SAYLOVCHILARNING YAGONA ELEKTRON RO‘YXATI - QANDAY SHAKLLANTIRILADI VA QANDAY FOYDALANILADI?

19.06.2024

4189

msk_yangiliklari_in

O‘zbekiston Respublikasi Saylov Kodeksining qabul qilinishi mamlakatimiz saylov amaliyotida tom ma’noda tub burilish yasadi. Bunga yaqqol misol sifatida saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini tashkil etilganligini aytish mumkin.

 

Saylov Kodeksining 28-moddasiga muvofiq  saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati vakolatli davlat organlarining axborot bazalariga muvofiq saylovchi fuqarolar, ularning doimiy va vaqtincha yashash joylari manzillari haqidagi axborotni o‘z ichiga olgan davlat axborot resursidir.

 

Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati vakolatli davlat organlari tomonidan taqdim etiladigan axborot negizida shakllantiriladi va yangilab turiladi, saylov kampaniyasi davrida esa tegishli uchastka saylov komissiyalari tomonidan aniqlashtiriladi.

 

Har bir uchastka saylov komissiyasi tuzilganidan keyin uch kun ichida Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatida taqsimlangan mazkur uchastka saylovchilarining dastlabki ro‘yxatini oladi.

 

Uchastka saylov komissiyasi saylovchilarning dastlabki ro‘yxatini olganidan keyin uni mazkur uchastka hududida yashovchi aholini uyma-uy aylanib chiqish yo‘li bilan aniqlashtirish choralarini ko‘radi.

 

Uchastka saylov komissiyasi saylovchilar ro‘yxatini aniqlashtirish bo‘yicha ishda ishtirok etish uchun jamoatchilik vakillarini jalb etishi mumkin. Tumanlar va shaharlar hokimliklari saylovchilarning ro‘yxatlarini aniqlashtirish ishlariga ko‘maklashadi.

 

Saylov komissiyalari aholini uyma-uy aylanib chiqish natijalari bo‘yicha saylovchining Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatidagi familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi va yashash joyi manziliga oid tuzatishlar qilib, saylovchilar ro‘yxatlariga o‘zgartishlar kiritishi mumkin.

 

Saylovchilarning ro‘yxati har bir saylov uchastkasi bo‘yicha uchastka saylov komissiyasi tomonidan tuziladi hamda uning raisi va kotibi tomonidan imzolanadi.

 

Saylov kuni saylov uchastkalarida Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatidan olingan saylovchilar ro‘yxatlaridan foydalaniladi.

 

Yuqori migratsiya sharoitida saylovchining tegishli saylov okrugiga biriktirish va “Bir saylovchi – bir ovoz” qoidasini amalda qo‘llashni ta’minlovchi tizimni yaratish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, bunday tizim fuqarolarning davlat va jamiyatni boshqarishda o‘zi saylagan vakillari orqali ishtirok etish va saylovlarda qatnashishga oid muhim siyosiy huquqlarini cheklashga olib kelmasligi kerak. Zero bunday huquq Konstitutsiyada mustahkamlangan bo‘lib, o‘rnatiladigan cheklovga nisbatan ustuvorlikka ega[1].

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-oktyabrdagi PQ–3961-son qaroriga binoan mamlakatimizda saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish borasida Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi ishlab chiqilgan edi.

 

Mazkur axborot resursi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining “XATLOV 1.0.3” va “Manzil” bazasidagi ma’lumotlar yashash manzilida ro‘yxatda bo‘lmagan va vafot etgan fuqarolarni chiqarib tashlash, shuningdek, amalda yashab turgan, lekin ma’lumotlar bazasida bo‘lmagan fuqarolarni bazaga kiritilishi orqali yangilanib boriladi.

 

Shuningdek, Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi bilan birgalikda “XATLOV 1.0.3” va “Manzil” bazasidagi ma’lumotlarni Ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reyestri va Ko‘chmas mulk obyektlari manzillari yagona reyestridagi ma’lumotlar bilan solishtirish va bazadagi ma’lumotlarni dolzarblashtirish asosida Davlat personallashtirish markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Saylovchilarining yagona elektron ro‘yxati shakllantiriladi.

 

Saylovchilar yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish borasida tegishli vazirlik va idoralarning mas’ul xodimlari bilan 2018-yilning noyabr oyidan 2019-yilning apreliga qadar uyma-uy yurib 33,0 milliondan ziyod fuqaro xatlovi o‘tkazilgan bo‘lib, fuqarolarning pasport ma’lumotlari 7,0 millionga yaqin ko‘chmas mulk obyektining kadastr raqamlariga bog‘lab chiqilgan. Natijada 20,5 milliondan ziyod saylovchining yagona elektron ro‘yxati shakllantirilib avtomatik ravishda 10260 ta saylov uchastkalariga taqsimlangan edi[2].

