O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasining qarori
№1395 2024-yil 8-oktabr
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida nogironligi bo‘lgan shaxslarning saylov huquqlarini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida nogironligi bo‘lgan shaxslarga o‘z saylov huquqlaridan to‘sqinliksiz foydalanishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14, 16, 49 va 50-moddalariga hamda “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi Qonunining 10 va 302-moddalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga doir saylov byulletenlarini to‘ldirish uchun Brayl alifbosi asosida tayyorlanadigan trafaret namunasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki, ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi saylovchilar saylov byulletenida o‘z xohish-irodasini mustaqil ifoda eta olishlari uchun har bir saylov uchastkasi saylov byulletenini to‘ldirishda foydalaniladigan, Brayl alifbosi asosida tayyorlangan trafaretlar bilan ta’minlanadi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyatining Moddiy-texnika ta’minoti bo‘limi (J.Faxrutdinov) ushbu qarorning 2-bandidan kelib chiqib, 2024-yil 13-oktabrga qadar tegishli miqdordagi trafaretlar tayyorlanishi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, hududiy, tuman, shahar saylov komissiyalari orqali har bir saylov uchastkasiga yetkazib berilishini ta’minlasin.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar, viloyatlar, tuman va shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 2-iyuldagi 1343-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari saylovida ovoz berishni tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomda belgilangan talablardan kelib chiqib:
saylov uchastkalarida nogironligi bo‘lgan va jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinalari joylashtirilishini;
saylovchilar ro‘yxatida ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi saylovchilar mavjud bo‘lgan saylov uchastkalarida optik lupalar (kattalashtiruvchi oynalar) hamda qo‘shimcha yoritkichlar bo‘lishini;
ehtiyojdan kelib chiqib, nogironligi bo‘lgan saylovchilar gavjum yashaydigan hududlarda, ularning saylov uchastkalariga kelib ketishlari uchun bepul transport qatnovi yo‘lga qo‘yilishini;
uchastka saylov komissiyasi binosiga kirish joyida belgilangan talablarga javob beradigan nogironlar aravachasiga moslashtirilgan nishab yo‘laklari (panduslar) mavjudligi, shuningdek nishab yo‘laklarini o‘rnatish imkoni bo‘lmasa, binoga kirish joyida “yordamga chaqirish” tugmasi bilan jihozlanganligi xatlovdan o‘tkazilishini;
saylov uchastkasi joylashgan binolarda aniqlangan kamchiliklarni 2024-yil 15-oktabrga qadar bartaraf etish hamda ushbu binolarga nogironligi bo‘lgan saylovchilarning kelib-ketishi va bino ichida erkin harakatlanishi uchun sharoitlar yaratilishini;
amalga oshirilgan ishlar haqida 2024-yil 17-oktabrga qadar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga yozma ma’lumot berilishini ta’minlasin.
5. Uchastka saylov komissiyalari tuman (shahar) “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari ko‘magida:
saylovchilar ro‘yxatini aniqlashtirish vaqtida nogironligi bo‘lgan saylovchilar, shu jumladan saylov uchastkasiga mustaqil ravishda bora olmaydigan saylovchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar asosida ularning ro‘yxatini tuzish, ehtiyojga ko‘ra nogironligi bo‘lgan saylovchilar turgan joylarida ovoz berishlarini tashkil etish choralarini ko‘rsin;
saylov uchastkasiga bora oladigan eshitish, ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan saylovchilar, shuningdek, ovoz berish jarayonida o‘zgalar yordamiga muhtoj bo‘lgan saylovchilar to‘g‘risida saylovchilarning ro‘yxatlarini shakllantirsin;
saylov kuni ovoz berish jarayonlarini binoning birinchi qavatida o‘tkazishga alohida e’tibor qaratsin;
nogironligi bo‘lgan saylovchilar saylov uchastkalarida saylovga oid ma’lumotlar, siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarning axborot materiallari (plakatlari) bilan tanishishi hamda o‘zlari munosib deb topgan nomzodga, siyosiy partiyaga erkin, to‘siqlarsiz va yashirin ovoz berishi uchun sharoit yaratsin.
6. Siyosiy partiyalarga quyidagilar tavsiya etilsin:
saylovchilar bilan uchrashuvlarda nogironligi bo‘lgan saylovchilarning ishtirokini ta’minlash va ularning binolarga kirishlari uchun qulay sharoitlar yaratish, jumladan uchrashuvlarni tashviqot olib borish uchun tanlangan binoning birinchi qavatida o‘tkazishga alohida e’tibor qaratish;
bosma, ko‘rgazmali, audiovizual hamda boshqa tashviqot materiallarini tayyorlash va tarqatish, saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish orqali saylovoldi tashviqotini olib borishda nogironligi bo‘lgan saylovchilarning alohida ehtiyojlarini (imo-ishora tili, surdo tarjima, subtitr yozuvi, Brayl alifbosi) inobatga olish va bunda ommaviy axborot vositalari, internet va mobil aloqa imkoniyatlaridan keng foydalanish.
7. Ommaviy axborot vositalariga saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida yoritishda ularni nogironligi bo‘lgan fuqarolar uchun qulay shaklda (imo-ishora tili, surdo tarjima, subtitr yozuvi, Brayl alifbosi va boshqa shakllar) tayyorlash choralarini ko‘rish tavsiya etilsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ovoz berish binolariga yaqin bo‘lgan avtomobillar to‘xtab turish joylarida nogironligi bo‘lgan saylovchilar avtotransport vositalari uchun to‘xtab turish joylarini tashkil etsin.
9. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinsin.
10. Ushbu qaror nusxasi manfaatdor vazirlik va idoralarga yuborilsin.
11. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisining o‘rinbosari B. Kuchkarov zimmasiga yuklansin.
Rais Z. Nizamxodjayev