№ 980 2019-yil 14-noyabr
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI QONUNCHILIK PALATASI DEPUTATLARI SAYLOVIGA DOIR SAYLOV BYULLETENINING SHAKLINI VA MATNINI TASDIQLASH TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14, 31 va 32 -moddalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi
QAROR QILADI:
1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputati sayloviga doir saylov byulleteni shakli 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Brayl alifbosi asosida tayyorlanadigan trafaretlarga mos kelishini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, viloyatlar va Toshkent shahar saylov komissiyasiga saylov byulletenlarining shaklini 2-ilovaga muvofiq A-4 (297x208 mm) xajmidagi, tuman va shahar saylov komissiyalariga 3-ilovaga muvofiq A-5 (148x210 mm) xajmidagi o‘lchamda tasdiqlash tavsiya etilsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputati sayloviga doir Brayl alifbosi asosida tayyorlangan trafaret 4-ilovaga muvofiq, Qoraqapog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari deputati sayloviga doir Brayl alifbosi asosida tayyorlangan trafaret 5-ilovaga muvofiq, Xalq deputatlari tuman va shahar kengashlari deputati sayloviga doir Brayl alifbosi asosida tayyorlangan trafaret 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilab qo‘yilsinki:
a) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari sayloviga doir saylov byulletenining qalinligi 80 gr/m2, oppoqligi kamida 85 foiz bo‘lgan, a’lo sifatli matbaa ofset qog‘ozida, A-4, 297x208mm o‘lchamda bosiladi;
b) saylov byulleteni shaklining matni saylov byulletenining faqat bir tomoniga bir xil (qora) rangda joylashtiriladi, bunda quyidagilar to‘q qora harflarda ajratib ko‘rsatiladi:
- saylov byulletenining nomlanishi;
- saylov okrugining nomi;
- saylov o‘tkazish sanasi;
- deputatlikka nomzodning familiyasi, ismi va otasining ismi;
- deputatlikka nomzod etib ko‘rsatgan siyosiy partiyaning nomi;
- saylov byulletenining pastki qismida katta harflar bilan joylashtirilgan ularni to‘ldirish tartibi bo‘yicha tushuntirish;
v) har bir nomzod haqidagi ma’lumotlar boshqa nomzod ma’lumotlaridan to‘q qalin chiziq bilan ajratilgan bo‘lishi kerak;
g) matbaa tashkiloti saylov byulletenlarining yaroqli yoki yaroqsizligini tekshiradi hamda ularni saylov byulletenlarini olish vakolatiga ega bo‘lgan, ularni tayyorlash uchun buyurtma bergan okrug saylov komissiyasi a’zolariga dalolatnoma asosida topshiradi, dalolatnomada uning tuzilgan sanasi va vaqti, shuningdek topshirilayotgan saylov byulletenlarining soni ko‘rsatiladi. Buyurtmaga muvofiq miqdordagi saylov byulletenlari topshirilgandan keyin matbaa tashkiloti xodimlari yaroqsiz deb topilgan va ortiqcha saylov byulletenlarini darhol yo‘q qiladilar va bu haqda dalolatnoma tuzadilar, dalolatnoma barcha hozir bo‘lganlar tomonidan imzolanadi.
5. Saylov byulletenini tayyorlashda unda quyidagi mazmundagi tushuntirishlar bo‘lishi inobatga olinsin:
“O‘zingiz yoqlab ovoz berayotgan nomzodning familiyasi ro‘parasida, o‘ng tomonda joylashgan bo‘sh kvadratga «+» yoki «» yoxud «x» belgisini qo‘ying.
Ovoz berish vaqtida bittadan ortiq kvadratga “+” yoki “” yoxud “x” belgisi qo‘yilgan yoki bitta ham kvadratga bunday belgilar qo‘yilmagan saylov byulletenlari ham haqiqiy emas deb topiladi”.
6. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputati sayloviga doir saylov byulleteni matni Markaziy saylov komissiyasining Nomzodlarni ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi qaroriga asosan alifbo tartibida joylashtirilgan holda tasdiqlansin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari:
- saylov okrugi hududida istiqomat qilayotgan ko‘pchilik aholisi so‘zlashadigan tillarda saylov byulletenlarini chop etilishini zaruriy ehtiyojni aniqlasinlar;
- saylovga oid qonun hujjatlariga muvofiq saylov byulletenlarini chop etilishi lozim bo‘lgan miqdorini belgilasinlar;
- saylov okrugi chegaralarida istiqomat qilayotgan aholining milliy mansubligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni hisobga olgan holda saylov byulletenlarini tegishli tillar bo‘yicha taqsimlasinlar;
- 2019-yil 9-dekabrga qadar uchastka saylov komissiyalariga saylov uchastkasidagi saylovchilar umumiy sonining 5 foizi miqdorida, 2019-yil 19-dekabrga qadar 95,5 foizi miqdorida saylov byulletenlarini yetkazib bersinlar.
8. Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga muvofiq:
- saylov byulletenida har bir ro‘yxatga olingan nomzod to‘g‘risidagi ma’lumotlarning o‘ng tomoniga bo‘sh katakchalar joylashtiriladi;
- uchastka saylov komissiyasi oladigan saylov byulletenlarining soni saylov uchastkasi bo‘yicha saylovchilarning ro‘yxatiga kiritilgan saylovchilar sonidan yarim foizdan ortiqroq bo‘lishi mumkin emas;
- saylov byulletenining o‘ng tomoni yuqori burchagiga uchastka saylov komissiyasining ikki a’zosi imzo qo‘yadi, imzolar uchastka saylov komissiyasining muhri bilan tasdiqlanadi;
- ovoz berish tugagach, saylov qutilarini ochishdan oldin uchastka saylov komissiyalarining a’zolari hozirligida muddatidan oldin ovoz berish saylov byulletenlari solingan yopiq konvertlar qutilarga tashlanadi;
- ovoz berish tugagach foydalanilmagan va buzib qo‘yilgan barcha saylov byulletenlari uchastka saylov komissiyasi tomonidan sanab chiqiladi va yuqori chap burchagini kesish yoki saylov byulletenining orqa tomonida tegishli belgi qo‘yish yo‘li bilan bekor qilinadi.
9. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinsin.
10. Ushbu qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari M. Istamov zimmasiga yuklansin.
RaisM. Abdusalomov