Sayt test rejimida ishlamoqda

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI
MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Ko'rinish:

Shrift hajmi:

№1278 O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi huzuridagi tezkor axborot berish markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasining qarori

 

 

№1278                          2023-yil 6-iyun

 

 

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi huzuridagi tezkor axborot berish markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida

 

 

Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga (keyingi o‘rinlarda – saylov) tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari tezkor va samarali ko‘rib chiqilishini, shuningdek fuqarolarga saylovga oid masalalar yuzasidan tezkor va qulay tarzda huquqiy tushuntirish va maslahatlar berilishini tashkil etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 8, 14 va 101-moddalariga asosan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:

 

1. Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi huzurida tezkor axborot berish markazi (keyingi o‘rinlarda – “Call-center”) tashkil etilsin.

 

2. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi huzuridagi tezkor axborot berish markazi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

 

3. Belgilansinki, “Call-center” Toshkent shahri, Navoiy ko‘chasi, 1-uyda (Maʼrifat markazi, Simpoziumlar saroyi binosi) joylashtiriladi hamda 2023-yil 10-iyundan boshlab saylov natijalari eʼlon qilinadigan (hammaga maʼlum qilinadigan) kunga qadar faoliyat olib boradi.

 

4. O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi:

 

respublika hududi bo‘ylab fuqarolar tomonidan “Call-center”ga chiquvchi qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirish uchun ko‘p tarmoqli va qisqa raqamli alohida aloqa liniyasi ajratilishini hamda uning uzluksiz ishlashini;

 

ikki kun ichida “Call-center” faoliyatini samarali tashkil etish uchun zarur texnika vositalari (kompyuter, printer, skaner, telefon apparati, quloqchin, mikrofon, LED-monitor va boshqa zarur vositalar) bilan jihozlanishini, shuningdek ularni telekommunikatsiya tarmoqlariga (telefon aloqasi va yuqori tezlikdagi Internet) ulanishini taʼminlasin.

 

5. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyati Yuridik taʼminlash va murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘limi (I. Xadjiyev) “Call-center” faoliyati ustidan doimiy nazorat o‘rnatilishini va monitoring yuritilishini taʼminlasin.

 

6. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan kelishilgan.

 

7. Mazkur qaror matni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinsin.

 

8. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari B. Kuchkarov zimmasiga yuklansin.

 

 

Rais                                                                                    Z. Nizamxodjayev

 

ILOVA