№ 890 2018-yil 9-oktabr
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI Sh.M.MIRZIYOYEVNING 2018-YIL 4-OKTABRDAGI “SAYLOV JARAYONIGA ZAMONAVIY AXBOROT-KOMMUNIKATSIYA TEXNOLOGIYALARINI JORIY QILISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA”GI QARORIDA BELGILANGAN VAZIFALARNING IJROSINI TA’MINLASH HAQIDA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziѐyevning 2017-yil 22-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasi va 2018-yil 22-yanvardagi “2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmoni bilan tasdiqlangan Davlat dasturining 5-bandiga shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziѐyevning 2018-yil 4-oktabrdagi “Saylov jaraѐniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3961 son qarorida belgilangan vazifalarning izchil bajarilishini ta’minlash maqsadida “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5, 9-moddalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi
QAROR QILADI:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziѐyevning 2018-yil 4-oktabrdagi “Saylov jaraѐniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3961 son qarori ijro uchun qabul qilinsin.
2. Prezident qarorida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha tashkilotlar va idoralararo ishchi guruhi tashkil etilsin va uning tarkibi 1-ilovaga asosan tasdiqlansin.
3. Tashkilotlar va idoralararo ishchi guruhining faoliyatini muvofiqlashtirish dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatidan foydalanish va Saylov jaraѐnini boshqarishning axborot tizimini joriy qilishni amalga oshirish bo‘yicha tegishli tashkilotlar va idoralararo muvofiqlashtiruvchi sifatida belgilanganini inobatga olib:
- Ichki ishlar vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi 10 kun muddat ichida fuqarolarni uyma-uy yurib o‘rganish orqali saylovchi-fuqarolar, ularning doimiy va vaqtincha yashash joylarining manzillari to‘g‘risidagi yagona axborotni tayѐrlash tartibi bo‘yicha idoralararo hamkorlik hujjatini qabul qilib, ishchi guruhiga taqdim etsin.
5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga:
- “Saylov jaraѐniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3961 son qarori ijro yuzasidan yo‘l haritalarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish vazifasi yuklatilsin;
- hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish sektorlari rahbarlari bilan birgalikda fuqarolarni uyma-uy yurib o‘rganishni tashkil etish bo‘yicha guruhlar uchun kompyuter uskunalari bilan jihozlangan xonalar va qo‘shimcha xodimlar ajratsin.
6. Adliya vazirligining fuqarolarni uyma-uy yurib o‘rganish orqali ularning doimiy va vaqtincha yashash joylarining manzillari to‘g‘risidagi axborotni to‘liq to‘plashning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka tushuntirishga oid video-roliklarni tayѐrlash yuzasidan bergan taklifi ma’qullansin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Bosh prokuraturasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlarining to‘liq va o‘z vaqtida ijro etilishi yuzasidan nazorat olib boruvchi mas’ul davlat organi sifatida barcha dahldor idora va tashkilotlar rahbarlarining shaxsiy mas’uliyatini hamda ijro intizomini kuchaytirishni qat’iy nazorat qilish so‘ralsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyati (S.Kurbankulov)ga tegishli tashkilotlar va idoralardan qaror ijrosini ta’minlash yuzasidan hisobotlarni belgilangan tartibda har oyning 5-chi sanasigacha to‘plash hamda uning monitoringini yuritish vazifasi yuklatilsin.
9. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida, shuningdek boshqa manbalarda e’lon qilinsin.
10. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi zimmasiga yuklansin.
RaisM. Abdusalomov