№ 913 2019-YILDA OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI, XALQ DEPUTATLARI VILOYAT, TUMAN VA SHAHAR KENGASHLARI SAYLOVIGA TAYYORGARLIK KOʻRISH BOʻYICHA ASOSIY TADBIRLAR DASTURINI TASDIQLASH TOʻGʻRISIDA

O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasining
qarori

№ 913 2019-yil 27-may

2019-YILDA O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI, XALQ DEPUTATLARI VILOYAT, TUMAN VA SHAHAR KENGASHLARI SAYLOVIGA TAYYORGARLIK KO‘RISH BO‘YICHA ASOSIY TADBIRLAR DASTURINI TASDIQLASH TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasiga muvofiq 2019-yil dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga umumxalq saylovlari bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev 2017-yil 22-dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida “...2019-yilda hokimiyatning vakillik organlariga bo‘lib o‘tadigan saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tadbirlar dasturini ishlab chiqishga hozirdan kirishish kerak. Dasturda mazkur siyosiy jarayon yanada oshkoralik ruhida o‘tishini ta’minlaydigan yangi, ilgor amaliyotni joriy etishga alohida e’tibor qaratish zarur”, deb ta’kidlagan edi.

Mamlakatimizda saylov tizimini isloh qilish, uni yanada demokratlashtirish, xalqaro andoza hamda prinsiplarga moslashtirish, fuqarolarga qulaylik va erkinlik yaratish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasida saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish jarayonida qonuniylikni ta’minlash orqali saylovchilarning o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan.

Shu maqsadda, saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishni saylov komissiyalari tomonidan ochiq va oshkora amalga oshirilishi, siyosiy partiyalarga, deputatlikka nomzodlarga o‘z saylovoldi dasturlarini jamoatchilikka yetkazish uchun ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda keng va teng imkoniyatlar yaratib berilishi, saylov to‘g‘risidagi qonunchilikning tartib-taomillarini keng xalq ommasiga tushuntirish, aholining saylov jarayonidan xabardorligini oshirishga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot ishlarining yo‘lga qo‘yilayotganligi, mamlakatimizda ayollarning saylov jarayonidagi ishtirokini faollashtirish uchun O‘zbekiston qonun hujjatlarida siyosiy partiyalardan nomzod ko‘rsatishda xotin-qizlar uchun 30 foizlik gender kvotasi belgilanganligi hamdasaylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish ham mamlakatimiz saylov tiziminining demokratik prinsiplar asosida tashkil etilishiga o‘z hissasini qo‘shadi.

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasidan kelib chiqqan holda saylov qonunchiligi va amaliyotini takomillashtirish ishlari amalga oshirildi. Bu sohada xalqaro tashkilotlar va ekspertlarning xulosalari olindi.

Saylov jarayonlariga axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish bo‘yicha xorijiy tajriba ham batafsil o‘rganilib, rivojlangan demokratik davlatlarning saylov qonunchiligi va amaliyoti xususan, 20 dan ziyod nafaqat G‘arbiy Yevropa, balki Sharqiy Osiyo va MDH mamlakatlarining tajribasi ham tahlil qilindi. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti, Venetsiya komissiyasi, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Xamdo‘stligi, Butunjaxon Saylov Organlari Assotsiatsiyasi va boshqa xalqaro tashkilotlarning tavsiyalari e’tiborga olindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-oktabrdagi “Saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3961-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatinijoriy etish, saylov jarayonini boshqarish axborot tizimini yaratish va ulardan foydalanishda idoralararo o‘zaro hamkorlikni belgilashga doir tadbirlar amalga oshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4004-son qarorida Markaziy saylov komissiyasining asosiy yo‘nalishlari, maqomi va strukturasi belgilanib, Markaziy saylov komissiyasi tarkibida saylov qonunchiligi va zamonaviy axborot texnologiyalari bo‘yicha O‘quv markazi hamda Axborot texnologiyalari bilan ishlash bo‘limi tashkil etildi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, mamlakatimizda izchillik bilan olib borilayotgan ijtimoiy-siyosiy islohotlarga hamohang ravishda fuqarolarimizning huquqiy ongi, madaniyati, dunyoqarashi yuksalib bormoqda. Qonun ijodkorligi ishlari va huquqni qo‘llash amaliyoti darajasini, siyosiy partiyalar, deputatlarning dasturiy maqsadlari va amaliy faoliyatini baholashda saylovchilarimizning ijtimoiy-siyosiy faolligi, talabchanligi tobora ortib bormoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga 2019-yil dekabr oyida bo‘lib o‘tadigan saylovlarga tayyorgarlikni qonunchilik talablariga rioya etgan holda xalqaro standartlarga muvofiq ravishda, uyushqoqlik bilan tashkil etish va uni o‘tkazish, shuningdek, fuqarolarning davlat hokimiyati vakillik organlariga erkin saylash va saylanishi bilan bog‘liq konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarish, siyosiy partiyalarning davlat hokimiyati organlarini shakllantirish jarayonida faol ishtirok etishi uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida”gi Qonunlari hamda “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi Qonuni 5, 9, 10-moddalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi

QAROR QILADI:

1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga 2019-yil dekabr oyida bo‘lib o‘tadigan saylovga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha asosiy tadbirlar Dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilab qo‘yilsinki, saylovga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha barcha ishlar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, joylardagi saylov komissiyalari, vazirlik va idoralar, siyosiy partiyalar va jamoat tashkilotlari tomonidan saylov to‘g‘risidagi qonunchilik hamda ushbu qaror bilan tasdiqlangan Dasturga muvofiq ravishda amalga oshiriladi.

2. Bo‘lib o‘tadigan saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish davrida quyidagilar asosiy vazifalar etib e’tirof etilsin:

– saylov to‘g‘risidagi qonunchilikning qoidalarini saylovchilarga keng tushuntirish, saylovchilarning bo‘lajak saylovga mamlakatimiz hayotidagi eng muhim ijtimoiy-siyosiy voqea sifatida tayyorgarlik ko‘rishi va aholining saylov jarayonidan xabardorligini oshirish bo‘yicha samarali axborot-tahlil ishlarini tashkil etish uchun shart-sharoitlar yaratish;

– siyosiy partiyalarga, deputatlikka nomzodlarga o‘z saylovoldi dasturlarining qoidalarini, mamlakatni ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy rivojlantirishning dolzarb masalalariga doir nuqtai nazarlarini saylovchilarga, jamoatchilikka yetkazish uchun ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda keng va teng imkoniyatlar yaratib berish;

– saylov kampaniyasida yoshlar va xotin-qizlarning faol ishtirok etishi, ularning elektoral faolligini, siyosiy va huquqiy madaniyatini oshirish;

- saylov jarayoni barcha tashkilotchilarining saylovlarning tashkiliy-huquqiy asoslari, saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish hamda saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha ko‘nikmalarini shakllantirish;

– saylov kampaniyasining barcha ishtirokchilari tomonidan amaldagi qonunchilik talablariga og‘ishmay rioya qilinishini ta’minlash. Eng avvalo, siyosiy partiyalar, saylovga tayyogarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda ishtirok etadigan barcha tashkiliy tuzilmalar o‘rtasida qonunchilik me’yorlariga qat’iy amal qilish zarurati xususida tushuntirish ishlarini olib borish;

– amaldagi qonunchilikning saylov kampaniyasini o‘tkazishda faqat saylov komissiyalari asosiy tashkilotchi hisoblanishi to‘g‘risidagi qoidasini izchil va so‘zsiz amalga oshirish, saylov kampaniyasi jarayoniga aralashish, qonuntalablarini chetlab o‘tish, buzish maqsadida qilingan har qanday urinishlar, aniqlangan “homiylik” holatlariga nisbatan qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rish va aybdorlarga nisbatan jazomuqarrarligini ta’minlash.

3. Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyati rahbari S.Kurbankulovga Dasturda belgilangan barcha tadbirlarni har bir bandi bo‘yicha alohida ijrochi belgilab, ijrosini ta’minlash choralarini ko‘rish va natijalariga ko‘ra Markaziy saylov komissiyasi majlislarida axborot berib borish topshirilsin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklari, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3961-son qaroriga muvofiq o‘tkazilgan xatlov natijalari bo‘yicha tayyorlangan saylovchilarning dastlabki ro‘yxatini aniqlashtirish ishlarini yakunlab, Markaziy saylov komissiyasiga 2019-yilni 1-iyul kuniga qadar axborot taqdim etsin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda ikki haftalik muddatda saylov qonunchiligiga oid huquqiy savodxonlikni oshirish va qonunchilikdagi yangiliklarni ijrochilar va aholining keng qatlamiga yetkazish bo‘yicha chora-tadbirlar Dasturini ishlab chiqsin.

6. Mazkur qaror va u bilan tasdiqlangan “2019-yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha asosiy tadbirlar Dasturi” Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, siyosiy partiyalar va jamoat tashkilotlari, tegishli mutasaddi vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalariga yuborilsin.

Yuqorida qayd etib o‘tilgan tashkilot va idoralar Dasturda belgilangan chora-tadbirlarni bajarilishi yuzasidan Markaziy saylov komissiyasiga har oy yakuniga ko‘ra keyingi oyning 5-sanasiga qadar axborot berib borsin.

7. Ushbu Qarorning ijro etilishi ustidan nazorat qilish Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari G.Raximova zimmasiga yuklatilsin.

RaisM. Abdusalomov