№ 906 OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA SAYLOVCHILARNING YAGONA ELEKTRON ROʻYXATINI TUZISH, ANIQLASHTIRISH VA SAYLOVLARDA UNDAN FOYDALANISH TARTIBINI TASDIQLASH TOʻGʻRISIDA

O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasining
qarori

№ 906 2019-yil 1-fevral

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA SAYLOVCHILARNING YAGONA ELEKTRON RO‘YXATINI TUZISH, ANIQLASHTIRISH VA SAYLOVLARDA UNDAN FOYDALANISH TARTIBINI TASDIQLASH TO‘G‘RISIDA

Saylovlarni qonun talablariga to‘la mos ravishda o‘tkazish, yagona huquq amaliyotini qo‘llash, shuningdek, fuqarolarning davlat hokimiyati vakillik organlariga erkin saylash va saylanishi bilan bog‘liq konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarishda munosib shart-sharoitlar yaratish hamda saylov o‘tkazuvchi saylov komissiyalarining faoliyatini uslubiy jihatdan ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi Qonuni 5, 9, 10-moddalari, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi Qonuni 32, 33-moddalari hamda “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida”gi Qonuni 29, 30-moddalari shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2018-yil 4-oktabrdagi “Saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3961 son qarori ilovasining 2-bandiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi

QAROR QILADI:

1. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasida Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini tuzish, aniqlashtirish va saylovlarda undan foydalanish tartibi” ilovaga asosan tasdiqlansin.

2. “O‘zbekiston Respublikasida Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini tuzish, aniqlashtirish va saylovlarda undan foydalanish tartibi” Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish, Ichki ishlar, Tashqi ishlar, Adliya, Mudofaa vazirliklariga, Bosh prokuraturaga, Davlat soliq va “Yergeodezkadastr” davlat qo‘mitalariga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri, tuman va shaharlar hokimliklariga amaliyotda to‘g‘ri, tizimli hamda samarali ijro etish uchun yuborilsin.

3. Markaziy saylov komissiyasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri, tuman va shaharlar hokimliklari hamkorlikda 2019-yil:

- 1-martga qadar saylov komissiyalari vakillari (operatorlar)ni Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi (bundan buyon matnda SJBAT deb yuritiladi) bilan ishlashga o‘qitish uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi mutaxassislari (trenerlar)ni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri bo‘yicha (har bir hududga 150 nafardan) belgilash;

- 1-mayga qadar trenerlar haqidagi ma’lumotlarni SJBAT dasturiga kiritish;

- 1-iyundan saylov qonunchiligi va zamonaviy axborot texnologiyalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati (bundan buyon matnda – SYAER deb yuritiladi) axborot tizimidan foydalanish tartib-qoidalarini saylov tashkilotchilariga va keng jamoatchilikka tushuntirish maqsadida olimlar, mutaxassislar, ekspertlar va amaliyotchilar ishtirokida davra suhbatlari, seminar-treninglar tashkil etish ishlarini amalga oshirsinlar.

4. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga Adliya vazirligi, O‘zbekiston Milliy teleradio kompaniyasi, O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi saylov jarayoni ishtirokchilariga saylov kampaniyasining asosiy bosqichlarini yorituvchi, jumladan, saylovchilar va saylov tashkilotchilarini SYaERdagi saylovchilar ro‘yxati bilan tanishtirish, muddatidan oldin va saylov kuni ovoz berish tartibi bo‘yicha uslubiy videomateriallar va videoroliklar tayyorlash bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatsinlar.

5. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida, shuningdek boshqa manbalarda e’lon qilinsin.

6. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi zimmasiga yuklansin.

RaisM. Abdusalomov