QADIMDA SAYLOVLAR QANDAY O‘TKAZILGAN?

14.06.2024

1728

msk_yangiliklari_in

Demokratiya va zamonaviy saylovlar vatani hisoblangan, qadimiy Yunoniston va Rimda saylovlar qay tarzda o‘tkazilgan? Xalqning xohish istagi inobatga olinganmi yoxud barchasi yuqori amaldorlar qo‘lida bo‘lganmi? Ushbu savollarga javob berishga harakat qilamiz.

 

Qadimiy davrlarda insonlar o‘z yetakchilarini ovoz berish orqali aniqlagan. Umumxalq kengashlarida xalq o‘z yetakchilarini saylagan. Shu tariqa hukmronlikning dastlabki ko‘rinishlari shakllangan. Bu esa ibtidoiy davrning o‘ziga xos demokratiyasi edi.

 

Bugungi barcha demokratik davlatlarda o‘tkaziladigan saylovlar uzoq tarixga ega. Zamonaviy saylovlar tarixi, mamlakatning siyosiy hayotiga o‘z hissasini qo‘shgan va xalq yig‘ilishlarida barcha ozod fuqarolar ishtirok etgan. Qadimgi Yunoniston va Rimda saylovlarda xalq istagi mamlakat qonunchiligining asosini tashkil qilgan.

 

Yunonistonda ochiq ovoz berish va qur’a tashlash yordamida maxfiy ovoz berish usuli qo‘llanilgan. Saylov “varaqasi” vazifasini loviya doni bajargan: oq rangli loviya “ijobiy” javobni, qora rangli loviya “salbiy” (qarshi) javobni bildirgan.

 

Qadimiy Afinada yana bir maxfiy ovoz berish usuli mavjud bo‘lgan. Unga ko‘ra, faoliyati davomida demokratiya asoslariga xavf solinishi ehtimoli kuzatilayotgan davlat arbobini xalq mamlakatdan tashqariga quvg‘in qilish huquqiga ega bo‘lgan. Quvg‘in bo‘yicha ovoz berish jarayonida ishtirok etayotgan fuqaroga sopoldan yasalgan buyum taqdim etilgan. Fuqaro Afinadan quvg‘in qilinishi kerak bo‘lgan odamning ismini sopol buyumga yozgan va buyumni shahar maydonida tashkil etilib, qo‘riqlanadigan maxsus joyda qoldirgan. Qaysi davlat arbobining nomzodi ko‘p ovoz olsa, o‘sha shaxs quvg‘in qilingan.

 

Qadimiy Rimda saylovoldi tadbirlari saylovlar o‘tkazilishidan ancha ilgari boshlangan. Nomzod hukumat a’zolariga saylovlarda ishtirok etishi to‘g‘risidagi xohishini bildirgan. Shundan so‘ng saylovoldi tadbirlari boshlangan. Saylovoldi tadbirlari quyidagicha o‘tkazilgan: nomzod oq libos kiyib (oq rangli libos nomzodning xalq oldida vijdoni toza ekanligini anglatgan), saylovchilardan unga ovoz berishlarini va qo‘llab-quvvatlashlarini so‘rab, bozor va maydonlarga yo‘l o‘lgan. Saylov kuni saylovchilar maxsus taxtachalarga o‘zlari ovoz bergan nomzod ismini yozib katta savatga tashlagan.

 

Yunonlarning erkin jamiyat, tenglik kabi qarashlari (miloddan avvalgi V - I asrlarda) keyinchalik Rim imperiyasi tomonidan ham faol tatbiq etilgan. Mamlakat mustaqilligining asosi o‘z xohish istaklarini xalq kengashlarida bayon etib keladigan xalq hisoblangan. Xalq kengashlarida qonunlar qabul qilingan va bekor qilingan, tinchlik bitimlari tuzilgan hamda urushlar e’lon qilingan, xalq vakillari, din arboblari saylangan, chiqarilgan sud hukmlari muhokama qilingan, mamlakat hayotiga oid eng muhim qarorlar qabul qilingan.

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur