№ 764 2016-yil 28-oktabr
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI SAYLOVI BO‘YICHA SAYLOV KAMPANIYASI DAVRIDA O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTLIGIGA NOMZODLARNING SAYLOVOLDI TASHVIQOTI TO‘G‘RISIDA
“O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5, 9-moddalari, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 14, 28-285-moddalariga asosan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi
QAROR QILADI:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarga saylovoldi tashviqoti davrida:
O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston” va “Yoshlar” respublika teleradiokanallarida 638 daqiqadan efir vaqti 1-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining 13 ta mahalliy teleradiokanalida 206 (286) daqiqadan efir vaqti 2-ilovaga muvofiq;
“Xalq so‘zi”, “Narodnoye slovo” va “Pravda Vostoka” gazetalarida nashr maydonining 6 sahifasidan, shuningdek “Ovozi tojik” va “Nurli jol” gazetalarida nashr maydonining 5 sahifasidan iborat nashr maydoni 3 va 3a-ilovaga muvofiq;
30 ta mahalliy gazetada nashr maydonining 55,5 sahifasidan iborat nashr maydoni 4-ilovaga muvofiq;
respublika mintaqalarida 642 tadan tashqi reklama vositasi (maxsus konstruksiyalar, shchitlar, ekranlar, billbordlar) 5-ilovaga muvofiq;
respublika mintaqalaririning 36 ta elektron monitorida tashviqot roliklarini joylashtirish uchun 6-ilovaga muvofiq bepul berilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning barcha ommaviy axborot vositalarida chiqishlari quyidagi tartibda amalga oshirilsin:
a) O‘zbekiston “Milliy tiklanish” Demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod – Otamuratov Sarvar Sadullayevich;
b) Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod – Mirziyoyev Shavkat Miromonovich;
v) O‘zbekiston Xalq-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod – Ketmonov Xatamjon Abduraxmonovich;
g) O‘zbekiston “Adolat” Sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod – Umarov Narimon Majitovich.
3. Ommaviy axborot vositalari saylovoldi tashviqoti davrida:
bepul berilgan efir vaqti va nashr maydoni doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning chiqishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratib bersin;
yangiliklar dasturlarida va boshqa axborot materiallarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tadbirlarini yoritishda teng sharoitlar prinsipiga rioya qilsin;
boshqa nomzodlarning ommaviy axborot vositalaridan foydalanishdagi teng huquqlarini buzadigan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning ishlab chiqarish yoki xizmat vazifalarini yangiliklar dasturlarida va boshqa axborot materiallarida yoritishdan o‘zlarini tiyib tursin;
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2016-yil 3-oktabrda qabul qilingan 743-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqotini olib borish tartibi to‘g‘risidagi nizom talablariga so‘zsiz rioya qilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi saylovoldi tashviqoti davrida:
ommaviy axborot vositalarida, shuningdek umumiy foydalanishdagi telekommunikatsiya tarmoqlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tadbirlari yoritib borilishi ustidan uzluksiz monitoring o‘tkazilishini ta’minlasin;
monitoring ma’lumotlarini har kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari:
mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikda tashqi reklama vositalari aniq joyini belgilab olsin va ularni saylovoldi tashviqoti materiallarini joylashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarga teng shartlarda taqdim etsin;
binolarga, inshootlarga, tashqi reklama vositalariga va boshqa yerlarga joylashtirilgan saylovoldi tashviqoti materiallarining saylovga bir kun qolganda olib tashlanishini ta’minlasin;
tegishli okrug hududida saylovoldi tashviqoti davomida saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ijro etilishi ustidan samarali nazorat o‘rnatsin.
6. “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ saylovoldi tashviqoti davrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning O‘zbekiston Respublikasining butun hududida aviatsiya va temir yo‘lning yo‘lovchi transportida bepul yurish huquqini ta’minlasin.
7. “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 255-moddasiga muvofiq:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, hibsga olinishi yoki sud tomonidan beriladigan ma’muriy jazoga tortilishi mumkin emasligi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni majburiy keltirish, shuningdek uning shaxsiy buyumlarini, yukini, transportini, turar joyi va xizmat xonalarini ko‘rikdan o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmasligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish vaqtida transportda kuzatib borish va ularning xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlarini ko‘rsin.
9. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jamoat birlashmalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarga teng shartlarda jihozlangan xonalar bepul taqdim etilishini ta’minlasin, zarur ma’lumot va axborot materiallarini olishda ko‘maklashsin.
10. Ushbu qaror Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida, shuningdek boshqa manbalarda e’lon qilinsin.
11. Ushbu qarorning ijro etilishini nazorat qilish Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari K. Adilov zimmasiga yuklatilsin.
RaisM. Abdusalomov