№ 790 2016-yil 1-dekabr
AYRIM TUMAN HOKIMLARINING TUMAN HUDUDIDA JOYLASHGAN SAYLOV UCHASTKALARINING O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI SAYLOVIGA TAYYORGARLIK KO‘RISH HAMDA UNI O‘TKAZISH BILAN BOG‘LIQ MASALALARI YUZASIDAN AXBOROTLARINI ESHITISH TO‘G‘RISIDA
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasi, “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha asosiy tadbirlar Dasturiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi
QAROR QILADI:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Shumanay tumani (B. Yangiboyev), Surxondaryo viloyatining Boysun tumani (Sh. Umidov), Jizzax viloyatining Baxmal tumani (B. Izbosarov) hokimlarining hamda Farg‘ona viloyatining So‘h tumani bo‘yicha 11-Farg‘ona okrug saylov komissiyasi raisi N. Sobirovning axborotlari ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Viloyat, tuman va shahar hokimlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga sanoqli kunlar qolganini hisobga olib, o‘ta qisqa muddatda hududdagi barcha saylov uchastkalarining saylovga shayligini tanqidiy jihatdan yana bir bor o‘rganib, xususan saylov uchastkalarida issiqlik, elektr energiyasi ta’minotining uzluksiz bo‘lishini, saylov uchastkalariga olib boruvchi yo‘llarning sozligiga alohida e’tibor qaratsinlar.
3. Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida, shuningdek boshqa manbalarda e’lon qilinsin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi kotibi S. Kurbankulov zimmasiga yuklansin.
RaisM. Abdusalomov