№ 849 2017-yil 15-sentabr
TOSHKENT SHAHAR XALQ DEPUTATLARI TUMAN KENGASHLARIGA SAYLOV BO‘YICHA SAYLOV KAMPANIYASI BOSHLANISHINI E’LON QILISH TO‘G‘RISIDA
Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylovni saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga, saylovchilarning xohish-irodasiga hamda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalariga to‘la muvofiq holda o‘tkazish maqsadida “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida”gi, “Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga asoslanib, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi
QAROR QILADI:
1. Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov – 2017-yil dekabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida, ya’ni 2017-yil 24-dekabr kuni o‘tkazilsin.
2. Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov bo‘yicha saylov kampaniyasi joriy yilning 23-sentabridan boshlanishi e’lon qilinsin.
3. Belgilab qo‘yilsinki, Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha barcha ishlar joylardagi saylov komissiyalari tomonidan saylov to‘g‘risidagi qonunchilikka, xalqaro umume’tirof etilgan demokratik prinsiplar va standartlarga hamda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2017-yil 30-iyunda qabul qilingan “Toshkent shahrida xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 835-son qaroriga muvofiq qat’iy amalga oshiriladi.
Saylov komissiyalari o‘z faoliyatini mustaqil holda amalga oshiradi, har qanday davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslarning ular faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi.
4. Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi 2017-yil 3-oktabriga qadar Toshkent shahri xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi tuman saylov komissiyalarini tuzsin, saylov okruglarining soni belgilanishini ta’minlasin.
5. Toshkent shahri xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi tuman saylov komissiyalari:
– 2017-yil 10-oktabriga qadar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi saylov okruglari ro‘yhatini, ularning chegaralari va saylovchilar sonini ko‘rsatgan holda e’lon qilsin;
– 15-oktabrga qadar okrug saylov komissiyalarining shaxsiy tarkibini tasdiqlasin;
– 25-oktabrga qadar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi saylov uchastkalari ro‘yhatini, ularning chegaralari va saylovchilar sonini ko‘rsatgan holda e’lon qilsin;
– 12-noyabrga qadar siyosiy partiyalarning tuman kengashlari hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan xalq deputatlari tuman Kengashlariga deputatlikka nomzodlarning hujjatlarini qabul qilsin;
– 14-noyabrga qadar uchastka saylov komissiyalarining shaxsiy tarkibini tasdiqlasin;
– 19-noyabrga qadar xalq deputatlari tuman Kengashlari deputatligiga nomzodlarni ro‘yxatga olsin.
6. Toshkent shahar tuman hokimliklari 2017-yil 10-oktabrga qadar tuman saylov komissiyalariga saylov uchastkalarini tuzish bo‘yicha taqdimnomalar kiritsin.
7. Toshkent shahridagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari 2017-yil 13-oktabriga qadar okrug saylov komissiyalari a’zoligiga nomzodlarni, shuningdek, 10-noyabrga qadar uchastka saylov komissiyalari a’zoligiga nomzodlarni tuman saylov komissiyalariga tavsiya etsin.
8. Belgilansinki, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq:
– siyosiy partiyalar 2017-yil 15-oktabriga qadar saylovda ishtirok etish uchun tegishli hujjatlarni tuman saylov komissiyalariga taqdim etishlari lozim;
– Toshkent shahri xalq deputatlari tuman Kengashi deputatligiga nomzodlar ko‘rsatish 2017-yil 20-oktabrda boshlanadi va 9-noyabrda tugallanadi;
– Toshkent shahri xalq deputatlari tuman Kengashi deputatligiga nomzodlarni ro‘yhatga olish uchun siyosiy partiyalar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan xujjatlar qabul qilish 2017-yil 12-noyabrda to‘xtatiladi, nomzodlarni ro‘yhatga olish 2017-yil 19-noyabrda tugaydi;
– saylovoldi tashviqoti deputatlikka nomzodlar ro‘yxatga olingan kundan e’tiboran boshlanadi va 2017-yil 22-dekabrda tugaydi. Saylov kuni va ovoz berish boshlanishiga bir kun qolganida saylovoldi tashviqotiga yo‘l qo‘yilmaydi;
– manfaatdor tashkilotlar o‘z kuzatuvchilari to‘g‘risida Toshkent shahri xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalariga 2017-yil 9-dekabrga qadar ma’lum qilishlari lozim;
– ovoz berish 2017-yil 24-dekabrda soat 6 dan soat 20 gacha o‘tkaziladi.
9. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-avgustdagi № 630-son qaroriga muvofiq “Elektron hukumat” tizimi doirasida 2017-yil 24-dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan Toshkent shahri xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylovlar davomida tajriba tartibida huquqiy eksperiment sifatida saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati axborot tizimini shakllantirish va yuritishni ta’minlasin.
10. Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi shahar hokimligi va boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda Toshkent shahri xalq deputatlari tuman Kengashlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha xarajatlar smetasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
11. Toshkent shahar hokimligi Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonini keng yoritish maqsadida yagona matbuot markazini tashkil etish, hamda yagona veb-saytni yaratish, shuningdek, saylov komissiyalarini yagona kompyuter tarmog‘iga ulash choralarini ko‘rsin.
12. Toshkent shahar va tumanlar hokimliklari barcha darajadagi saylov komissiyalarini zarur xonalar, transport, kompyuter, internet, aloqa va saylov o‘tkazish uchun kerakli bo‘lgan vositalar bilan ta’minlasin.
13. Toshkent shahridagi siyosiy partiyalarning tuman Kengashlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xalq deputatlari tuman Kengashlari deputatligiga nomzodlar ko‘rsatishni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2017-yil 11-avgustda qabul qilingan 843-son qarori bilan tasdiqlangan Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatligiga saylangudek bo‘lsalar, egallab turgan lavozimidan bo‘shash to‘g‘risida ariza berishi shart bo‘lgan hokimiyat ijroiya organlarining mansabdor shaxslari ro‘yxati hamda 844-son qarori bilan tasdiqlangan Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari deputatligiga nomzodlar ko‘rsatish tartibi bo‘yicha uslubiy tavsiyalarga to‘la muvofiq ravishda amalga oshirsin.
14. Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida, shuningdek boshqa manbalarda e’lon qilinsin.
15. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari K.Adilov va Kotibiyat rahbari S. Kurbonkulovlar zimmasiga yuklansin.
RaisM. Abdusalomov