№ 835 2017-yil 30-iyun
TOSHKENT SHAHRIDA XALQ DEPUTATLARI TUMAN KENGASHLARIGA SAYLOV O‘TKAZISH BO‘YICHA TASHKILIY CHORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
Toshkent shahrida xalq deputatlari tuman Kengashlari tuzilishi hamda mazkur tuman Kengashlariga saylov o‘tkazilishi munosabati bilan “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5 va 9-moddalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi
QAROR QILADI:
1. Toshkent shahrida xalq deputatlari tuman Kengashlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish Tashkiliy komissiyasi hamda ishchi guruhi tarkiblari 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
2. Toshkent shahrida xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov o‘tkazish bo‘yicha tadbirlar dasturi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Quyidagilar saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha eng muhim talablar va ustuvor vazifalar etib belgilansin:
– saylov to‘g‘risidagi qonunchilikning qoidalarini saylovchilarga keng tushuntirish, saylovchilarni siyosiy partiyalar, o‘zini o‘zi boshqarish organlari va deputatlikka nomzodlarining saylovoldi dasturlari, nomzodlarning ishchanlik va axloqiy fazilatlari bilan tanishtirish, saylovchilarning saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonidan xabardorligini oshirish bo‘yicha samarali axborot-tahlil ishlarini amalga oshirish;
– siyosiy partiyalarga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga, ular tomonidan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlarga o‘z saylovoldi dasturlarining qoidalarini saylovchilarga, keng jamoatchilikka yetkazish uchun ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda keng va teng imkoniyatlar yaratib berish;
– saylov kampaniyasida yoshlar va xotin-qizlarning faol ishtirok etishi, ularning ijtimoiy faolligini, siyosiy va huquqiy madaniyatini yuksaltirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
– saylov kampaniyasining barcha ishtirokchilari tomonidan amaldagi qonunchilik talablariga og‘ishmay va so‘zsiz rioya qilinishini ta’minlash.
4. Ushbu qaror xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashiga, Toshkent shahar va tuman hokimliklariga hamda Dasturda belgilangan mas’ul idora va tashkilotlarga ijro uchun yuborilsin hamda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida, shuningdek boshqa manbalarda e’lon qilinsin.
5. Mazkur qaror ijrosining ta’minlanishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi zimmasiga yuklatilsin.
RaisM. Abdusalomov