YXHT DIIHB EHTIYOJLARNI BAHOLASH MISSIYASI TASHRIFI

23.01.2024

2293

msk_yangiliklari_in

Joriy yil 9-iyul kuni mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi munosabati bilan 17-may kuni YXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining Ehtiyojlarni baholash missiyasi saylovga tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida Missiya vakillari YXHT DIIHB Saylov departamenti rahbari Megan Fisdjerald hamda saylovlar bo‘yicha maslahatchisi Kseniya Dashutsina Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizamxodjayev bilan uchrashdi.

 

Uchrashuvda Missiya vakillariga muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish yuzasidan milliy saylov qonunchiligi va tasdiqlangan Kalendar reja asosida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida batafsil maʼlumot berildi.

Shuningdek, muloqot davomida DIIHB saylovlarni kuzatish missiyalarining O‘zbekistonda o‘tkazilgan saylovlar natijalari bo‘yicha yakuniy xulosalarida keltirilgan tavsiyalarni milliy saylov qonunchiligi va amaliyotiga implementatsiya qilish, saylovlarga oid huquqiy bazani takomillashtirish borasida, shu jumladan Konstitutsiyaviy islohotlar doirasida amalga oshirilgan ishlarga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

YXHT DIIHB metodologiyasi bo‘yicha Ehtiyojlarni baholash missiyasi tomonidan baholash muayyan saylov oldidan amalga oshiriladi va saylovoldi holatiga beriladigan baho hamda milliy saylov qonunchiligining umumeʼtirof etilgan xalqaro saylov standartlariga mosligi natijalaridan kelib chiqib, saylovni kuzatishning maqsadga muvofiqligi, kuzatish shakli, muddati va kuzatuvchilarning zaruriy soni haqida qaror qabul qilinadi.

Ehtiyojlarni baholash missiyasi vakillari yurtimizda saylov tartib-tamoyillarining takomillashtirilishi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni qo‘llab-quvvatlashini maʼlum qildi hamda bo‘lajak saylovlarning umumeʼtirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillar asosida, yuqori tashkiliy darajada o‘tishiga ishonch bildirdi.

 

Tashrif doirasida Missiya vakillari qator vazirlik va idoralar, siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashishni rejalashtirgan.