№ 937 OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI SAYLOV KODEKSINING 90-MODDASINI QOʻLLASH HAQIDA

O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasining
qarori

№ 937 2019-yil 19-sentabr

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI SAYLOV KODEKSINING 90-MODDASINI QO‘LLASH HAQIDA

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14 va 16-moddalariga asosan qonunchilik normalarini to‘g‘ri, bir xilda va aniq qo‘llash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi

QAROR QILADI:

1. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 90-moddasi uchinchi qismiga asosan ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslari (bundan viloyat, tuman va shahar hokimlari mustasno) deputat etib saylangan taqdirda, egallab turgan lavozimidan bo‘shash to‘g‘risida ariza berish sharti bilan mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzod etib ro‘yxatga olinadi.

2. Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalari O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 90-moddasi uchinchi qismini qo‘llashda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunlariga asosan ijro etuvchi hokimiyat organlariga quyidagilar kirishiga e’tibor qaratsinlar:

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi;

viloyat, tuman va shahar hokimliklari devonlari (apparatlari) tuzilmasiga kiradigan bo‘linmalar;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 9-dekabrdagi “Respublika davlat boshqaruvi organlari tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF-3358-son Farmoni ilovasida ko‘rsatilgan davlat boshqaruv organlari, shu jumladan, ushbu organlar tuzilmasiga kiruvchi hududiy bo‘linmalar;

faoliyatlarini tartibga soluvchi nizomlarida davlat boshqaruvi organi sifatida maqomi mustahkamlangan davlat organlari va ularning tuzilmasiga kiruvchi hududiy bo‘linmalar.

Davlat boshqaruvi organlari buysunuvidagi davlat korxonalari va muassasalari hokimiyat vakolatlariga ega emasliklari bois hokimiyat ijroiya organlari hisoblanmaydilar. Masalan, Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi maktablar, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimidagi oliy ta’lim muassasalari, Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi davolash va davolash-profilaktika muassasalari, Adliya vazirligi tizimidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi va boshqalar.

3. Mansabdor shaxslari deputat etib saylangan taqdirda, egallab turgan lavozimidan bo‘shash to‘g‘risida ariza berish sharti bilan Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari deputatligiga nomzod etib ro‘yxatga olinadigan ijro hokimiyati organlari Ro‘yxati ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 90-moddasi uchinchi qismida ko‘zda tutilgan ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslariga rahbarlik, tashkiliy, boshqaruv, nazorat funksiyalari yoki moddiy qimmatliklar harakati bilan bog‘liq majburiyatlar yuklangan hokimiyat ijroiya organlarining devonlari xodimlari kiradi. Bunday toifadagi shaxslarga Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining boshqaruv, xizmat ko‘rsatish va texnik xodimlari lavozimlari nomenklaturasida (Adliya vazirligi tomonidan 2003-yil 9-dekabrda 1288-son bilan ro‘yxatga olingan) belgilangan ma’muriy-boshqaruv xodimlari va boshqaruv xodimlari mutaxassislari kiradi.

Ushbu organlarda rahbarlik, tashkiliy, boshqaruv va nazorat funksiyalariga ega bo‘lmagan yordamchi (texnik va xizmat ko‘rsatish) lavozimlarni egallagan xodimlar mansabdor shaxslar toifasiga kirmaydi.

5. Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga saylov o‘tkazuvchi saylov komissiyalariga saylov kampaniyasi davrida deputatlikka nomzodlarni ro‘yxatga olishda hamda O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 90-moddasi uchinchi qismini qo‘llashda ushbu qarorga amal qilish tavsiya etilsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 23-moddasi ikkinchi qismini qo‘llash to‘g‘risida 2017-yil 11-avgustdagi 843-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin.

7. Mazkur qaror:

Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi saylov komissiyalariga, siyosiy partiyalarga yuborilsin;

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinsin.

8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari M.Istamov zimmasiga yuklansin.

RaisM. Abdusalomov