Aziz yurtdoshlar!
Muhtaram ustozlar!
Markaziy saylov komissiyasi jamoasi nomidan barchangizni xalqimizning sevimli bayrami 1-oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin dildan, samimiy tabriklayman.
Yangi O‘zbekistonda o‘qituvchi va murabbiylarning jamiyatimiz hayotidagi o‘rni va ta’sirini kuchaytirish, ta’lim tizimini zamon talablari asosida tashkil etish borasidagi ishlarning ko‘lami tobora kengayib, samaralari yuksalib bormoqda.
Shu yil 15-sentyabr kuni davlatimiz rahbarining o‘qituvchi va murabbiylar bilan o‘tkazgan muloqti chog‘ida ta’kidlanganidek, mamlakatimizda o‘z umrini yosh avlodga ta’lim va tarbiya berishdek dunyodagi eng ulug‘ ishga bag‘ishlab kelayotgan barcha muallim, professor va o‘qituvchilar – pedagoglar jamoasi bir milliondan oshdi.
Bunday yuksalishni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlarga 2024-yilning 27-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarda deputatlik mandatiga ega bo‘lgan yurtdoshlarimiz orasida ta’lim-tarbiya, ilm-fan sohalarining jonkuyar vakillari – pedagoglar soni-salmog‘i eng yuqori ekanida ham ko‘rish mumkin. Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining qariyb 19 foizi, Senat a’zolarining 26,6 foizi, mahalliy kengashlar deputatlarining 36,2 foizi pedagoglardir.
Mamlakatimizdagi fidoiy o‘qituvchilar va murabbiylarni, barcha yurtdoshlarimizni ushbu shodiyona kun – 1-oktyabr bayrami bilan chin dildan muborakbod etish bizga alohida mamnuniyat bag‘ishlaydi.
Eng avvalo, ona O‘zbekistonimizdan tinchlik-xotirjamlik, osoyishtalik va farovonlik, ustozlarimizning, barcha yurtdoshlarimizning hayotidan, xonadonidan hech qachon fayzu baraka, quvonch arimasin. Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi, yoshlar ta’lim-tarbiyasi yo‘lida olib borayotgan ibratli faoliyatingizda yuksak muvaffaqiyatlar va omadlar yor bo‘lishini tilaymiz.
Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz ustozlar!
Zayniddin NIZAMXODJAYEV,
O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasi
Raisi, O‘zbekiston Qahramoni,
O‘zbekiston Respublikasida
xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi