№ 843 XALQ DEPUTATLARI VILOYAT, TUMAN VA SHAHAR KENGASHLARIGA SAYLOV TOʻGʻRISIDA”GI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNINING 23-MODDASI IKKINCHI QISMINI QOʻLLASH HAQIDA

O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasining
qarori

№ 843 2017-yil 11-avgust

“XALQ DEPUTATLARI VILOYAT, TUMAN VA SHAHAR KENGASHLARIGA SAYLOV TO‘G‘RISIDA”GI O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNINING 23-MODDASI IKKINCHI QISMINI QO‘LLASH HAQIDA

Saylov komissiyalari xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatligiga nomzodlarni ro‘yxatga olishda hokimiyat ijroiya organlarining mansabdor shaxslari doirasini aniqlashda qiyinchiliklarga duch kelmoqdalar.

Fuqarolarning saylov huquqlari kafolatlarini ta’minlash, qonun normalarini to‘g‘ri, bir xilda va aniq qo‘llash hamda qonuniylik, qonun ustuvorligini ta’minlash maqsadida “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 11-moddasiga, “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5, 9-moddalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi

QAROR QILADI:

1. Saylov komissiyalari “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 23-moddasi ikkinchi qismini qo‘llashda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan, hokimiyat ijroiya organlariga quyidagilar kirishiga e’tibor qaratsinlar:

– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi;

– Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi;

– viloyat, tuman va shahar hokimiyatlari, ularning boshqarma, bo‘lim va hokimiyat devoni tuzilmasiga kiradigan boshqa bo‘linmalari;

– davlat boshqaruv organlari, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 9-dekabrdagi №PF-3358-son “Respublika davlat boshqaruvi organlari tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni ilovasida sanab o‘tilgan davlat boshqaruv organlari, ushbu organlar tuzilmasiga kiruvchi hududiy bo‘linmalar.

Davlat boshqaruvi organlariga ushbu organlar buysunuvidagi davlat korxonalari va muassasalar (masalan, Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi maktab, maktabgacha bolalar muassasalari, maktabdan tashqari muassasalar, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi tizimidagi akademik litsey va kasb-hunar kollejlari, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimidagi oliy ta’lim muassasalari, Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi davolash, davolash-profilaktika va boshqa muassasalar) kirmaydi.

Ushbu va ular singari davlat korxona va muassasalari hokimiyat vakolatlariga ega emasliklari bois, mahalliy hokimiyat ijroiya organlari tarkibiga kirmaydilar.

Hokimiyat ijroiya organlari ro‘yxati ma’lumot uchun ilova qilinsin.

Shuningdek, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 23-moddasi ikkinchi qismida ko‘zda tutilgan hokimiyat ijroiya organlari mansabdor shaxslariga rahbarlik, tashkiliy, boshqaruv, nazorat funksiyalari yoki moddiy qimmatliklar harakati bilan bog‘liq majburiyatlar yuklangan hokimiyat ijroiya organlari devoni xodimlari kiradi. Bu Davlat va xo‘jalik boshqaruv organlarining boshqaruv, xizmat ko‘rsatish va texnik xodimlari lavozimlari nomenklaturasida (2003-yil 9-dekabr Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi va Moliya vazirligi tomonidan 1288-son qarori bilan tasdiqlangan) belgilangan ma’muriy-boshqaruv xodimlari va boshqaruv tuzilmasi mutaxassislaridir.

Mansabdor shaxslarga ushbu organlarda rahbarlik, tashkiliy-boshqaruv va nazorat funksiyalariga ega bo‘lmagan yordamchi (texnik va xizmat ko‘rsatish) lavozimlarni egallagan xodimlar kirmaydi.

2. Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi saylov komissiyalariga saylov kampaniyasi davrida deputatlikka nomzodlarni ro‘yxatga olishda hamda “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 23-moddasi ikkinchi qismini qo‘llashda ushbu qarorning 1 bandiga amal qilishlari tavsiya etilsin.

3. Mazkur qaror Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi saylov komissiyalariga ijro uchun, siyosiy partiyalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga ma’lumot uchun yuborilsin.

2

4. Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida, shuningdek boshqa manbalarda e’lon qilinsin.

RaisM. Abdusalomov