 

Ushbu ko‘rsatkichni qiyoslaganda, 2021-yilda o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik davomida 21.266.011 nafar saylovchi ro‘yxatga olinib, saylov uchastkalari soni 10761 tani tashkil etdi.

 

Saylov jarayoniga taalluqli idoraviy axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalari o‘zaro integratsiyalanadi, shuningdek real vaqt rejimida aktuallashtirib boriladi.

 

Saylovchilar yagona elektron ro‘yxatini yangilash maqsadida Operatorga jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining pasporti seriyasi va raqamini,  O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining pasportida o‘zbek va ingliz tillarida aks etgan familiyasi, ismi va otasining ismini,  O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining pasporti bo‘yicha tug‘ilgan kuni, oyi va yili ko‘rsatilgan holda, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining yashash joyi manzillari kadastr raqamlariga muvofiq holda saylovchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ro‘yxat va jadval asosida ko‘rsatgan holda elektron shaklda taqdim etiladi.

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, viloyat, Toshkent shahar, okrug va uchastka saylov komissiyalari Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimidagi tegishli hudud bo‘yicha Saylovchilar yagona elektron ro‘yxatidan foydalanish imkoniyatiga egadirlar.

 

Markaziy saylov komissiyasi va tegishli saylov komissiyalarining Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimidan foydalanish imkoniyatlari “Elektron hukumat” tizimining ma’lumotlar uzatish tarmog‘i orqali amalga oshiriladi.

 

Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimida tegishli saylov komissiyasi a’zosi yoki mas’ul xodimlari saylovchilarni aniqlash, lozim holda ma’lumotlarga o‘zgartirish yoki qo‘shimcha kiritish, saylovchilar ro‘yxatini qog‘ozga chop etishda identifikatsiya axborot tizimi orqali foydalanadilar. 

 

Yana bir muhim tomoni saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati  saylov kampaniyasi davrida tegishli uchastka saylov komissiyalari tomonidan aniqlashtiriladi.

 

Xalqaro tajribada saylovchilar registri degan tushuncha ham yuritiladi – bu ma’lum bir saylovda ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan barcha saylovchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar to‘plamini nazarda tutadi. Registr termini bir necha saylov uchastkalarini o‘z ichiga olgan ma’muriy birliklarni nazarda tutadi[3].

 

Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati vakolatli davlat organlari tomonidan taqdim etiladigan axborot negizida shakllantiriladi, saylovchini shaxsini tasdiqlovchi ma’lumotlar ichki ishlar vazirligi tomonidan, yashash manzili haqidagi kadastr  ma’lumotlari Kadastr xizmati tomonidan beriladi va yangilab turiladi, saylov kampaniyasi davrida esa tegishli uchastka saylov komissiyalari tomonidan aniqlashtiriladi.

 

Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi orqali xavfsiz aloqa kanallari bo‘yicha idoraviy axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalari bilan integratsiyalash orqali Saylovchilar yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish jarayoni avtomatlashtiriladi, saylovchilar yagona elektron ro‘yxatiga tuzatish kiritish imkoniyati bilan saylov uchastkalari bo‘yicha saylovchilarni taqsimlash vositalari taqdim etiladi, shuningdek, saylovchilarga o‘z saylov uchastkalariga oid axborotlar bilan tanishishga va saylov uchastkasini o‘zgartirishga so‘rovnoma yuborish imkoni yaratiladi.

 

Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi Saylovchilar yagona elektron ro‘yxatida saqlanadigan ma’lumotlardan foydalanuvchilarning foydalanish va saylov uchastkalari bo‘yicha ro‘yxatlarga tuzatish kiritish huquqlarini taqsimlaydi.

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, viloyat va Toshkent shahar saylov komissiyalari huzurida tashkil etilgan ishchi guruhlariga uchastka saylov komissiyasi tomonidan tegishli hududda yashovchi saylovchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning to‘g‘riligini xonadonma-xonadon aylanib chiqish jarayonida aniqlangan saylovchilar ro‘yxatdagi kamchiliklarni, noaniqliklarni bartaraf etish uchun Saylovchilarni yagona elektron ro‘yxatiga o‘zgartirish kiritish va uni yuklab olish imkoniyati yaratiladi.

 

Saylov kuniga qadar yoki saylov kuni o‘n sakkiz yoshga to‘lgan saylovchilar saylovchilar yagona elektron ro‘yxatiga kiritiladi.

