№ 889 OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI SAYLOV KODEKSI LOYIHASI MUHOKAMASINING DASTLABKI NATIJALARI TOʻGʻRISIDA

O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasining
qarori

№ 889 2018-yil 25-sentabr

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI SAYLOV KODEKSI LOYIHASI MUHOKAMASINING DASTLABKI NATIJALARI TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziѐyevning 2017-yil 22-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasi va 2018-yil 22-yanvardagi “2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmoni bilan tasdiqlangan Davlat dasturining 2-bandigi asosan, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi loyihasini keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazishni tashkil etish Harakatlar rejasi (Yo‘l xaritasi)da belgilangan vazifalardan kelib chiqib hamda “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5, 9-moddalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi

QAROR QILADI:

1. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi kotibi (S.Kurbankulov)ning O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi loyihasi muhokamasining dastlabki natijalari yuzasidan bergan axboroti ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi loyihasini tayѐrlash bo‘yicha ishchi guruhi O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi loyihasini yanada takomillashtirishda keng jamoatchilik tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalarni o‘rganib chiqsin va ulardan samarali foydalanish choralarini ko‘rsin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi loyihasining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilik diqqat-e’tiboriga yetkazish hamda uning monitoringini yuritish reja asosida davom ettirilsin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyati (S.Kurbankulov)ga joriy yilning noyabr oyida Buxoro shahrida O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan xalqaro anjumanni xorijiy tashkilotlar va saylov sohasida boy tajribaga ega bo‘lgan malakali chet ellik mutaxassislarni jalb qilgan holda o‘tkazish bo‘yicha tadbirlar rejasi, konsepsiyasi hamda dasturi loyihasini ishlab chiqish vazifasi yuklansin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligidan O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan xalqaro anjumanni o‘tkazishda xorijiy (xalqaro) mutaxassislarni tanlash va taklif etishda amaliy ѐrdam berish so‘ralsin.

6. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida, shuningdek boshqa manbalarda e’lon qilinsin.

7. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi rais o‘rinbosari G.Raximova zimmasiga yuklansin.

RaisM. Abdusalomov