
25-yanvar kuni delegatsiya a’zolari Milliy saylovchilar kuniga bag‘ishlangan tadbirlarda ishtirok etishdi.
Markaziy saylov komissiyasi