№1405 O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovini o‘tkazish davrida jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlash, saylov komissiyalari joylashgan binolarni elektr energiyasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasining qarori

 

№1405                                                  2024-yil  15-oktabr

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovini o‘tkazish davrida jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlash, saylov komissiyalari joylashgan binolarni elektr energiyasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovini o‘tkazish davrida jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlash, saylov komissiyalari joylashgan binolarni elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi Qonunining 4-moddasi, “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi to‘g‘risida”gi Qonunining 3-moddasi, “Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonunining 6-moddasi, “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 9-moddasi, “Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi Qonunining 7-moddasi hamda Saylov kodeksining 14, 16 va 49-moddalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:

 

1. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining a’zosi B. Yunusovning, Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari B. Abdullayevning, Milliy gvardiya qo‘mondonining o‘rinbosari M. Ganiyevning, Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari S. Zuparovning hamda Energetika vaziri o‘rinbosari A. Qobilovning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovini o‘tkazish davrida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi axboroti ma’lumot uchun qabul qilinsin.

 

2. Quyidagilar:

 

Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovini o‘tkazish davrida jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlashni;

 

Favqulodda vaziyatlar vazirligi saylov okruglari va uchastkalari hududlarini favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlashni;

 

Energetika vazirligi saylov komissiyalari joylashgan binolarni, shu jumladan saylov komissiyalarining matbuot markazlari, tezkor axborot berish markazi va ovoz berish binolarini uzluksiz elektr energiya manbasiga ulanishi hamda ularda zaxira elektr ta’minoti mavjud bo‘lishini, ularning xavfsiz va ishonchli ishlashini ta’minlashni amalga oshiradi.

 

3. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovini o‘tkazish davrida jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlashda Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya:

 

saylov okruglari va uchastkalari hududida, saylov komissiyalari joylashgan binolarda, shu jumladan ovoz berish binolarida jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlash uchun mas’ul xodimlarini (keyingi o‘rinlarda – jamoat xavfsizligini ta’minlashga mas’ul xodim) biriktiradi;

 

jamoat xavfsizligini ta’minlashga mas’ul xodimlarini Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ishlab chiqilgan tegishli eslatma bilan ta’minlaydi;

 

jamoat xavfsizligini ta’minlashga mas’ul xodimlariga ularning jamoat xavfsizligini ta’minlashdagi vazifalari, huquq va majburiyatlari bo‘yicha tushuntirishlar berilishini hamda o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilishini tashkil etadi.

 

4. Saylov komissiyalari joylashgan binolar va hududlarning qo‘riqlanishi Milliy gvardiya va ichki ishlar organlarining hududiy rahbarlari tomonidan tasdiqlangan navbatchilik jadvali asosida amalga oshiriladi.

 

5. Jamoat xavfsizligini ta’minlashga mas’ul xodimlar:

 

saylov byulletenlari hududiy, tuman, shahar va uchastka saylov komissiyalari tomonidan olingan kundan e’tiboran saylov byulletenlari hamda boshqa hujjatlar saqlanadigan binolarning (xonalar) qo‘riqlanishini ta’minlaydi;

 

saylov byulletenlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, hududiy, tuman, shahar saylov komissiyalari tomonidan tegishincha uchastka saylov komissiyalariga xavfsiz yetkazib berilishini ta’minlaydi;

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, hududiy, tuman, shahar, okrug va uchastka saylov komissiyalari a’zolari tomonidan saylov natijalariga doir hujjatlar, shu jumladan ovoz berish yakunlariga oid bayonnomalarni tegishli saylov komissiyalariga olib borib topshirishda ularni kuzatib boradi hamda xavfsizligini ta’minlaydi;

 

saylovchilarning yashirin ovoz berish huquqi, o‘z xohish-irodasini bildirish tengligi va erkinligini, shuningdek saylov jarayoni ishtirokchilarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini buzmagan holda jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘radi.

 

6. Jamoat xavfsizligini ta’minlashga mas’ul xodimlarga quyidagilar taqiqlanadi:

 

saylovchilar, kuzatuvchilar va saylov jarayonining boshqa ishtirokchilariga ta’sir o‘tkazish;

 

saylovchi ovoz berayotgan vaqtda yashirin ovoz berish kabinasi yoki xonasiga kirish;

 

biron-bir tashviqot materialini tarqatish;

 

saylovchilardan ular bergan ovozlari haqida surishtirish yoki ularga saylov byulleteniga belgi qo‘yishda yordam ko‘rsatish;

 

saylov komissiyasi faoliyatiga, shu jumladan saylov qutilarini muhrlashga, ularni ochishga, ovozlarni sanab chiqishga aralashish.

 

7. Qonunchilikka muvofiq:

 

saylovchilarning yashirin ovoz berish huquqi, o‘z xohish-irodasini bildirish tengligi va erkinligini buzish, saylov jarayoni ishtirokchilarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga g‘ayriqonuniy ravishda putur yetkazish ma’muriy yoxud jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi;

 

uchastka saylov komissiyasi raisi ovoz berish binosida tinchlik saqlanishi va tartibga rioya qilinishini ta’minlash, ovoz berish va ularni sanab chiqishda g‘ayriqonuniy to‘sqinliklar vujudga kelganida jamoat xavfsizligini ta’minlashga mas’ul xodimga murojaat qilishi;

 

saylov uchastkasi hududidagi tartibsizlik, g‘ayriqonuniy xatti-harakatlar bartaraf etilganidan so‘ng jamoat xavfsizligini ta’minlashga mas’ul xodim uchastka saylov komissiyasi raisi ko‘rsatmasi asosida ovoz berish binosini tark etishi va xizmatni davom ettirishi shartligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

 

8. Uchastka saylov komissiyasining raisi ovoz berish binosida tartibga rioya etilishini nazorat qiladi.

 

9. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, hududiy, tuman, shahar va okrug saylov komissiyalari tegishli hududda mazkur qarorga muvofiq jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlash, shuningdek favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlash, saylov komissiyalari joylashgan binolar, shu jumladan ovoz berish binolari uzluksiz elektr energiya manbasiga ulanishi hamda ularda zaxira elektr ta’minoti mavjud bo‘lishini ta’minlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlarning amalga oshirilishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatsin.

 

10. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinsin.

 

11. Ushbu qaror nusxasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi va hududiy saylov komissiyalariga hamda manfaatdor vazirlik va idoralarga yuborilsin.

 

12. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisining o‘rinbosari B. Kuchkarov zimmasiga yuklansin.

 

 

 

Rais                                                                                                Z. Nizamxodjayev