№ 779 2016-yil 17-noyabr
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI SAYLOVIGA TAYYORGARLIK KO‘RISH VA UNI O‘TKAZISH YUZASIDAN AYRIM OKRUG SAYLOV KOMISSIYALARI RAISLARINING AXBOROTLARI TO‘G‘RISIDA
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasi, “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi
QAROR QILADI:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish yuzasidan 3-Buxoro okrug saylov komissiyasi (M. Daminov), 6-Namangan okrug saylov komissiyasi (P. Matkarimov) 9-Surxondaryo okrugi saylov komissiyasi (A. Axmedov) raislarining axborotlari ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Qayd etib o‘tilsinki, yuqorida axborotlari eshitilgan, shuningdek boshqa okrug saylov komissiyalari tomonidan ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish borasida muayyan ijobiy ishlar amalga oshirildi. Biroq, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan monitoring natijalari ko‘rsatmoqdaki, ayrim okrug saylov komissiyalari tomonidan quyidagi kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan:
a) tashkiliy masalalarda:
ayrim saylov uchastkalari joylashgan binolar hali-hanuzgacha saylovga tayyor holatda emas;
“Ona va bola” va tibbiyot xonalari yetarli darajada jihozlanmagan;
zarur orgtexnikalar bilan ta’minlangan;
uchastka saylov komissiyalarida ish yuritish qoniqarli darajada emas.
b) huquqiy savodxonlik masalasida:
okrug va uchastka saylov komissiyalari a’zolari tomonidan saylovga doir normativ-huquqiy bazani topish mumkin bo‘lgan – elections.uz va lex.uz saytlaridan deyarli foydalanilmayapti;
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylovga doir barcha zarur normativ-huquqiy hujjatlar yetkazib berilgan bo‘lsa-da, ayrim uchastka saylov komissiyalari a’zolarining huquqiy bilimlari yetarli emas, bu esa, bo‘lajak saylovlarning yuqori saviyada tashkil etilishi va o‘tkazilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
2. Okrug saylov komissiyalari yuqorida sanab o‘tilgan kamchiliklarni tahlil qilib, joriy yilning 23-noyabr kuniga qadar to‘liq bartaraf etib, bu haqda Markaziy saylov komissiyasiga axborot taqdim etsin.
3. Ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklarni bartaraf etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalariga quyidagilar amalga oshirilsin:
a) okrug va uchastka saylov komissiyalari a’zolari mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda:
2016-yil 19-noyabrga qadar har bir saylov uchastkasi kesimida xonadonlarni birma-bir aylanib chiqish orqali saylovchilar ro‘yxatini aniqlashtirish ishlarni yakunlash va ularning ro‘yxatini (belgilangan namunada) saylov uchastkasida hammaning tanishib chiqishi uchun joylashtirilishini ta’minlasin;
2016-yil 21-noyabrga qadar har bir saylov uchastkasi kesimida ro‘yxatga kiritilgan saylovchilar soni to‘g‘risidagi umumlashgan dastlabki ma’lumotni Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etsin;
2016-yil 29-noyabrga qadar saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan o‘zgarishlar (fuqaroni ro‘yxatga kiritish yoki ro‘yxatdan chiqarish)ni hisobga olgan holda saylovchilar soni to‘g‘risidagi umumlashgan oraliq ma’lumotni Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etsin.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ishlab chiqilgan saylov jarayonlarini izohlovchi infografikalarni saylov uchastkalarida (ko‘rgazmali stendlarda), aholi gavjum joylarda, shuningdek jamoat transportida joylashtirilishini ta’minlasin.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasidan saylov varaqalari va byulletenlarini okrug va uchastka saylov komissiyalariga qonunda belgilangan muddatlarda xavfsiz yetkazilishini inobatga olgan holda ichki ishlar organlari ularni transportirovka, qo‘riqlash choralarini ko‘rsin.
2016-yil 24-noyabrdan boshlab muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etsin va ushbu masala bo‘yicha okrug saylov komissiyasi qarorini qabul qilib, mahalliy ommaviy axborot vositalarida e’lon qilsin.
Okrug va uchastka saylov komissiyalari a’zolarining huquqiy bilimlarini yanada oshirish maqsadida ekspertlar ishtirokida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan yetkazib berilgan saylov to‘g‘risidagi qonunlar, nizom va yo‘riqnomalar, huquqiy adabiyotlar va o‘quv filmlari, shuningdek, saylov jarayonini izohlovchi infografikalarni o‘rganish uchun har kuni amaliy o‘quv mashg‘ulotlari izchillik bilan davom ettirilsin.
4. Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida, shuningdek boshqa manbalarda e’lon qilinsin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari K. Adilov zimmasiga yuklansin.
RaisM. Abdusalomov