№ 983 2019-yil 15-noyabr
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI ADLIYA VAZIRINING SAYLOV QONUNCHILIGI TARG‘IBOTI BORASIDA ADLIYA ORGANLARI TOMONIDAN AMALGA OSHIRILGAN ISHLAR HAQIDAGI AXBOROTI TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri R.Q. Davletovning saylov qonunchiligi targ‘iboti borasida adliya organlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi axborotini eshitib va muhokama qilib, Adliya vazirligi tomonidan bu borada muayyan ishlar amalga oshirilganini qayd etadi.
Saylovga doir qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini, shu jumladan saylovda nomzodlarga ovoz berish tartibi, saylovchilarning huquqlariga doir masalalarni tushuntirish maqsadida adliya organlari huzurida alohida targ‘ibot guruhlari tuzilgan.
Saylovga doir qonun hujjatlari mohiyatini tushuntirishga qaratilgan turli tarqatma va animatsion materiallar (infografika, videorolik, plakat, banner, flayer, bukletlar va boshqalar) tayyorlanib, targ‘ibot guruhlari hamda manfaatdor vazirlik va idoralarga yetkazilgan.
Xususan, fuqarolarni saylovlarda faol ishtirok etishga chorlovchi, ularga saylov qonunchiligini tushuntirishga doir 4 ta videorolik tayyorlanib, televideniye va ijtimoiy tarmoqlar orqali namoyish etilmoqda.
Adliya organlari tomonidan saylov qonunchiligini tushuntirish bo‘yicha joylarda 6 270 ta manzilli huquqiy targ‘ibot tadbirlari tashkil etilgan, 4 782 ta davra suhbatlari, ma’ruza va seminarlar o‘tkazilib, 48 415 nusxada buklet va flayerlar tarqatilgan.
O‘tkazilgan uchrashuvlarning 1 166 tasi mehnat jamoalarida, 2 210 tasi mahallalarda, 680 tasi ta’lim muassasalarida, 726 tasi boshqa manzillarda tashkil etilgan.
Shuningdek, 164 marotaba televideniye, 187 marotaba radio, 930 marotaba gazeta, jurnal, sayt va ijtimoiy tarmoqlarda chiqishlar tashkil etilgan.
Shuningdek, adliya organlari tomonidan Toshkent davlat yuridik universitetining professor-o‘qituvchilarini jalb qilgan holda “respublika – viloyat – tuman” prinsipida har bir vazirlik va idora tizimida saylov qonunchiligini tushuntirish bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
Adliya organlari va muassasalari tomonidan aholi o‘rtasida Saylov qonunchiligi bo‘yicha blits-so‘rovlar o‘tkazilib, natijasi hududiy telekanallar orqali muntazam namoyish etilmoqda.
Internetdagi “Huquqiy axborot” telegram kanali va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda maxsus #Saylov_2019 heshtegi bilan saylov qonunchiligini tushuntirishga doir o‘nlab ma’lumotlar va infografikalar e’lon qilingan.
Bosma va elektron nashrlarda “Saylov qonunchiligidagi yangiliklar” hamda “Sizning saylov huquqingiz” ruknlarida qisqa savol-javob shaklida materiallar va tahliliy maqolalar berib borilmoqda.
Aksariyat adliya organlari tomonidan jamoat joylarida “Saylov huquqshunosi” burchaklari, yuridik kollej o‘quvchilari o‘rtasida “Saylov bilimdonlari” ko‘rik tanlovlari tashkil etilgan.
Hududiy adliya organlari tomonidan joylarda “Saylov huquqshunosi”, “Biz saylovga tayyormiz”, “Saylovga befarq emasmiz” shiorlari ostida aksiya va fleshmoblar o‘tkazilmoqda.
Yuqorida bayon etilganlarga hamda Saylov kodeksining 16-moddasiga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi
QAROR QILADI :
1. O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri R.Q. Davletovning saylov qonunchiligi targ‘iboti borasida adliya organlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi axboroti ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (R.Davletov):
Vazirlik va idoralar, davlat qo‘mitalari, agentliklar hamda fuqarolik jamiyati institutlarining “Saylov qonunchiligi targ‘iboti” yo‘nalishidagi tadbirlari joriy yil 22-dekabrga qadar davom etishiga alohida ahamiyat qaratgan holda ularning faoliyatini muvofiqlashtirib borsin.
Manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda saylov kampaniyasi davrida “Men shaxsan ovoz beraman” mavzusida mahallalarda, tashkilotlarda huquqiy targ‘ibot tadbirlarini;
adliya organlari va muassasalari rahbarlari bilan saylov jarayonlariga oid fikr-mulohazalar aks etgan intervyu-suhbatlarni;
oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida saylov qonunchiligi, saylov jarayonlari yuzasidan huquqiy targ‘ibot tadbirlarini;
markaziy va hududiy teleradiokanallarda saylov jarayonlariga bag‘ishlangan maxsus ko‘rsatuv, eshittirish, tok-shoularni;
joylarda saylov jarayoni ishtirokchilariga saylov institutining mazmuni, saylovga doir qonun hujjatlarining mohiyatini tushuntirishga qaratilgan hududiy konferensiya, seminarlar, davra suhbatlari o‘tkazishni tashkil etsin.
Bosma va elektron ommaviy axborot vositalarida “Saylovchilarning saylovlardagi ishtiroki”, “Sizning saylov huquqingiz” ruknlarida qisqa, lo‘nda savol-javob shaklida materiallar va axborot-tahliliy maqolalar tayyorlanishi hamda chop etilishini;
joylarda aholini saylov qonunchiligi haqida keng xabardor qilishni, ularning saylov huquqlari kafolatlari ta’minlanishini nazarda tutuvchi turli xil aksiya va fleshmoblar o‘tkazilishini ta’minlasin.
3. Vazirlik va idoralar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari bir oy muddatda o‘zining tizimidagi barcha idoralarda xodimlarning saylovga doir huquqiy madaniyatini va bilimlarini oshirish maqsadida mutaxassislarni jalb qilgan holda seminarlar tashkil qilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari mavjud bo‘lgan vazirlik va idoralar bir oy muddatda oliy ta’lim muassasalaridagi talabalar va professor-o‘qituvchilar orasida milliy saylov qonunchiligining mazmun-mohiyati va ahamiyatini tushuntirishga doir seminarlar, davra suhbatlari tashkil etilishini ta’minlasin.
5. O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi hamda Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasiga jamoatchilikni saylov qonunchiligi yangiliklari bilan keng tanishtirish, saylov qonunchiligining mazmun-mohiyati va ahamiyatini, shu jumladan fuqarolar va jamoat tashkilotlarining saylov huquqlarini televideniye va radio orqali keng yoritish, shuningdek markaziy va hududiy teleradiokanallarda saylov jarayonlariga bag‘ishlangan maxsus ko‘rsatuv, eshittirish, tok-shoularni tashkil etish tavsiya etilsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (R.Davletov), vazirlik va idoralar 2019-yilning 15-dekabriga qadar ushbu Qarorning ijro etilishi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga axborot taqdim etsin.
7. Ushbu Qarorning bajarilishini nazorat qilish Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari M.Sh. Istamov zimmasiga yuklansin.
8. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
RaisM. Abdusalomov