№1231 Ovoz beruvchi fuqarolarni biometrik identifikatsiya qilish tizimini tajriba-sinov tariqasida ayrim referendum uchastkalarida joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasining qarori

 

 

№ 1231                            2023-yil 12-aprel

 

 

Ovoz beruvchi fuqarolarni biometrik identifikatsiya qilish tizimini tajriba-sinov tariqasida ayrim referendum uchastkalarida joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida

 

 

Referendumda ovoz berish jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 18 va 34-moddalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:

 

1. Referendum o‘tkazuvchi 14-Toshkent shahar okrug komissiyasining tavsiyasiga asosan Toshkent shahrining tumanlari hududida joylashgan ayrim referendum uchastkalarida referendum kuni ovoz beruvchi fuqarolarni biometrik identifikatsiya qilish tizimi tajriba-sinov tariqasida joriy etilsin.

 

2. Tajriba-sinov tariqasida ayrim referendum uchastkalarida ovoz beruvchi fuqarolarni biometrik identifikatsiya qilish tartibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

 

3. O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi Adliya vazirligi va Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda ovoz beruvchi fuqarolarni biometrik identifikatsiya qilish uchun joriy yilning 25-apreliga qadar referendum o‘tkazuvchi 14-Toshkent shahar okrug komissiyasining tavsiyasi asosida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan taqdim etilgan ro‘yxatga muvofiq ayrim referendum uchastkalarida biometrik identifikatsiya qilish qurilmalari o‘rnatilishi va referendum kuni uzluksiz ishlashini taʼminlasin.

 

4. Toshkent shahar hokimligi O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ bilan birgalikda joriy yilning 25-apreliga qadar ovoz beruvchi fuqarolarni biometrik identifikatsiya qilish tizimi tajriba-sinov tariqasida joriy etiladigan referendum uchastkalari uzluksiz elektr manbaiga ulanishi hamda ularda zaxira elektr taʼminoti mavjud bo‘lishini taʼminlasin.

 

5. Referendum o‘tkazuvchi 14-Toshkent shahar okrug komissiyasi biometrik identifikatsiya qilish tizimi tajriba-sinov tariqasida joriy etiladigan referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyalari bilan birgalikda ushbu uchastkalarda ovoz berishda tajriba-sinov tariqasida fuqarolar biometrik identifikatsiya qilinishi va uni amalga oshirish tartibi haqida keng tushuntirish ishlari olib borilishini taʼminlasin.

 

6. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinsin.

 

7. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari B. Kuchkarov zimmasiga yuklansin.

 

 

Rais                                                                             Z. Nizamxodjayev

 

 

ILOVA