№1389 O‘zbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosarining Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi va saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish, saylov komissiyalarining internet va aloqa vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqidagi axboroti to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasining qarori

 

 

№1389                                                  2024-yil  27-sentabr

 

O‘zbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosarining Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi va saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish, saylov komissiyalarining internet va aloqa vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqidagi axboroti to‘g‘risida

 

Joriy yil 27-oktyabrda mamlakatimizda o‘tkaziladigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga saylov jarayonlarida “E-Saylov” va Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimlaridan foydalanilmoqda.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-fevraldagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida saylov jarayonlariga O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi bilan hamkorlikda “E-Saylov” axborot tizimi ishlab chiqilib, joriy etildi.

 

Hozirgi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, hududiy, tuman, shahar saylov komissiyalariga Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi va “E-saylov” tizimlaridan foydalanish imkoniyati yaratilgan.

 

Saylovchilarga qulaylik yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida Saylov uchastkasini aniqlash xizmati ishga tushirilgan.

 

O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, hududiy, tuman, shahar, okrug va uchastka saylov komissiyalari telefon aloqasi, Internet xizmatlari bilan ta’minlandi.

 

Saylov jarayonini tashkil qilishda raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish orqali saylov jarayoni ishtirokchilari tomonidan saylov komissiyalariga hujjatlarni taqdim etish, saylov komissiyalarining qarorlarini qabul qilish, shuningdek saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq boshqa jarayonlarni elektron shaklda amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14 va 16-moddalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:

 

1. O‘zbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vazirining o‘rinbosari J.Maxsudovning saylov jarayoniga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, jumladan, Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi va Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish, saylov komissiyalarining joylashgan manzillari bo‘yicha telekommunikatsiya tarmoqlariga ulash borasida amalga oshirilgan ishlar haqidagi axboroti ma’lumot uchun qabul qilinsin.

 

2. O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligiga:

 

joriy yilning 1-oktyabrigacha O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron shaklda Saylov uchastkasini almashtirishga so‘rov yuborish xizmatini ishga tushirish;

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, hududiy, tuman, shahar, okrug va uchastka saylov komissiyalarini telefon aloqasi, Internet (TAS-IX) xizmatlari bilan to‘liq ta’minlash hamda ularga Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi va “E-Saylov” tizimlaridan foydalanishda ko‘maklashish;

 

ko‘rsatilayotgan xizmatlarning uzluksizligi va yuksak sifatini ta’minlash hamda doimiy nazoratga olish, tegishli saylov komissiyalarida soha mutaxassislarini belgilab, ularning navbatchiligini tashkil etish, ayni paytda, joylarda telekommunikatsiya xizmatlari bo‘yicha yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni tezkorlik bilan hal qilish maqsadida, maxsus guruhlar tashkil etish, ularni avtotransport va zarur ekspluatatsiya zaxiralari bilan ta’minlash vazifasi yuklatilsin.

 

3. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Personallashtirish agentligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi rahbarlari Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi va Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish va yangilab borish uchun ma’lumotlarning ishonchliligi, dolzarbligi va o‘z vaqtida taqdim etilishi yuzasidan shoshilinch choralar ko‘rsinlar.

 

4. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinsin.

 

5. Ushbu qaror nusxasi manfaatdor vazirlik va idoralarga yuborilsin.

 

6. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi o‘rinbosari B. Kuchkarov zimmasiga yuklansin.

 

 

Rais                                                                               Z. Nizamxodjayev