Sayt test rejimida ishlamoqda

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI
MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Ko'rinish:

Shrift hajmi:

№1262 O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasining qarori

 

 

№1262                          2023-yil 19-may

 

 

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida

 

 

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 8, 14 va 16-moddalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash, shuningdek saylov kampaniyasini ommaviy axborot vositalarida (keyingi o‘rinlarda – OAV) yoritib borish, saylov jarayoni barcha ishtirokchilariga, keng jamoatchilikka, milliy va xorijiy OAV vakillariga tezkor, xolis va to‘liq axborot berish uchun zarur sharoitlar yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:

 

1. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazi (keyingi o‘rinlarda – Matbuot markazi) tashkil etilsin.

 

Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari huzurida Matbuot markazining hududiy bo‘linmalari sifatida hududiy matbuot markazlari tashkil etiladi va ularga umumiy rahbarlik qilish hamda ularning faoliyatini muvofiqlashtirish Matbuot markazi tomonidan amalga oshiriladi.

 

2. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga va uning tarkibiy tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

 

3. Matbuot markazi Toshkent shahri, Navoiy ko‘chasi, 1-uyda (Maʼrifat markazi, Simpoziumlar saroyi binosi) joylashtirilsin.

 

4. Matbuot markazi:

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi jarayonini OAVda keng yoritish, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq brifinglar, matbuot anjumanlarini tayyorlash va o‘tkazish, jurnalistlarga va jamoatchilikka saylovga oid masalalar bo‘yicha tezkor axborot berib borish va maʼlumotlarni yetkazish ishlarini tashkil etsin;

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga oid axborot materiallarini saylovchilarga, nomzodlarga, kuzatuvchilarga va keng jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-sayti, mobil ilovalari, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari va boshqa manbalarida yuritilishini taʼminlasin.

 

5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

 

Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda Matbuot markazi va uning hududiy bo‘linmalari faoliyatini samarali tashkil etish uchun zarur bino va xonalar ajratilishini hamda ularning zarur texnika vositalari (kompyuter, printer, skaner, nusxa ko‘chirish apparati, telefon apparati, proyektor, LED-monitor, sinxron tarjima uchun qurilmalar va boshqa vositalar) bilan jihozlanishini, shuningdek ularni telekommunikatsiya tarmoqlariga (telefon va yuqori tezlikdagi Internet) ulanishini taʼminlasin;

 

Matbuot markazi va uning hududiy bo‘linmalariga avtotransport, shuningdek bannerlar, elektron reklama stendlari, bilbordlar va boshqa zarur jihozlar ajratilishi bo‘yicha zarur choralar ko‘rsin;

 

Matbuot markazining hududiy bo‘linmalariga 4 nafar mutaxassisdan iborat tarkibda malakali mutaxassislarni jalb qilish yuzasidan tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

 

6. Matbuot markaziga mutaxassislarni jalb etish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Matbuot xizmati rahbari taqdimnomasiga asosan Markaziy saylov komissiyasi hamda mutaxassislar o‘rtasida tuziladigan fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida, Matbuot markazining hududiy bo‘linmalariga mutaxassislarni jalb etish esa, Markaziy saylov komissiyasining Matbuot xizmati rahbari bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyasi hamda mutaxassislar o‘rtasida tuziladigan fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida amalga oshiriladi.

 

7. Markaziy saylov komissiyasining doimiy asosda ishlovchi aʼzosi A. Ibodullayev O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyatining bosh buxgalteri Sh. Umarov hamda Matbuot xizmatining rahbari M. Alimbayev bilan birgalikda Matbuot markazi va uning hududiy bo‘linmalariga jalb etilgan xodimlar va ekspertlar bilan belgilangan tartibda fuqarolik-huquqiy shartnomalar rasmiylashtirilishini va shu asosda ish haqi to‘lovlari amalga oshirilishini taʼminlasin.

 

8. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinsin.

 

9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari B. Kuchkarov zimmasiga yuklatilsin.

 

 

Rais                                                                Z. Nizamxodjayev

 

ILOVA