№ 931 2019-yil 11-sentabr
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASINING XALQARO MATBUOT MARKAZI FAOLIYATINI TASHKIL ETISH TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14 va 16-moddalari hamda “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlarga saylovlarda ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash, shuningdek saylov kampaniyasini ommaviy axborot vositalarida (keyingi o‘rinlarda – OAV) yoritib borilishi, saylov jarayoni barcha ishtirokchilari, keng jamoatchilikka, milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillariga tezkor huquqiy axborot berilishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi
QAROR QILADI :
1. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Xalqaro matbuot markazi (keyingi o‘rinlarda – Xalqaro matbuot markazi) va uning mintaqaviy bo‘linmalari tashkil etilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Xalqaro matbuot markazi to‘g‘risidagi nizom va uning tarkibiy tuzilmasi 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
3. Xalqaro matbuot markazi Toshkent shahri, Navoiy ko‘chasi, 16-uyda joylashtirilsin.
4. Xalqaro matbuot markazi:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlarga 2019-yil bo‘lib o‘tadigan saylov jarayonini OAVda keng yoritilishini, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq brifinglar, matbuot anjumanlarini tayyorlash va o‘tkazilishini, jurnalistlarga va jamoatchilikka saylovga oid masalalar bo‘yicha tezkor axborot berib borish va ma’lumotlarni yetkazish ishlarini tashkil etsin;
o‘z huzurida Saylovchilarga tezkor axborot berish markazi (Call-center) faoliyatini yo‘lga qo‘ysin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi respublika hududi bo‘ylab abonentlardan Saylovchilarga tezkor axborot berish markaziga chiquvchi bepul qo‘ng‘iroqlar amalga oshiriladigan ko‘p tarmoqli va qisqa raqamli alohida aloqa liniyasi ajratish hamda uning uzluksiz ishlashini ta’minlashda amaliy yordam ko‘rsatsin.
6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda Xalqaro matbuot markazi va uning mintaqaviy bo‘linmalarini saylov jarayonlarining borishi uchun zarur bo‘ladigan tashkiliy texnika vositalari (kompyuter, printer, skaner, nusxa ko‘chirish apparati, proyektor, LED-monitorlar, sinxron tarjima uchun qurilmalar) va aloqa vositalari (telefon, faks, internet) bilan ta’minlasin;
Xalqaro matbuot markazi va uning mintaqaviy bo‘linmalariga avtotransport, shuningdek bannerlar, elektron reklama stendlari, bilbordlar va boshqa zarur jihozlar ajratilishi bo‘yicha zarur choralar ko‘rsin;
Xalqaro matbuot markazining mintaqaviy bo‘linmalari faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur bino va xonalar ajratilishini hamda ularning zarur texnika va boshqa vositalar bilan jihozlanishini ta’minlasin;
Xalqaro matbuot markazining mintaqaviy bo‘linmalariga xodimlarning cheklangan soni 3-6 kishidan iborat tarkibda malakali mutaxassislarni jalb qilish hamda mahalliy budjetlar hisobidan moliyalashtirilishi yuzasidan tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Xalqaro matbuot markazining rahbar va xodimlariga ish haqi to‘lash, jalb qilingan ekspertlarni rag‘batlantirish, joriy kommunal to‘lovlari va boshqa xarajatlarni amalga oshirish uchun mablag‘lar ajratsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyati Xalqaro matbuot markaziga jalb etilgan xodimlar va ekspertlar bilan belgilangan tartibda fuqarolik-huquqiy shartnomalar rasmiylashtirilishini va shu asosda ish haqi to‘lovlari amalga oshirilishini ta’minlasin.
9. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari M. Istamov zimmasiga yuklatilsin.
RaisM. Abdusalomov