PREZIDENT SAYLOVI: KELAJAKKA KOMIL ISHONCH BILAN

31.01.2023

2656

msk_yangiliklari_in

Mamlakatimizda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga yoʻnaltirilgan izchil va tizimli ishlar oʻzining yangi bosqichiga qadam qoʻydi. Okrug saylov komissiyalari tomonidan uchastka saylov komissiyalarining aʼzolari tarkibi tasdiqlandi va ish boshladi.

 

Masʼuliyatli maydon

 

Saylovning qanday oʻtishi koʻplab jihatlarga, ayniqsa, uchastka saylov komissiyasi faoliyatiga bevosita bogʻliq ekanligi azaldan maʼlum. Taʼbir joiz boʻlsa, uchastka saylov komissiyasi — saylovning taqdiri hal boʻladigan eng masʼuliyatli maydon. Negaki, avvalo, saylovchilar, qolaversa, kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari – hamma aynan saylov uchastkasining faoliyatiga qarab saylovni baholaydi. Shu yerda saylovchilar ovoz beradi, saylov byulletenlari sanab chiqiladi. Saylovga oid qonunlarning samaralari shu yerda yuzaga chiqadi, mavjud muammolar shu yerda aks etadi.

 

Shuning uchun ham saylov komissiyalari tizimining eng quyi boʻgʻinda ish olib boradigan mutaxassislar milliy saylov qonunchiligini va xalqaro saylov standartlarini yaxshi bilishi lozim. Ular, shuningdek, yurtimizda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlardan yaxshi xabardor, axborot texnologiyalaridan foydalanishni puxta oʻzlashtirgan boʻlishlari zarur.

 

Saylov uchastkalarida saylovchilar zarur axborotlarni olishi, erkin ovoz berishi uchun saylov qonunchiligida qatʼiy belgilab qoʻyilgan barcha sharoitlar yaratilishi shart.

 

Bunday yuksak talablarga erishish oʻz-oʻzidan boʻlmasligi ayon. Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 14-apreldagi qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha asosiy tadbirlar dasturiga binoan saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni demokratik talablar darajasida oʻtkazish uchun tegishli davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda, pandemiya tufayli yuzaga kelgan sharoitni hisobga olgan holda, keng koʻlamli ishlar bajarildi.

 

Tayyorgarlik

 

Bunda Markaziy saylov komissiyasi Prezident sayloviga tayyorgarlik koʻrish ishlarini erta va aynan Saylov komissiyalari aʼzolari malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasini tasdiqlashdan boshlagani bejiz emas. Joriy yilning 27-aprelida qabul qilingan ushbu hujjatda belgilangan vazifalarning ijrosini oʻz muddatida va sifatli taʼminlash maqsadida Markaziy saylov komissiyasi hamda Davlat boshqaruvi akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Bosh prokuratura akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi oʻrtasida imzolangan oʻzaro hamkorlikka doir kelishuv mazkur jarayonda muhim ahamiyat kasb etayotganligini alohida taʼkidlash zarur.

 

Ushbu kelishuv boʻlajak saylov va saylovoldi jarayonlarini qonunda belgilangan tartibda, yuqori saviyada tashkil etish uchun saylov jarayoni barcha tashkilotchilarining saylov qonunchiligi hamda amaliyotiga oid bilimi va amaliy koʻnikmasini yanada oshirish, fuqarolarning amaldagi saylov institutlariga ishonchini mustahkamlash, shuningdek, mamlakatimizdagi keng koʻlamli demokratik islohotlarga daxldorlik tuygʻusini yuksaltirish maqsadida samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish imkonini berdi.

 

Shu yilning 28-aprel kuni Davlat boshqaruvi akademiyasida saylov komissiyalari aʼzoligiga nomzodlar va saylov jarayoni boshqa tashkilotchilarining malakasini oshirish boʻyicha koʻp bosqichli seminar treninglar respublika trenerlarining oʻquvidan boshlandi va butun mamlakatimiz boʻylab tizimli ravishda davom ettirildi.

 

15-sentyabr kuni seminar-trenglarning yakuniy -uchinchi bosqichi nihoyasiga yetdi.

 

Uchastka saylov komissiyalari aʼzolari tarkibi tasdiqlanganidan soʻng, bungacha uch bosqichda malaka oshirgan 32 mingdan ziyod uchastka saylov komissiyasi raisi, rais oʻrinbosari va kotiblari seminar-treninglarda oʻzlashtirgan bilim va koʻnikmalarini komissiyalarning 110 ming nafardan ortiq boshqa aʼzolariga oʻz saylov uchastkalarida bevosita ish jarayonida oʻrgatdi. Hududiy trenerlarning bevosita uslubiy rahbarligi ostida amalga oshirilgan ushbu mashgʻulotlarda tinglovchilarning olgan bilimi monitoring va tahlil qilinib, aniqlangan kamchiliklar izchil bartaraf etib borilgani joriy yildagi seminar-treninglarning eng samarali yangiliklaridan boʻldi. Bu milliy va xalqaro tahlilchilar jamiyati tomonidan alohida eʼtirof etildi.

