Aziz yurtdoshlar!
Muhtaram ustozlar!
Markaziy saylov komissiyasi jamoasi nomidan barchangizni xalqimizning sevimli bayrami 1-oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin dildan, samimiy tabriklaymiz.
Mamlakatimizda saylovlar va referendumlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni yuksak tashkiliy darajada o‘tkazishdek g‘oyat mas’uliyatli jarayonda pedagoglar doim faollik ko‘rsatib kelayotganini minnatdorlik bilan qayd etish bizga alohida mamnuniyat bag‘ishlaydi. Ularni yurtimiz milliy saylov tizimining ishonchli hamkorlari deb bilamiz.
Yangi O‘zbekistonda o‘qituvchi va murabbiylarning jamiyatimiz hayotidagi o‘rni va ta’sirini kuchaytirish, ta’lim tizimini zamon talablari asosida tashkil etishga doir ishlarning ko‘lami tobora kengayib, samaralari yuksalib borayotganiga xalqimiz o‘zi guvoh bo‘lib turibdi.
Darhaqiqat, farzandlarimiz qalbiga ilm-fan ziyosini singdirib, ularni el-yurtga munosib insonlar etib tarbiyalayotgan zahmatkash va oliyjanob ustozlarimizni har qancha ulug‘lasak, arziydi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, «dunyoda isbot talab qilmaydigan bir haqiqat bor: har qanday mamlakat taraqqiyoti sog‘lom va bilimli avlodga bog‘liq».
Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida sog‘lom, bilimli, teran fikrli, vatanparvar yoshlarni tarbiyalashga yuksak e’tibor qaratilayotgani, Uchinchi Renessans poydevori sifatli ta’lim-tarbiya deb tanlanganida ham ana shunday ezgu orzu mujassam.
Mustaqil O‘zbekistonimiz taraqqiyotning mutlaqo yangi davriga qadam qo‘ymoqda. Kelgusi o‘n yillik – xalqimiz uchun milliy yuksalish davri bo‘ladi.
Shu maqsadda istiqbolda inson qadrini yanada yuksaltirishga qaratilgan yettita milliy dasturni amalga oshirish belgilab berildi. Bu milliy dasturlarning eng birinchisi bilim va malakani kelgusi taraqqiyotimizning asosiy kapitaliga aylantirishdan iborat bo‘ladi.
Fidoyi o‘qituvchilar va murabbiylarni, barcha yurtdoshlarimizni xalqimizning sevimli bayrami – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan yana bir bor chin dildan tabriklaymiz. Barchangizning hayotingizdan, xonadoningizdan hech qachon fayz-u baraka, quvonch va kitob arimasin. Barchamizga ustozlarimizga va murabbiylarimizga munosib shogird bo‘lib yashash va mehnat qilish baxti nasib etsin!
Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz ustozlar!
O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasi