O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasining qarori
№1449 2025-yil 10-oktabr
Ayrim hududlarda Saylov kodeksi normalarining bir xil tarzda qo‘llanilishini hamda saylov komissiyalari faoliyatini o‘rganish natijalari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14 va 16-moddalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:
1. Toshkent, Sirdaryo, Farg‘ona, Surxondaryo, Buxoro viloyatlari hamda Toshkent shahrida saylov qonunchiligini bir xil tarzda qo‘llanilishi, mahalliy Kengashlar deputatlarining bo‘shab qolgan o‘rinlariga saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish amaliyoti, saylov komissiyalari va saylovlarni moddiy-texnik ta’minlanganligi hamda saylov jihozlarining saqlanish holatini o‘rganish natijalari bo‘yicha Markaziy saylov komissiyasi ishchi guruhining axboroti ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Tegishli xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari, hokimliklari hamda saylov komissiyalari Markaziy saylov komissiyasi ishchi guruhining ma’lumotnomalarida ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida ularga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan zarur choralarni ko‘rsinlar, amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha 2026 yil 5 yanvarga qadar Markaziy saylov komissiyasiga batafsil ma’lumot taqdim etsinlar.
3. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinsin.
4. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisining o‘rinbosari B. Kuchkarov zimmasiga yuklansin.
Rais Z. Nizamxodjayev