№ 773 2016-yil 8-noyabr
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI SAYLOVIDA KO‘ZI OJIZ FUQAROLARNING SAYLOV HUQUQLARINI TA’MINLASH BO‘YICHA QO‘SHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati markaziy boshqaruvining murojaatini ko‘rib chiqib, “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 4-moddasi, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasi va “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi
QAROR QILADI:
1. O‘zbekiston Respublikasi hududida istiqomat qiluvchi ko‘zi ojiz fuqarolar – saylovchilarning ovoz berish bo‘yicha konstitutsiyaviy huquqini amalga oshirishlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga doir saylov byulletenlari “Brayl” alifbosi asosida zarur miqdorda o‘zbek va rus tillarida chop etilsin.
2. “Brayl” alifbosida tayyorlanadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga doir saylov byulleteni namunasi ilovaga muvofiq shaklda tasdiqlansin.
3. Belgilansinki, “Brayl” alifbosida tayyorlanadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga doir saylov byulleteni:
qalinligi 180±5%, 1 dm2 bo‘lgan yuzadagi ko‘rinmas-zangori, sariq himoya tolalari 60±20 dona, ko‘rinadigan-qizil, yashil himoya tolalari 60±20 donali himoyalangan qog‘ozda, oppoqligi kamida 70 foiz bo‘lgan, “Davlat belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasining Toshkent qog‘oz fabrikasi tomonidan tayyorlanadigan matbaa ofset qog‘ozida O‘zbekiston Respublikasi Ko‘zi ojizlar bosmaxonasida “Xeydelberg Original” chop etish mashinasida bosiladi;
saylov byulletenining hajmi A4, 297x210 mm dan iborat bo‘ladi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar “Brayl” alifbosida berilib, ular ro‘parasidagi o‘ng tomonida bo‘sh kvadratlarda chegaralari relyefli-nuqtali bo‘rtmalar orqali joylashtiriladi.
matbaa tashkiloti ko‘zi ojizlar uchun saylov byulletenlarining yaroqli ekanligini tekshiradi hamda ularni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining saylov byulletenlarini olish vakolatiga ega bo‘lgan (ishonchnomaga asosan) mas’ul xodimiga dalolatnoma asosida topshiradi, dalolatnomada uning tuzilgan sanasi, vaqti, shuningdek topshirilayotgan saylov byulletenlarining soni ko‘rsatiladi;
buyurtmaga muvofiq belgilangan miqdordagi saylov byulletenlari topshirilgandan keyin matbaa tashkiloti xodimlari yaroqsiz deb topilgan hamda ortiqcha saylov byulletenlarini O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi mas’ul xodimi ishtirokida darhol yo‘q qiladilar, bu haqda dalolatnoma tuzilib, hozir bo‘lganlar tomonidan imzolanadi;
ko‘zi ojiz saylovchilar uchun mo‘ljallagan saylov byulletenlarini topshirish va qabul qilish dalolatnomasi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2016-yil 3-oktabrdagi 745-son qarorining 3-ilovasiga muvofiq shaklda tuziladi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari o‘z saylov okrugi doirasida ko‘zi ojiz saylovchilarning sonini aniqlab, “Brayl” alifbosi asosida saylov byulletenlarini chop ettirish ehtiyoji haqida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga 2016-yil 10-noyabrga qadar takliflarini kiritsin.
5. Qayd etib o‘tilsinki:
ko‘zi ojiz saylovchilar uchun saylov byulletenlari saylovga kamida yigirma kun qolganida nashr etiladi va tegishli tartibda rasmiylashtirilib, okrug saylov komissiyasiga yuboriladi;
uchastka saylov komissiyalari ko‘zi ojiz saylovchilar uchun saylov byulletenlarini okrug saylov komissiyalaridan saylovga kamida uch kun qolganida oladi;
6. Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida, shuningdek boshqa manbalarda e’lon qilinsin.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi kotibi S. Qurbankulov zimmasiga yuklansin.
RaisM. Abdusalomov