 

Davlat organlari  Davlat personallashtirish markaziga tegishli elektron shaklda ma’lumotlarni taqdim etadi.

 

 Har bir uchastka saylov komissiyasi tuzilganidan keyin uch kun ichida okrug saylov komissiyasi kompyuteridan Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatida taqsimlangan mazkur uchastka saylovchilarining dastlabki ro‘yxatini oladi. 

 

Saylovchilar ro‘yxati - saylovchilar registridan farqli o‘laroq ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan va ma’lum bir saylov uchastkasiga kiritilgan barcha saylovchilar yozilgan ma’lumotlar to‘plamidir[4].

 

Saylov kampaniyasi davrida ushbu ma’lumotlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov okruglari tuzilgandan so‘ng okruglar bo‘yicha, okrug saylov komissiyalari tomonidan saylov uchastkalari tuzilgandan so‘ng saylov uchastkalari bo‘yicha taqsimlanadi. Bunday taqsimotni amalga oshirish davomida muayyan hududlar, ulardagi saylovchilar soni avtomatik ravishda taqsimlanadi. Bunda bir saylov uchastkasidagi saylovchilar soni 20 tadan kam bo‘lmagan va 3000 tadan oshmagan holda belgilanadi.

 

Okrug saylov komissiyasi Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimida ishlashga mas’ul a’zosi mazkur tizimga kirish huquqini uchastka saylov komissiyasi a’zosiga taqdim qiladi.

 

 Uchastka saylov komissiyasi o‘z  hududiga tegishli taqsimlangan ro‘yxatni olgach, saylov uchastkasidagi ko‘chalar, ko‘p qavatli uylar bo‘yicha  uyma-uy yurib ro‘yxatga aniqlik kiritadi. Bunda ushbu ro‘yxatga kiritilgan barcha saylovchilarning shaxsiy ma’lumotlari va yashash manzillari to‘g‘ri kiritilganligi o‘rganiladi.

 

Zaruriyatiga ko‘ra ichki ishlar, kadastr idoralari bilan hamkorlikda ro‘yxatdagi nomuvofiqliklar bartaraf etiladi. 

 

Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati okrug saylov komissiyasi tomonidan Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi orqali saylov uchastkalari bo‘yicha taqsimlangandan so‘ng ham saylovchilar ro‘yxatida o‘zgarishlar kuzatiladi.

 

Shuni alohida ta’kidlash joizki, muddatidan oldin ovoz bergan saylovchilar haqidagi ma’lumotlar Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimiga uchastka saylov komissiyalari tomonidan kiritiladi, aynan shu amaliyot saylovchini boshqa saylov uchastkasida ikkinchi marta ovoz berishini oldini olishga xizmat qiladi.

 

Saylovchilar ro‘yxatida xato va noaniqliklar aniqlangan taqdirda har bir fuqaro uchastka saylov komissiyasiga murojaat etishga haqli. Uchastka saylov komissiyasi saylovchilar ro‘yxatiga kiritilmaganligi, noto‘g‘ri kiritilganligi yoki ro‘yxatdan chiqarib tashlanishi, shuningdek ro‘yxatda saylovchi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishida yo‘l qo‘yilgan noaniqliklar  shikoyatlarni o‘rganib chiqib, belgilangan tartibda saylovchini saylov huquqini ta’minlash choralarini ko‘radi.

 

Xulosa qilib aytganda, Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati saylov jarayonida “bir saylovchi-bir ovoz” tamoyilini amalga oshirish hamda saylovchilarning ovoz berishi haqidagi ma’lumotlarni tezkorlik bilan yuritishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

 

 

Bahodirjon Yunusov

Markaziy saylov komissiyasi a’zosi

 

[1] Markaziy Saylov komissiyasining 2020-yil 28-oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining “Saylov – 2019: yutuqlar, muammolar, takliflar” yakuniy axboroti to‘g‘risida”gi 1040-sonli qarori

[2] Markaziy Saylov komissiyasining 2020-yil 28-oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining “Saylov – 2019: yutuqlar, muammolar, takliflar” yakuniy axboroti to‘g‘risida”gi 1040-sonli qarorining 1-ilovasi 18-bet

[3] Saylovchilarni ro‘yxatga olishni kuzatish bo‘yicha qo‘llanma. YEXHT DIIHB tomonidan nashr qilingan. Ul.Miodowa 10,00-251 Varshava. Polsha.-15-bet.www.osce.org/odihr

[4] Saylovchilarni ro‘yxatga olishni kuzatish bo‘yicha qo‘llanma. YEXHT DIIHB tomonidan nashr qilingan. Ul.Miodowa 10,00-251 Varshava. Polsha.-15-bet.www.osce.org/odihr

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur