№ 977 2019-yil 12-noyabr
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI QONUNCHILIK PALATASI SAYLOVLARIDA ISHTIROK ETAYOTGAN SIYOSIY PARTIYALAR VA DEPUTATLIKKA NOMZODLARNING SAYLOVOLDI TASHVIQOTI TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 16, 44–48-moddalariga asosan saylovoldi tashviqoti davrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi saylovlarida ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarga va deputatlikka nomzodlarga teng imkoniyat va sharoitlar yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi
QAROR QILADI:
1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar deputatlari saylovi bo‘yicha siyosiy partiyalarning va deputatlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti 2019-yil 18-noyabr soat 06-00 dan boshlanishi e’lon qilinsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi saylovlarida ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarga saylovoldi tashviqoti davrida O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi kanallarida bepul ajratiladigan efir hajmi va vaqti 1-ilovaga muvofiq;
“Xalq so‘zi”, Narodnoye slovo”, “Pravda Vostoka”, “Ovozi tojik”, “Nurli jol” gazetalarida bepul ajratiladigan nashr maydoni 2 va 2a-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
3. Saylovoldi tashviqoti davrida siyosiy partiyalar vakillarining va deputatlikka nomzodlarning ommaviy axborot vositalarida chiqishlari quyidagi tartibda amalga oshirilsin:
birinchi – Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi;
ikkinchi – O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi;
uchinchi – O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi;
to‘rtinchi – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi;
beshinchi – O‘zbekiston Ekologik partiyasi.
4. Belgilansinki:
bepul ajratiladigan efir vaqti va nashr maydonidan foydalanish turlari, shakllari va usullarini siyosiy partiyalar mustaqil belgilaydilar;
siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlar bepul ajratilgan efir vaqtidan va chop etish maydonidan voz kechishga haqli.
5. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Xalq so‘zi”, Narodnoye slovo”, “Pravda Vostoka”, “Ovozi tojik”, “Nurli jol” gazetalari tahririyatlari:
siyosiy partiyalar vakillari va deputatlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti doirasida chiqishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratsin;
bepul ajratilgan efir vaqti va nashr maydoni doirasida efirga uzatilayotgan hamda chop etilayotgan saylovoldi tashviqoti materiallarini ular saylovoldi tashviqoti materiallari ekanligini qayd etib borsin.
6. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 46-moddasiga asosan davlat va nodavlat ommaviy axborot vositalarida deputatlikka nomzodlar, siyosiy partiyalarga haq evaziga efir vaqti yoki nashr maydoni ajratilishi mumkin.
Belgilab qo‘yilsinki, siyosiy partiyaga yoki deputatlikka nomzodga haq evaziga efir vaqti yoki nashr maydoni berilgan taqdirda ommaviy axborot vositalari (partiya bosma nashrlari bundan mustasno) boshqa siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarga teng va bir xil shartlarda va boshqa talablarda efir vaqti yoki bosma maydoni ajratishga tayyorligi haqida efirda yoki bosma nashrda yoxud rasmiy veb-sayti orqali xabar berishi yoki boshqacha usullarda e’lon qilishi lozim.
7. Ommaviy axborot vositalari:
barcha deputatlikka nomzodlar, siyosiy partiyalar uchun efir vaqti, nashr maydoni uchun haq to‘lashning teng va bir xil shartlarini va boshqa talablarini ta’minlasin;
axborot dasturlarida va boshqa axborot materiallarida siyosiy partiyalar, deputatlikka nomzodlarning saylovoldi tadbirlarini yoritishda teng sharoitlar yaratsin, shu jumladan davomiyligi va hajmi bo‘yicha, axborot materiallarini efirga uzatish hamda chop etishda ular ko‘proq birgalikda berilishiga e’tibor qaratsin;
saylovoldi tashviqoti borishini yoritishda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2019-yil 5-oktabrdagi 950-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari deputatligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqotini olib borish tartibi to‘g‘risidagi nizomga amal qilsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bosma va elektron ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar hamda messenjerlar tomonidan saylovoldi tashviqoti davrida siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarni yoritish jarayoni monitoringini o‘tkazsin va natijalarini bir ish kunidan kechikmay O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etib borsin.
9. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, viloyat, tuman, shahar saylov komissiyalariga 2019-yil 17-noyabrga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashlariga saylovlar bo‘yicha siyosiy partiyalarning hududiy organlari bilan kelishgan holda saylovoldi tashviqotini o‘tkazish maqsadida siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarning mahalliy davlat ommaviy axborot vositalaridan foydalanishi hajmi va vaqtini belgilash tavsiya qilinsin.
10. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining siyosiy partiyalarga saylovoldi tashviqoti materiallarini joylashtirish uchun 3 va 3a-ilovalarga muvofiq tashqi reklama vositalari va elektron monitorlarni bepul ajratish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga deputatlar saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikda tashqi reklama vositalari joylashadigan yerlarni belgilasin va saylovoldi tashviqoti materiallarini joylashtirish uchun ularni siyosiy partiyalarga teng ravishda taqdim etsin.
11. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga uchastka saylov komissiyalarini saylovoldi tashviqoti davrida uchastka hududida ko‘pchilik aholi so‘zlashadigan tilni inobatga olib, “Xalq so‘zi”, Narodnoye slovo”, “Pravda Vostoka”, “Ovozi tojik”, “Nurli jol” gazetalari bilan, siyosiy partiyalarga – siyosiy partiyalarning gazetalari bilan ta’minlash choralarini ko‘rish tavsiya etilsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 41-moddasiga asosan, 18-noyabrga qadar:
nomzodlarning saylov okrugi doirasida davlat yo‘lovchilar transportining barcha turlarida (bundan shahar yo‘lovchi transporti, taksi va boshqa transport turlarining buyurtma yo‘nalishlari mustasno) tekinga yurish;
saylov okrugidan tashqarida yashovchi deputatlikka nomzodlarning saylov okrugiga borish va yashash joyiga qaytish uchun ularda tekinga yurish huquqlarini ta’minlashga doir zarur choralarni ko‘rsin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiyasi siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarni saylovoldi tashviqoti tadbirlarini va saylovchilar bilan uchrashuvlarini o‘tkazish vaqtida jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni ta’minlash chora-tadbirlarini amalga oshirsin.
14. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jamoat birlashmalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish uchun siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarga teng shartlarda jihozlangan xonalar bepul taqdim etilishini ta’minlasin, zarur ma’lumot va axborot materiallarini olishda ko‘maklashsin.
15. O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida saylovoldi tashviqoti shartlari va tartibini buzish, nomzodlar, siyosiy partiyalar to‘g‘risida yolg‘on ma’lumotlar tarqatish, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish borasida axborot, tashviqot materiallarini qasddan yo‘q qilib yuborish yoki ularga qasddan shikast yetkazish, jamoatchilik fikri so‘rovlari natijalarini, saylov natijalari taxminlarini chop etish (e’lon qilish) tartibini buzish uchun javobgarlik choralari belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
16. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga deputatlar saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari saylovoldi tashviqoti mobaynida saylov to‘g‘risidagi qonunchilik ijrosi ustidan samarali nazoratni amalga oshirsin.
17. Ushbu qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari M. Istamov zimmasiga yuklansin.
RaisM. Abdusalomov