№ 989 XORIJDA ISTIQOMAT QILAYOTGAN OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI FUQAROLARINING SAYLOVGA OID HUQUQLARINI TAʼMINLASH YUZASIDAN QOʻSHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA

O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasining
qarori

№ 989 2019-yil 26-noyabr

Xorijda istiqomat qilayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining saylovga oid huquqlarini ta’minlash yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan xorijda istiqomat qilayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining saylovga oid huquqlarini to‘liq ta’minlashga doir tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari huzurida 55 ta saylov uchastkalari tashkil etildi va ular Toshkent shahrida tuzilgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazuvchi 12 ta saylov okruglariga biriktirildi. O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari huzurida saylov uchastkalarini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanib, xorijiy davlatlarda istiqomat qilayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining saylovga oid huquqlarini to‘laqonli ro‘yobga chiqarishning huquqiy asoslari yaratildi. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining rasmiy veb-sayti orqali xorijda yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini saylovchilar ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risida elektron shaklda murojaat qilish imkoniyati yaratildi. Xorijda yashayotgan fuqarolarning saylovga oid bilimlarini oshirish uchun “Saylov 2019” mobil ilovasi, saylovchilarga ularning so‘rovlari asosida qo‘shimcha axborot berish maqsadida Markaziy saylov komissiyasining “Ishonch telefoni” (+99855-502-44-44) ishga tushirildi. O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14 va 16-moddalariga muvofiq hamda xorijda istiqomat qilayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining saylovga oid huquqlarini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi

QAROR QILADI:

1. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri A.Kamilovning xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalarda saylovlarni tashkil etish borasida amalga oshirilgan ishlar haqidagi axboroti ma’lumot uchun qabul qilinsin. 2. Xorijiy davlatlardagi O‘zbekiston Respublikasining diplomatik va boshqa vakolatxonalarida 2019-yil 22-dekabrda bo‘ladigan saylovlarni samarali tashkil etish bo‘yicha Harakatlar rejasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari bilan hamkorlikda xorijiy davlatlarga chiqib ketgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining ro‘yxatini aniqlashtirsin hamda ushbu ma’lumotlarni Tashqi ishlar vazirligi va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga taqdim qilsin. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi xorijiy davlatlarga chiqib ketgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari to‘g‘risidagi ma’lumotlar asosida “Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati” axborot tizimiga tegishli tuzatishlar kiritsin. 4. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi xorijiy davlatlarda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun muddatidan oldin va saylovchilar turgan joyda ko‘chma saylov qutilarda ovoz berishni tashkil etishga ko‘maklashish va ruxsat berish masalasida zarur hollarda xorijiy davlatlarning vakolatli davlat organlari yoki boshqa tashkilotlari bilan hamkorlik qilsin. 5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, O‘zbekiston milliy axborot agentligi, “Dunyo” axborot agentligi bilan birgalikda xorijda istiqomat qilayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining saylovga oid huquqlarini ta’minlash masalalarini ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borilishini ta’minlasin, shu jumladan xorijiy davlatlarda istiqomat qilayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini muddatidan oldin va xorijdagi saylov uchastkasi binosidan tashqarida ko‘chma saylov qutilari orqali ovoz berish tartibi to‘g‘risida ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va mobil messenjerlar orqali xabardor qilsin. 6. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyati O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda xorijiy davlatlarda tuzilgan saylov uchastkalarini saylovga oid hujjatlar, adabiyotlar va boshqa jihozlar bilan ta’minlash masalasini o‘z vaqtida hal qilsin. 7. Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinsin. 8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari M. Istamov zimmasiga yuklansin.

RaisM. Abdusalomov