Mamlakatimiz saylov qonunchiligi va amaliyoti so‘nggi yillarda tobora demokratlashib, takomillashib bormoqda. Natijada milliy parlamentimiz va davlat hokimiyatining mahalliy vakillik organlari saylovida va faoliyatida muhim yangilanishlar amalga oshirildi. Xususan, davlat boshqaruvida siyosiy partiyalarning roli yanada mustahkamlanib, saylangan deputatlar va senatorlarning parlament hamda mahalliy kengashlar faoliyatidagi mas’uliyati va faolligini oshirish, fuqarolarning saylash va saylanish huquqlarini yanada to‘laqonli ta’minlashga erishilmoqda.
Bunda 2023-yil 30-aprel kuni umumxalq referendumida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiya va milliy saylov qonunchiligiga kiritilgan yangi o‘zgartirishlar muhim omil bo‘lmoqda.
Bu esa Yangi O‘zbekistonda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan amalga oshirilayotgan keng qamrovli insonparvar, adolatli, xalqchil islohotlarning mantiqiy davomi sifatida ham milliy, ham nufuzli xorijiy olimlar, ekspertlar, davlat va jamoat arboblarining e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda.
Aytish joiz, dunyoning rivojlangan mamlakatlarida sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan, saylovchilarning xohish-istaklariga, talablariga to‘la javob beradigan, saylovlarni aholi uchun eng maqbul bo‘lgan shaklda tashkil etish va o‘tkazish tartiblari hamda saylov tizimlari mavjudki, ayniqsa, aralash saylov tizimidan ko‘plab huquqiy demokratik davlatlarda samarali foydalanib kelinmoqda. Shu sababli ham, 2023-yil 18-dekabr kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni bilan mamlakatimizda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini aralash saylov tizimi asosida o‘tkazish tartibi belgilanganligi bejiz emas.
Ushbu Konstitutsiyaviy qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga va amaldagi yettita qonunga saylov va referendumni tashkil etish hamda o‘tkazish tartibini mamlakatimiz siyosiy hayotida amalga oshirilgan tizimli islohotlar natijalariga, siyosiy-huquqiy madaniyati yuksalib borayotgan xalqimizning talablariga, shuningdek rivojlangan demokratik huquqiy davlatlarning ilg‘or amaliyotiga uyg‘unlashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Saylov qonunchiligidagi ushbu yangi normalar 2024-yil 27-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlar deputatlarining saylovida amaliyotga tatbiq etilib, muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazildi.
Bunda, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining saylovi aralash saylov tizimi talablariga mos tarzda o‘tganligi alohida ahamiyat kasb etdi. Zero, mamlakatimiz mustaqilligining dastlabki yillaridan to 2024-yilga qadar barcha darajadagi saylovlar faqat mojaritar saylov tizimi asosida o‘tkazilgan. O‘sha saylovlarda ishtirok etgan saylovchi fuqarolarimiz an’anaviy tarzda o‘zlari istiqomat qilayotgan hududda tashkil etilgan bir mandatli saylov okrugidan deputatlikka nomzod etib ko‘rsatilgan ikki yoki undan ortiq deputatlikka nomzodlar orasidan o‘zlari uchun ma’qul nomzodga ovoz bergan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 150 nafar deputatini saylash uchun 150 ta bir mandatli saylov okruglari tashkil etilgan. Har bir saylov okrugidan bir nafardan, jami 150 nafar deputat saylangan.
Muhim yangilik: aralash saylov tizimi
Aralash saylov tizimi o‘zida mohiyatan ikkita –– proporsional va majoritar saylov tizimini uyg‘unlashtirgan. Unda vakillik organidagi mandatlarning, ya’ni deputatlik o‘rinlarining bir qismi deputatlikka nomzodlarning partiyaviy ro‘yxatiga muvofiq siyosiy partiyalarga berilgan ovozlarga mutanosib ravishda, ikkinchi qismi esa bevosita siyosiy partiya tomonidan bir mandatli saylov okruglaridan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlarga berilgan ovozlar natijasiga ko‘ra taqsimlanadi.
Mamlakatimizda 2024-yilning oktyabr oyida o‘tkazilgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining saylovi ushbu yangi saylov tizimi asosida o‘tkazildi.