 

Taʼkidlash oʻrinliki, yetakchi milliy va xalqaro ekspertlarning tavsiyalari asosida ishlab chiqilgan oʻquv dasturidan joy olgan mavzular boʻyicha tayyorlangan videodars, videorolik va infografik mahsulotlar, oʻquv qoʻllanmalari va risolalar saylov tashkilotchilarining malaka va koʻnikmasini oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

 

Tinglovchilar uchun mashgʻulotlarning interfaol usulda tashkil etilgani ularning muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish, ovoz berish xonalarini jihozlash, saylov kuni ovoz berishni oʻtkazish, “Bir saylovchi — bir ovoz” tamoyiliga amal qilish, kuzatuvchilar bilan ishlash, saylov natijalarini hisoblab chiqish kabi yoʻnalishlardagi nazariy bilimini amaliy mashgʻulotlarda mustahkamlashiga xizmat qildi.

 

Aslini olganda, oʻrganaman degan kishi saylov mavzusida oʻzi istagan kodeks-u qonunni, qaror-u nizomni, yoʻriqnoma-yu dasturni, ilmiy, ommaviy maqolalarni, suhbatlarni, qoʻllanma-yu risolalarni, eslatmalarni, hatto zarur telefon raqamlaridan to xaritalargacha osongina topishi mumkin. Bu roʻyxatga, qayd etilganidek, videodarslar, videoroliklar, infografikalar, suratlar, tele va kino lavhalar, reportajlar, intervyular, munozaralar, bahslarni qoʻshing. Istasangiz — onlayn, yoʻqsa – oflayn. Yil – oʻn ikki oy, har kuni, har soatda, dunyoning qay bir goʻshasida boʻlmang — qoʻl ostingizda.

 

Buning uchun Markaziy saylov komissiyasining rasmiy saytiga yoki “Saylov2021” portaliga, shu nomdagi mobil ilovasiga, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga kirsangiz, bas. Ularda oʻzbek, qoraqalpoq va rus tillarida minglab nomdagi targʻibot va tashviqot materiallari jamlangan. Jamlangani esa muntazam toʻldirib va boyitib borilmoqda.

 

Mabodo saylov boʻyicha savol tugʻilsa, “1200” bepul telefon raqamiga sim qoqib, oʻzingizni qiziqtirgan har qanday savolingizga malakali javob olishingiz mumkin. Murojaatingizga yetuk huquqshunos olimlar, mutaxassislar va tajribali saylov amaliyotchilari batafsil javob beradi.

 

Oʻzbekistonda Prezident sayloviga oid birorta murojaat va savol javobsiz qolmaydi!

 

Inson qadri

 

Alohida taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston tarixida fuqarolarning saylov huquqini amalda toʻla taʼminlash, milliy saylov qonunchiligi va xalqaro saylov andozalarini targʻib qilish, oʻrganish va oʻrgatishga hech qachon bugungidek yuksak eʼtibor qaratilmagan, keng sharoit va qulay imkoniyatlar yaratilmagan.

 

Milliy saylov tizimidagi islohotlarning asosiy yoʻnalishlaridan biri boʻlgan bunday keng koʻlamli ishlar mamlakatimizda uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ezgu maqsadlarga erishishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazish boʻyicha tuzilgan oʻn ming yetti yuzdan ziyod uchastka saylov komissiyasi tarkibida faoliyat yuritayotgan aʼzolarning sifat koʻrsatkichlari tahlil qilinsa, nafaqat milliy saylov tizimida, balki butun mamlakatimizda dadillik va izchillik bilan amalga oshirilayotgan keng qamrovli demokratik islohotlar berayotgan yuksak samaralar yaqqol namoyon boʻladi.

 

Bu, avvalo, jami 142 044 nafar aʼzoni birlashtirgan uchastka saylov komissiyalarining safida ayollarning ilgarigi saylovlardagidan sezilarli darajada koʻpligida koʻrinadi. Jumladan, ikki yil avval oʻtgan parlament saylovida saylov uchastkalari tarkibida 54361 nafar ayol faoliyat yuritgan boʻlsa, joriy yildagi Prezident saylovida ular qariyb 12 ming nafar koʻp. Uchastka saylov komissiyalari raislarining 3588 nafari, rais oʻrinbosarlarining 3508 nafari, kotiblarining esa 4686 nafari xotin-qizlardir.

