№ 934 2019-yil 11-sentabr
Saylov va referendumni tashkil etish hamda o‘tkazish sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14 va 16-moddalariga asosan saylov va referendumni tashkil etish hamda o‘tkazish sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:
1. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki:
O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 512 – 5111-moddalariga asosan saylov va referendumni tashkil etish hamda o‘tkazish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan;
(1-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 11-sentabrdagi 1376-son qarori tahririda)
O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi, “Prokuratura to‘g‘risida”, “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonunlariga asosan saylov va referendumni tashkil etish hamda o‘tkazish sohasidagi ma’muriy huquqbuzarlik sodir etilganligi to‘g‘risidagi bayonnoma prokuratura, ichki ishlar organlarining vakolatli mansabdor shaxslari hamda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, hududiy, tuman, shahar, okrug saylov komissiyalarining raislari, ularning o‘rinbosarlari yoki kotiblari tomonidan tuziladi;
(1-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 2-iyuldagi 1344-son qarori tahririda)
O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 245-moddasiga asosan saylov va referendumni tashkil etish hamda o‘tkazish sohasidagi ma’muriy huquqbuzarliklar haqidagi ishlar jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlari tomonidan ko‘rib chiqiladi.
(1-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 16-iyundagi 1072-son qarori tahririda)
2. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi:
saylov kampaniyasi va referendumni o‘tkazish davrida saylov va referendumni tashkil etish hamda o‘tkazish sohasidagi huquqbuzarliklarni oldini olish, huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarning muqarrar javobgarligini ta’minlash ustidan qat’iy nazorat o‘rnatsin;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 2-iyuldagi 1344-son qarori tahririda)
prokuratura va ichki ishlar organlari vakolatli mansabdor shaxslari tomonidan saylov va referendumni tashkil etish hamda o‘tkazish sohasidagi huquqbuzarliklarga oid ishlarni rasmiylashtirish bo‘yicha quyi turuvchi idoralarga ko‘rsatma bersin.
3. Saylov komissiyalari va referendum o‘tkazuvchi komissiyalar tomonidan saylov va referendumni tashkil etish hamda o‘tkazish sohasidagi huquqbuzarliklarga oid ishlarni rasmiylashtirish bo‘yicha yo‘riqnoma 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 2-iyuldagi 1344-son qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan)
5. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining “Saylov va referendumni tashkil etish hamda o‘tkazish sohasidagi huquqbuzarliklar bo‘yicha ma’muriy ish yuritishni rasmiylashtirish yuzasidan uslubiy tavsiyalarni tasdiqlash to‘g‘risida” 2016-yil 7-oktabrdagi 751-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
6. Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinsin.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari M. Istamov zimmasiga yuklansin.
RaisM. Abdusalomov