Bunda, Qonunchilik palatasining 75 nafar deputati avvalgidek bevosita bir mandatli saylov okruglaridan saylandi, qolgan 75 nafar deputat esa siyosiy partiyalarning saylovda olgan ovozlari soniga proporsional tarzda, partiya tomonidan taqdim etilgan deputatlikka nomzodlarning partiyaviy ro‘yxati bo‘yicha saylandi.
Mojaritar saylov tizimi bo‘yicha saylovda ishtirok etgan beshta siyosiy partiyaning har biri bir mandatli saylov okruglarining har biridan bittadan jami 75 nafardan, umumiy hisobda 375 nafar deputatlikka nomzodlarni ko‘rsatdi.
Proporsional saylov tizimida yagona saylov okrugi bo‘yicha siyosiy partiya tomonidan taqdim etilgan deputatlikka nomzodlarning ro‘yxatiga kamida 75 nafar, ko‘pi bilan 100 nafar nomzodlar kiritilishi mumkinligi saylov qonunchiligida belgilangan edi.
Ushbu qonun talabiga asosan siyosiy partiyalar o‘zlariga berilgan proporsional saylov tizimi bo‘yicha deputatlikka nomzod ko‘rsatish vakolatidan maksimal foydalangan holda, siyosiy partiyaning deputatlikka nomzodlari ro‘yxati bo‘yicha har bir partiya 100 nafardan, umumiy hisobda 500 nafar deputatlikka nomzod taqdim etdi.
Saylov kodeksi talablariga muvofiq, partiya ro‘yxatiga kiritilgan nomzodlar ushbu siyosiy partiyaning a’zolari yoki partiyasiz bo‘lishi kerak. Boshqa siyosiy partiyaning a’zolari ushbu ro‘yxatga kiritilishi mumkin emas. Ayni bir nomzod faqat bitta partiya ro‘yxatiga kiritilishi mumkin.
Bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha ko‘rsatilgan nomzodlar partiya ro‘yxatiga kiritilishi mumkin emas. Deputatlikka nomzodlarni tanlash tartibi siyosiy partiyalar tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi.
Ayollarning soni bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha, shuningdek partiya ro‘yxati asosida siyosiy partiyadan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlar sonining kamida qirq foizini (avvallari bu miqdor o‘ttiz foiz edi) tashkil etishi kerak. Bunda partiya ro‘yxatidagi ketma-ketlikda kamida har besh nafar nomzodning ikki nafari ayol kishi bo‘lishi lozimligi belgilangan bo‘lib, siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda yuqoridagi qonun talablariga to‘la rioya etildi.
Yana bir yangilik, milliy saylov tizimiga ilk marotaba joriy etilgan “E-saylov” axborot tizimi orqali saylov komissiyalarining siyosiy partiyalar, nomzodlar, kuzatuvchilar va OAV bilan munosabatlari to‘liq elektron tarzda amalga oshirildi. Saylov jarayoni ishtirokchilari ushbu axborot tizimidan professional tarzda foydalandilar. Xususan, siyosiy partiyalar barcha darajadagi vakillik organlarining deputatligiga nomzodlarini tegishli saylov komissiyalariga ushbu axborot tizimi orqali elektron tarzda taqdim etdilar. O‘z navbatida, saylov komissiyalari ham siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan deputatlikka nomzodlarni ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi qarorlarini ushbu axborot tizimi orqali qabul qildilar.
Saylovning barcha bosqichlari to‘liq raqamlashtirilib, milliy saylov tizimiga “E-saylov” axborot tizimining muvaffaqiyatli joriy etilgani saylov jarayonidagi byurokratik to‘siqlarni keskin kamaytirish, ortiqcha sarf-xarajatlarning oldini olish, qog‘oz sarfini tejash va shaffoflikni oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Bu boradagi yana bir muhim yangilik – elektron ovoz berish imkoniyatlaridan sinov tariqasida amaliyotda foydalanish bo‘ldi. Bu istiqboldagi saylovlarni tashkil etish bo‘yicha muhim yo‘nalishlarni belgilab berdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga aralash saylov tizimi bo‘yicha saylov o‘tkazilishi munosabati bilan, har bir saylovchiga mojaritar saylov tizimi bo‘yicha bitta, proporsional saylov tizimi bo‘yicha bitta, jami ikkita saylov byulleteni berildi. Ushbu byulletenlarda:
– mojaritar saylov tizimida, bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha o‘tkazilgan saylovlarda saylov byulleteniga siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlarning ism-sharifi kiritildi;
– proporsional saylov tizimida, Qonunchilik palatasi deputatlarining yagona saylov okrugi bo‘yicha o‘tkazilgan saylovda saylov byulleteniga saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning nomi kiritildi;
– saylov byulletenini to‘ldirishda saylovchi mustaqil ravishda qaror qabul qilib, o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etdi, shu tariqa o‘zi ma’qul deb topgan deputatlikka nomzodni yoki siyosiy partiyani yoqlab ovoz berdi.
Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar saylovi natijalarini belgilash tartibi takomillashtirilishi bir mandatli saylov okruglarida boshqa nomzodlarga nisbatan ko‘proq ovoz olgan deputatlikka nomzod saylangan, deb hisoblanishi joriy etildi. Boshqacha aytganda, bu galgi saylovda ilgari bo‘lgani kabi mutlaq ko‘pchilik emas, balki nisbiy ko‘pchilik ovozi bilan deputatlar saylanishi ta’minlandi.
O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi fuqarolari Qonunchilik palatasi saylovida ilk bor proporsional tizimi bo‘yicha ovoz berishda ishtirok etdilar. Bu chet davlatlarda bo‘lib turgan fuqarolarimizning siyosiy irodasini ro‘yobga chiqarish hamda ularning bergan ovozini o‘zlariga aloqasi bo‘lmagan boshqa saylov okrugi hisobiga o‘tkazish kabi noto‘g‘ri amaliyotga barham berdi.
Saylov kodeksida mahalliy Kengashlarga saylov o‘tkazish uchun saylov okruglari tegishli deputatlik o‘rinlariga teng miqdorda tuzilishi, deputatlik o‘rinlari soni esa aholi sonidan kelib chiqqan holda aniq belgilab qo‘yilgani huquqni qo‘llash amaliyotini yanada mustahkamlash imkonini berdi.
Yuqoridagilar bilan birga, saylovlarni professional, ochiq va demokratik tarzda tashkil etish va o‘tkazishni yanada takomillashtirish maqsadida, Markaziy saylov komissiyasining konstitutsiyaviy maqomi yanada mustahkamlandi. Saylov komissiyalarining vertikal tizimi, ya’ni Markaziy saylov komissiyasi — hududiy saylov komissiyasi — tuman va shahar saylov komissiyasi — okrug saylov komissiyasi — uchastka saylov komissiyasi tuzilmasi joriy etilgani saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni sifat jihatdan yaxshilashga xizmat qildi.
Okrug saylov komissiyalarining saylov uchastkalari va uchastka komissiyalarini tuzish, tegishli hududda deputatlikka nomzodlarning ishonchli vakillarini ro‘yxatga olish kabi vakolatlari hududiy saylov komissiyalari tomonidan amalga oshirildi.
Proporsional saylov tizimi: o‘ziga xoslik nimada?
2024-yil Qonunchilik palatasi deputatlarining saylovida proporsional saylov tizimidan foydalanilganligi sababli, uning o‘ziga xos xususiyatlari, xorijiy davlatlarda qo‘llanilish amaliyoti va afzalliklari to‘g‘risida qisqacha to‘xtalib o‘tishni lozim topdik.
Proporsional saylov tizimi – xalqaro amaliyotda mavjud saylov tizimlarining turlaridan biri bo‘lib, majoritar saylov tizimidan bir asr keyin vujudga kelgan. Saylov proporsional tizim asosida o‘tkazilganda deputatlik mandatlari, ya’ni vakillik organidagi mavjud deputatlik o‘rinlari siyosiy partiyalar tomonidan shakllantirilgan deputatlikka nomzodlarning partiyaviy ro‘yxatlari uchun siyosiy partiyalarga berilgan ovozlarga mutanosib ravishda taqsimlanadi.
Mojaritar saylov tizimidan farqli o‘laroq, saylovchi bevosita deputatlikka nomzod shaxsga emas, balki saylovda ishtirok etayotgan, deputatlikka nomzodlar ro‘yxatini taqdim etgan siyosiy partiyaga ovoz beradi.
Hozirgi kunda proporsional saylov tizimi ancha keng tarqalgan. Jumladan, G‘arbiy Yevropa, Lotin Amerikasi, ayrim Osiyo mamlakatlarida saylovlar proporsional saylov tizimi asosida o‘tkaziladi.
Proporsional saylov tizimida saylov natijalarini aniqlashda qonunchilikda vakillik organidagi mavjud deputatlik mandatlariga da’vogarlik qilish uchun siyosiy partiyalar qo‘lga kiritishi zarur bo‘lgan ovozlarning asosan to‘rt yoki besh foizlik eng kam miqdori (o‘tish plankasi, bareri) belgilanadi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining saylov natijalarini belgilash deb nomlangan 96-moddasiga muvofiq – Qonunchilik palatasiga saylovda yagona saylov okrugi bo‘yicha ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning kamida yetti foiz ovozini olgan siyosiy partiyalar belgilangan tartibda mandatga ega bo‘ladi.
Saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiya qonunchilikda belgilangan eng kam miqdordagi yoki undan ko‘proq saylovchilarning ovozini to‘play olsagina, ushbu siyosiy partiyaga deputatlik mandatlari taqsimlanadi. Buning uchun avvalo, saylovchilar bergan ovozlar vakillik organida mavjud bo‘lgan deputatlik o‘rinlarining soniga bo‘linadi. Natijada bitta mandat (deputatlik o‘rni) uchun to‘planishi lozim bo‘lgan ovozlar miqdori ma’lum bo‘ladi va u saylov koeffitsiyenti hisoblanadi. So‘ng, saylovchilarning har bir siyosiy partiyani yoqlab bergan ovozlari alohida-alohida hisoblab chiqiladi. Har bir siyosiy partiya olgan ovozlar soni saylov koeffitsiyentiga bo‘linadi, natijada mazkur partiya ega bo‘lgan deputatlik o‘rinlarining umumiy soni aniq bo‘ladi.
Qayd etish lozimki, 2024-yil saylovlarida ishtirok etgan mamlakatimizdagi beshta siyosiy partiyaning barchasi ushbu barerdan muvaffaqiyatli o‘tib, Qonunchilik palatasida tegishli deputatlik o‘rinlariga ega bo‘ldi.
Odatda, proporsional saylov tizimining ikki xil ko‘rinishi mavjud. Birinchisi, umumdavlat darajasidagi proporsional saylov tizimi bo‘lib, unda mamlakat hududi saylov okruglariga bo‘linmaydi. Siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilayotgan deputatlikka nomzodlarning partiyaviy ro‘yxati butun mamlakat hududi bo‘yicha shakllantirilgan holda taqdim etiladi. Saylovchilar o‘sha partiyaviy ro‘yxatni inobatga olgan holda siyosiy partiyalarni yoqlab ovoz beradilar. Parlamentdagi deputatlik mandatlari partiyalarning olgan umumiy ovozlariga mutanosib ravishda yagona saylov okrugi bo‘yicha taqsimlanadi.
Ikkinchisi, ko‘p mandatli okruglarga asoslangan proporsional saylov tizimi bo‘lib, unda mamlakat hududi yirik ma’muriy-hududiy birliklarni inobatga olgan holda saylov okruglariga bo‘linadi. Siyosiy partiyalar tomonidan saylov okruglari kesimida, deputatlikka nomzodlarning partiyaviy ro‘yxatlari taqdim etiladi. Bunda, saylovchilar deputatlikka nomzodlarning partiyaviy ro‘yxatlarini inobatga olgan holda, saylov okruglari kesimida siyosiy partiyalarni yoqlab ovoz beradilar. Parlamentdagi deputatlik mandatlari partiyalarning har bir saylov okrugida olgan ovozlariga mutanosib ravishda, saylov okruglari kesimida taqsimlanadi.
2024-yil saylovlarida mamlakatimizda proporsional saylov tizimining birinchi ko‘rinishi qo‘llanildi. Saylovchilar siyosiy partiyalarga ovoz berdi. Qaysi siyosiy partiya qancha ovoz olganiga qarab, deputatlik o‘rinlariga ega bo‘ldi. Saylov kodeksiga muvofiq Qonunchilik palatasidagi bir yuz ellikta deputatlik o‘rinlaridan, yetmish beshtasi proporsional saylov tizimi bo‘yicha siyosiy partiyalarga berilgan ovozlarga mutanosib holda taqsimlandi. Xususan:
– Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi – 5 194 041 ta yoki 34,75 foiz ovoz to‘pladi va taqsimotga ko‘ra 26 ta deputatlik o‘rniga ega bo‘ldi;
– O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi – 2 812 493 ta yoki 18,82 foiz ovoz to‘pladi va taqsimotga ko‘ra 14 ta deputatlik o‘rniga ega bo‘ldi;
– O‘zbekiston Ekologik partiyasi – 1 960 764 ta yoki 13,12 foiz ovoz to‘pladi va taqsimotga ko‘ra 10 ta deputatlik o‘rniga ega bo‘ldi;
– O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi – 2 558 016 ta yoki 17,11 foiz ovoz to‘pladi va taqsimotga ko‘ra 13 ta deputatlik o‘rniga ega bo‘ldi;
– O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi – 2 420 857 ta yoki 16,20 foiz ovoz to‘pladi va taqsimotga ko‘ra 12 ta deputatlik o‘rniga ega bo‘ldi.
Proporsional saylov tizimining afzalliklaridan biri oraliq saylovning, ya’ni muddatidan oldin bo‘shab qolgan deputatlik o‘rni uchun saylov o‘tkazilmasligida namoyon bo‘ladi. Chunki, saylovchilar saylov kampaniyasi davrida, proporsional saylov tizimi bo‘yicha siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan deputatlikka nomzodlarning partiya ro‘yxatini inobatga olgan holda siyosiy partiyalarni yoqlab ovoz berib bo‘lgan. Har bir partiyaviy ro‘yxatda 75 nafardan 100 nafarga qadar deputatlikka nomzodlar mavjud. Saylovning yakuniy natijalariga ko‘ra biror siyosiy partiya saylovchilarning ellik foizining ovozini olgan taqdirda ham, ushbu siyosiy partiya tomonidan taqdim etilgan partiyaviy ro‘yxatdagi deputatlikka nomzodlarning ko‘pi bilan 38 nafari deputat etib saylanadi, partiyaviy ro‘yxatda qolgan 37 nafardan 62 nafarga qadar nomzodlar zaxirada turadi. Proporsional saylov tizimi bo‘yicha qaysi partiyadan saylangan deputatning vakolati muddatidan ilgari tugatilsa, uning o‘rni ushbu partiyaning partiyaviy ro‘yxatida zaxirada bo‘lgan deputatlikka nomzodlarning navbatdagisi hisobiga to‘ldiriladi.
Xulosa qilib aytganda, aralash saylov tizimi jamiyatda saylovchilarning huquqiy ongini yuksaltirishga, ijtimoiy-siyosiy faolligini yanada oshirishga xizmat qiladi. Zero, saylovchi nafaqat nomzodlarning shaxsi, ularning dasturlari, takliflari bilan, balki, siyosiy partiyalarning dasturlari, g‘oyalari, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, xalq turmushini yanada farovonlashtirish bo‘yicha ilgari surayotgan takliflari bilan ham yaqindan tanishadi, o‘rganadi, ularni nechog‘lik real hayotda tatbiq etish imkoniyatlari mavjudligini baholaydi. Shundan so‘ng, muayyan bir qarorga keladi hamda o‘zi lozim topgan nomzodni va siyosiy partiyani qo‘llab-quvvatlaydi.
Aralash saylov tizimida siyosiy partiyalarning mas’uliyati yanada ortadi. Qaysi siyosiy partiya o‘z dasturi orqali maqsadlarini, jozibador g‘oyalarini ifoda etib, ularni ro‘yobga chiqarish uchun real imkoniyatlarga ega ekanligiga xalqni ishontira olsa, buning uchun munosib harakat qilsa aholi tomonidan kengroq qo‘llab-quvvatlanishga, saylovchilarning ko‘proq ovozlarini olishga erishadi.
Xudoyor MAMATOV,
O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasining kotibi, yuridik fanlar doktori, professor