 

Bu mamlakatimizda gender tenglikni va xotin-qizlarning huquqlarini amalda taʼminlash, ayollarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi faolligi va huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirishga qaratilayotgan doimiy va tizimli eʼtibor samarasidir. Ayni paytda, ushbu raqamlar mamlakatimizda 2019-yil 2-sentyabr kuni qabul qilingan “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonunning va inson qadri ustuvor boʻlgan jamiyatga xos yuksak maʼnaviyatning amaldagi yana bir roʻyobidir. Zero, yuksak maʼnaviyatli insonlar jamiyatidagina ayollar eʼtibor va eʼzoz, mamlakat esa rivoj topishi — azaliy haqiqat.

 

Huquqiy asoslarning mustahkamlanishi

 

Istiqlol yillarida shakllangan milliy saylov qonunchiligi va amaliyotida orttirilgan boy tajriba hamda umumeʼtirof etilgan xalqaro saylov standartlari hisobga olingan holda 2019-yil 25-iyunda qabul qilingan Saylov kodeksi xalqaro ekspertlar tomonidan ham yuksak baholandi. Saylov qonunchiligiga soʻnggi yillarda boshqa bir qator demokratik oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritildi.

 

Joriy yilning 8-fevral kuni “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun shular jumlasidandir. Qonunga binoan uchastka saylov komissiyalari faoliyatiga taalluqli ayrim normalar yanada mustahkamlandi.

 

Yangi qonunga binoan Saylov kodeksiga kiritilgan oʻzgartirishlardan biri 23-moddada oʻz ifodasini topdi. Maʼlumki, uchastka saylov komissiyasi okrug saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida qirq kun qolganda besh — oʻn toʻqqiz nafar aʼzodan, shu jumladan rais, rais oʻrinbosari va kotibdan iborat tarkibda tuziladi.

 

Kodeksning 25-moddasiga binoan uchastka saylov komissiyasi aʼzolarining yarmidan koʻpi bitta tashkilotdan tavsiya etilishi mumkin emasdi.

 

Ammo shifoxonalar, dam olish uylari, harbiy qismlar, mamlakatimizning chet ellardagi diplomatik vakolatxonalari kabi muassasalarda, ularning qatʼiy ichki tartib qoidalari talablaridan kelib chiqqanda, saylov uchastkasi aʼzolarini bunday tartibda tuzish qiyinligi ayon.

 

Yangi qonunga binoan, Saylov kodeksining mazkur moddasi uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etildi: “Uchastka saylov komissiyasi aʼzolarining yarmidan koʻpi bitta tashkilotdan tavsiya etilishi mumkin emas, bundan Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, harbiy qismlarda, sanatoriylarda va dam olish uylarida, boshqa statsionar davolash muassasalarida, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum qilish joylarida tashkil etilgan uchastka saylov komissiyalari mustasno”.

 

Saylov kodeksining chet davlatlarda istiqomat qilib turgan Oʻzbekiston fuqarolarini diplomatik vakolatxonalarning konsullik hisobida boʻlishi yoki boʻlmasligidan qatʼi nazar, saylovchilar roʻyxatiga kiritish tartibi, xorijiy mamlakatlarda saylovchi-vatandoshlarimiz gavjum yashayotgan yoki ishlayotgan joyida koʻchma qutilar orqali ovoz berishning huquqiy asoslari mustahkamlandi.

 

Shulardan kelib chiqib, 14-Toshkent shahar okrug saylov komissiyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi 37 davlatdagi ellik toʻrtta uchastka saylov komissiyasining shaxsiy tarkibi tasdiqlandi.

 

Saylov qonunchiligiga saylov komissiyalari zimmasidagi nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etishga oid vazifaning chiqarib tashlanishi, saylovoldi tashviqoti davrida davlat resurslaridan foydalanishning taqiqlanishi, saylov natijalarini eʼlon qilish muddatlarining asossiz choʻzilishining oldini olish maqsadida, saylov komissiyalari qarorlari ustidan shikoyat muddati 10 kundan 5 kunga qadar qisqartirilishiga oid yangi normalarning kiritilgani saylovlarni ochiq-oshkora, shaffof va mustaqillik tamoyillari asosida oʻtkazishga xizmat qilishi shubhasiz.

 

Oʻz faoliyatini qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilik prinsiplari asosida amalga oshiradigan uchastka saylov komissiyalarining zimmasiga masʼuliyatli vazifalar yuklangan.

 

Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 14-apreldagi qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi uchastka saylov komissiyalarining faoliyati tartibi toʻgʻrisidagi nizomga asosan, jumladan, mazkur komissiyalar saylov uchastkasi boʻyicha saylovchilarning roʻyxatini tuzadi; saylovchilarni saylovchilarning roʻyxati bilan tanishtiradi, roʻyxatda yoʻl qoʻyilgan xatolar va noaniqliklar toʻgʻrisidagi arizalarni qabul qiladi hamda koʻrib chiqadi va roʻyxatga tegishli oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisidagi masalani hal etadi; saylov kuni oʻz yashash joyida boʻlish va ovoz berishda ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻlmagan va muddatidan oldin ovoz bergan saylovchilardan toʻldirilgan saylov byulletenlarini yopiq konvertlarda qabul qilib oladi; aholini saylov kuni va ovoz berish joyi toʻgʻrisida xabardor etadi; binoning yashirin ovoz berish kabinalari yoki xonalari, saylov qutilari, shuningdek, boshqa jihozlar bilan tayyorlab qoʻyilishini taʼminlaydi; saylov kuni uchastkada ovoz berishni tashkil etadi; sogʻligʻining holatiga yoki boshqa sabablarga koʻra ovoz berish binosiga kela olmagan saylovchilarning iltimosiga binoan ular turgan joyda ovoz berishni tashkil etadi; ovozlarni sanab chiqadi; saylovchilarning va saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarining murojaatlarini koʻrib chiqadi hamda ular yuzasidan qarorlar qabul qiladi.

 

Tan olingan haqiqat

 

Joriy yilda tuzilgan okrug va uchastka saylov komissiyalarining aʼzolari safida navqiron avlod vakillari, ayniqsa, axborot texnologiyalari boʻyicha yosh mutaxassislar har qachongidan koʻpligi ham tahlilchilar eʼtiborini tortmoqda.

 

Buning boisi maʼlum. Milliy saylov tizimiga Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi va Saylovchilarning yagona elektron roʻyxati 2019-yilgi saylovlarda butun mamlakatimiz boʻylab joriy etilgan edi.

 

Endilikda ushbu tizim avvalgi saylovlarda orttirilgan tajribadan kelib chiqib, zamon talablari darajasida yanada takomillashtirilmoqda.

 

Hozirgacha 21 million nafardan koʻproq saylovchi yagona elektron roʻyxatga kiritildi. Markaziy saylov komissiyasi saytida “Saylovchilar roʻyxatida bormisiz?” xizmati ishga tushirildi.

 

Oʻtgan parlament saylovida mamlakatimiz boʻyicha oltmishta saylov uchastkasiga kuzatuv kameralari oʻrnatilib, ulardagi ovoz berish jarayoni Matbuot markazida, Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb saytida hamda “Oʻzbekiston24” telekanalida real vaqtda namoyish etib borildi. Ushbu saylov uchastkalarida qonun buzilish holatlari qayd etilmadi. Maʼlumotlarga qaraganda, 24-oktyabr kuni boʻladigan Prezident saylovida butun mamlakatimiz boʻylab kuzatuv kameralari oʻrnatiladigan saylov uchastkalari soni uch baravardan ham oshadi.

 

Uchastka saylov komissiyalari faoliyati bilan bogʻliq bunday yangiliklarni yana koʻplab keltirish mumkin.

 

Xalqaro munosabatlar va inson huquqlari boʻyicha milliy hamda xorijiy ekspertlar Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar haqida soʻz yuritar ekanlar, bir masalada yakdildirlar: “qisqa davr ichida Oʻzbekiston xalqi va hukumati pragmatik va chinakam demokratik yoʻlni bosib oʻtdi, bu yoʻlning yuksak samaralari xalqaro hamjamiyat tomonidan allaqachon tan olingan”.

 

Bu yuksak xalqaro eʼtirofning zamirida ulkan mehnat, qatʼiyat va shijoat mujassam ekanligini mamlakatimiz ahli yaxshi biladi. Zahmat va shijoat, yurtimizda qaror topgan tinchlik va obodlikning qadriga yetuvchi xalqimizning Prezident saylovida faol ishtirok etib, eng munosib nomzodga ovoz berishiga shubha yoʻq. Buni “Ijtimoiy fikr” markazi maʼlumotlari ham koʻrsatib turibdi: kelajakka komil ishonch bilan yashayotgan Oʻzbekiston aholisining 88,2 foizi boʻlajak Prezident saylovida ishtirok etishga tayyor.

 

Bu saylovning xalqimizga xos bagʻrikenglik va olijanoblik, mehr-oqibat, izzat-hurmat, siyosiy-huquqiy madaniyat, qadimiy anʼanalarimizga mos muhitda oʻtishidan dalolatdir.

 

Qulman OCHILOV,

Oʻzbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasi

Raisining maslahatchisi

 

“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi, 2021-yil 21-sentyabr.

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur