OMONAT VA MATONAT (2-QISM)

27.01.2023

4945

msk_yangiliklari_in

Men bugun 1-Ukraina fronti tarkibidagi 307-oʻqchi diviziyasi, 109-oʻqchi polkining katta serjanti Elchiboy Abdusalomovning qariyb toʻrt yilga choʻzilgan qirgʻinbarotda necha dushmanni yer tishlatib, ne bir jasoratlarga noil boʻlgani, qanday jangovar va davlat mukofotlariga loyiq koʻrilganini birma-bir sanamoqchi, uni koʻklarga koʻtarib, maqtamoqchi emasman.

 

Nazarkarda

 

Men bugun 1-Ukraina fronti tarkibidagi 307-oʻqchi deviziyasi, 109-oʻqchi polkining katta serjanti Elchiboy Abdusalomovning qariyb toʻrt yilga choʻzilgan qirgʻinbarotda necha dushmanni yer tishlatib, ne bir jasoratlarga noyil boʻlgani, qanday jangovar va davlat mukofotlariga loyiq koʻrilganini birma-bir sanamoqchi, uni koʻklarga koʻtarib, maqtamoqchi emasman.

 

Sodiq va sobiq jangchi maqtovga zor emas.

 

Vatan va xalq eʼtirofi – muqaddas!

 

Mahobatu mulozamatlarga tobi yoʻq Elchiboy Abdusalomov bayramlarda, oʻzi aytmoqchi, “poshshoyi libosini” kiyganida, kostyumiga taqilgan orden-medallarning ogʻirligidan “beli bukchayib qolardi”.

 

Nevaralari koʻp soʻrashardi: “Mana bu ordenni qayerda, qachon olgansiz, buva? Bunisini-chi?..”

 

U barcha sobiq jangchilar singari urushda koʻrgan-kechirganlari haqida gapirishni xushlamas edi. Na uyda, na rasmiy, norasmiy uchrashuvlarga chorlanganida. Tan yarasining bitishi oson, qalb yarasining yuzini hech qachon qoʻtir bosmaydi. Jangchidan urush haqida soʻragandan koʻra, qoʻliga ketmon, oyogʻining ostiga yetti tanob yer bergan avlo. Sovuqqa oldirgan ikki oyogʻi zirqirab, bomba-yu snaryadning tanasida qolib ketgan va rentgenga solinganida kumushdek yaltirab koʻrinadigan poʻlat parchalari ninadek sanchilayotganiga qaramay, bir pasda oʻynab-kulib ketmonlab tashlaydi oʻsha yerni.

 

“Barakalla! – deydi keyin ajin bosgan peshonasidagi terni artar ekan. – Barakalla, boʻtam! Maza qildim!”

 

Bunday farahli damlarni Elchiboy Abdusalomovning farzandlari, nevaralari, hamqishloqlari koʻp koʻrgan.

 

Shunday boʻlsa-da, ayrim voqealarni humchoynakdagi qaynoq choyni xoʻplay-xoʻplay aytib bergan. Aytar ekan, har gal qora terga tushib ketgan:

 

“Yusuf aka degan koʻp yaxshi odam boʻlgich edi. Kelbati, rahmatli, Yoʻlchi akamga tortib ketardi. Asli oʻzi Iosif. Iosif Levin. Ota-onasi ruhoniy oʻtgan. Men “Yusuf aka” derdim. Novchagina boʻlgani bilan, oʻzi argʻamchiday ingichka, mendan bir-ikki koʻylakni koʻproq toʻzitgan yigit edi. Xudo bilimdan bergan, toza koʻngildan siylagan. Lekin qizlarday tortinchoq. Sal narsaga kalovlanib, gapini yoʻqotib qoʻyardi. Ikkalamiz bir-birimizga botishib, aka-uka tutingan edik. Ay, odamning yaxshisi edi-da, bechora! Qancha yaxshi yigitlar juvonmarg ketdi-ya!.. Sanab-sanogʻiga yetolmaysan. Tirik yurganida qancha yaxshi ishlar qilardi-ya, bechoralar!..”

 

Prussiya poytaxti Kyonigsberg (hozirgi Kaliningrad) shahrini ozod qilish uchun boshlangan va roppa-rosa 103 kunga choʻzilgan janglar davom etmoqda edi. “Sherman” deb olamga dagʻdagʻa solgan Gitler, kuni bitayotganini sezib, quyon terisini izlashga tushgan. Fashistlar qocha-qocha bekingan joy – quyuq oʻrmon orasidan chiqib, tepalik sari bot-bot hujumga oʻtadi. Oʻrtada – sayhonlik.

 

Bu gal guvullagan tovush keldi. Bu oddiy qurol emas, vermaxtning ishongan qoʻrgʻoni edi. Gitler zirhli tanklarini ishga solsa, har qanday jangda qoʻli baland kelishiga ishonardi. Na oʻq oladi, na snaryad.

 

Elchi Abdusalomov bir fazilati bilan quroldoshlarining nazariga tushgan edi: har qanday sharoitda, har qanday xavf tahdid solganida, oʻzini yoʻqotib qoʻymaydi. Buni koʻplar jumardlikka yoʻysa, birovlar sovuqqonligida deb bilar, boshqalar zehnining oʻtkirligidan koʻrardi.

 

Sochlariga oq oralagan maktab oʻqituvchisidan to endi oʻn sakkizga kirgan yigitgacha jang qilayotgan oʻn bir kishilik boʻlinmada tahlika boshlansa, hamma shu nozikkina oʻzbekning ogʻziga qaraydi. Nazarkarda.

 

Boshliqlar Iosifni boʻlinma sardorligiga tayinlamoqchi boʻlganida, yahudiy yigit darhol rad qildi: “Qoʻlimdan kelmaydi! Elchi boʻlsin. Men xat-hujjatida qarashib turaman”.

 

...Ikki “Tigr” (“Arslon”) qalin qorni qumdek toʻzgʻitib, mast tuyadek dahshat solib kelaverdi. Bu qurol, ulay-bulay qoʻshinga emas, vermaxtning eng sara, eng ishongan harbiy qismlariga, eng muhim janglar davom etayotgan joylarga yetkazib berilardi.

 

“Granata!”, deb pichirladi sardor.

“Granatani tayyorlang!”, degan koʻrsatma istehkom uzra ogʻizdan-ogʻizga koʻchdi.

Tanklar ortida bir gala piyoda koʻrindi – niqoblangan – oq xalatda. Ilgʻash qiyin.

“Yigirmata ekan, yaramaslar! – dedi kimdir. – Har tankning orqasida oʻntadan!”.

Na pulemyotidan, na toʻpidan oʻt ochmasdan varanglab kelayotgan ikki tank tuyqusdan ikki tomonga burildi.

“Yusuf aka, siz – oʻngga oʻting! – deb buyruq berdi endi Elchiboy. – Men – chapga! Qolganlar – oʻrtada!”.

Elchi oʻzi yaqinlashib qolgan fashist piyodalarini moʻljalga oldi. Ikki dushman quladi. Chapdagi tank okopning oʻrtasiga, oʻt ochilgan tomonga keskin burildi.

 

“Juftlab bogʻlangan granatani ushlagan qoʻllarim terlab ketgani hozirgiday esimda, – deb hikoya qilgan edi keyinchalik Elchi bobo. – Gʻazab kelganida joning ham koʻzingga koʻrinmay ketadi. Dushman besoʻnaqay tankini toʻgʻri ustimga haydadi”.

 

Bunday paytda tank okopni oʻyib-oʻpirib, jangchining ustida gir aylanadi va uni loyga qorib tashlaydi. Tirik qolish gumon. Elchi Abdusalomov eng soʻnggi soniyada oʻzini oʻngga qarab otdi. Ikki dumalab, joyidan uzoqlashdi. Oʻttiz metrlik okopda ikki bahaybat tank bir-biriga baqamti yurolmaydi.

 

Boʻlinma sardorining umidi shundan edi.

 

Atrofiga loy sachratib joyida aylanayotgan ajal mashinasining poʻlat zanjiri uning etigiga tegib oʻtgandek boʻldi. Qoʻsh granata tankning eng zaif joyi – tagiga borib tushdi.

 

“Bir payt qarasam, Yusuf aka tepamda turibdi, – deb xotirlar edi Elchi bobo. –Koʻzlarida dahshat qotib qolgan. Dagʻ-dagʻ titraydi, bechora...

 

Faqat ikkimiz tirik qolgan edik... Bir-birimizni suyab, oʻrnimizdan turdik. Agʻdarilgan ikki tank ikki joyda tutab yotardi. Men pulemyotimni izlashga tushdim. Yusuf aka baqirib yubordi: “Qoʻy oʻsha, ordonangni!”. Qoʻymadim. Loy orasidan topib, yelkamga oldim. Uch yildan beri kunimga yarab kelayotgan qurolimni qanday tashlab ketaman!..”

 

Dushman maqsadiga yetolmadi. Omon qolgan ikki jangchi “Qizil bayroq” ordeniga munosib koʻrildi.

 

Bahorga borib, Kyonigsberg fashistlardan ozod qilindi. 1945 yilning 9 aprelida yuz mingga yaqin harbiy — nemis gornizoni taslim boʻldi. Gitler shahar himoyasini ishonib topshirgan general Otto fon Lyashni “bu hoyinligi uchun” sirtdan otishga hukm qildi.

 

Berlingacha “bir chopsang yetadigan” yoʻl qolgan, taslim boʻlish navbati endi fyurerning oʻziga kelgan edi.

 

Jangchilar qisqa muddatli sokinlik chogʻlarida bir pas tin olgisi keladi. Urushni unutishga urinib, keyingi hayoti haqida oʻylay boshlaydi. Rejalar tuzadi. Oilasini, ona yurtini sogʻinch bilan eslaydi.

 

Elchiboy bilan Yusufboy ham shunday shirin xayollarga berilgan, boʻzarib turgan kun peshindan ogʻib, ayoz qisib kelmoqda edi.

 

“Odessaga boraman-u pedtexnikumga oʻqishga kiraman, – dedi tosh koʻcha boʻyidagi xarrakka choʻkkan Iosif. – Maktabda bolalarga dars beraman. Umrimning oxirigacha qoʻlimga qurol tugul, osh pichoq ham ushlamayman. Ushlamayman, vassalom! Uylanaman. Bir etak bolamiz bo‘ladi... Sen-chi, Sen nima qilasan, Elchi?”

 

Uning qarshisidagi beton toʻsiqda, safar xaltasining ustida omonatgina oʻtirgan uka orzumand akasidan bunday savolni ilgari ham koʻp eshitgan. Har gal har xil javob beradi: men hosilotlikka oʻqiyman, doʻxtir boʻlaman, dehqonchilik qilaman...

 

Elchi Abdusalomov ham bilim olishni istardi. Ammo bir monelik bor — farzandlik yuki. Oʻqiyman deb shaharga ketsa, keksa ota-onasi yana yolgʻiz qoladi. Shuncha yil oʻtar yurib, ularni yoʻliga zor-u ilhaq qilgani yetmaydimi?..

 

Nimadir gumburlab ketadi...

 

Uka bir haftadan soʻng harbiy shifoxonada oʻziga keladi. Chippa bitgan qulogʻi eshitmaydi. Tanasining sogʻ joyi yoʻq. Dokalab tashlangan. Yana kontuziya.

 

Akasini soʻraydi.

 

“Iosif halok boʻldi, – deb qogʻozga yozib koʻrsatadi hamshira. – Snaryad tagida...”

 

Nekbin

 

Elchiboy qirq beshinchi yili qirgʻinbarotdan eson-omon qaytganida uy-ichining qanchalik boshi osmonga yetgan boʻlsa, safar xaltasidan non chiqarganini koʻrib, shunchalar sevingan. Yurtni ocharchilik zabtiga olgan.

 

Elchi Abdusalomovning chekiga yana ogʻir yuk tushdi. Kolxoz raisiga oʻrinbosar etib tayinlandi. Qoʻli maktab daftari-yu ketmon, qurol-yarogʻdan boshqa narsa koʻrmagan yigirma toʻrt yoshli yigit elga bosh boʻldi.

 

Qishloq ahlining suprasi – un, qoʻrasi – qoʻy-qoʻzi, qozoni yogʻ koʻrmaganiga necha yillar boʻlgan. Yontoqning tikan aralash sargʻimtir shakari-yu xom chigitning kunjarasini yeb, shishib oʻlayotganlar frontda daydi oʻqqa uchganlardan kam emas. Moʻjaz qishloqda kunda-kunora janoza. Hovli-joy toʻkilib boʻlgan. Ulovdan, texnikani qoʻyavering, na ot, na arava qolgan.

 

Ketmon koʻtaradigan koranda izlasang, izillagan xotin-xalaj, chol-kampir va qorni nonga toʻymagan rangpar oʻsmirdan boshqa odam topolmaysan. Bigʻillagan beva-bechoraga qanday dalaga chiq, deysan?

 

Kishvaridan yovni haydagan jangchilarning holi yana tang keldi: gʻolib davlatini zabt etgan judolikka, vayronagarchilikka, ochlikka qarshi kurashish, ezilgan odamlarning oʻksik koʻnglini koʻtarish fashistlarga qarshi jangga kirishdan oson emasdi.

 

Najot – mehnatda. Dalada.

 

Kolxozchilar uy betini koʻrmay, shox-shabba, xas-xashak, yontoqdan tikka qilingan omonat kapalalarda yashab, oylab ishladi. Erta koʻklamdan qora kuzgacha hosil dardida ter toʻksa, qishda kanal qazib, ariq tortdi.

 

Elchiboyga qarasangiz, hosilot (agronom) ham oʻzi, hisobchi-yu tabelchi ham oʻzi, xirmon qorovuli-yu aravakash ham oʻzi. Ish buyursang, yoʻq deydigan odati yoʻq. Doim zayili bir: vazmin va adolatli.

 

Shuning uchun 1949 yili Mirzachoʻlni oʻzlashtirish boshlanib, Boyovut tumanida ochilgan yangi kolxozga Elchiboy rais etib tayinlanganida birov ajablanmadi.

 

Yangi xoʻjalikda yer moʻl, tashvishi undan ham koʻp edi: na bir qoʻnqaygan imorat, na bir uy, na biror texnika va tayinli korandasi bor. Atrof — otliq oralasa, boshi koʻrinmaydigan yantoqzoru yulgʻun bosgan biyday dala. Oldi — izillagan qish.

 

Elchiboy hamqishloqlari bilan birga yana ketmon-u belga, zambilu choʻkichga yopishdi. Kunduzlari ariq olib, tunlari yertoʻla kovladilar. Shu zayilda, avval oʻn, keyin yigirma chogʻli roʻzgʻor “uyli boʻldi”. Yertoʻlalardan biri yosh oilali raisning ham uyi, ham idorasiga aylandi.

 

“Kulmang, – deb miriqib hikoya qilardi keyinchalik kolxozini Sirdaryo viloyatining eng dongdor xoʻjaligiga aylantirgan, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjaligi xodimi unvoni sohibi Elchi Abdusalomov.– Qiyini qishda boʻlardi. Qor-u yomgʻir shitob yoqqanida yertoʻlaning shox-shabba ustiga sholcha yopilgan “eshigi” ertalabgacha muzlab qolardi. Qattiqroq turtsang, sinadi. Yertoʻlasidan bir amallab ertaroq chiqqan odam boshqalarning “eshigi”ni qordan tozalab, ochishga koʻmaklashardi. Qarasangiz, hammaning ogʻzi-boshi qorayib, kiyimini qurimu is bosgan. Shunday boʻlsa-da, odamlarning ruhi baland. “Ikkiora bir ishton, qaytib chiqamiz qishdan”, deb hazil-huzul ham qilib qoʻyishardi”.

 

Yosh rais, xushroʻy, xushgoʻy va nekbin odam emasmi, hammaning tilini topib, boshini qovushtirdi. Odamlarning qilday ishini, fazilatini fildan oshirib alqadi. Xato qilsa — kechirdi, oʻzidan oʻtsa – munkir kelmadi. Vaqti bilan ish haqiniyam bas deguncha berdi.

 

Tez orada koʻtarma ariqdan oqqan suv egatlarda jildirab, paxtazori shonalab, gʻallazori shovullab qoldi. Chorvasining tagidan shamol esib, parrandasining qanoti osti polaponlarga toʻldi.

 

Kecha omoch bilan tirnalgan boʻz yerlarda traktorlar gurullay boshladi. Yertoʻlalarning oʻrnida avvaliga bir xona, bir daxlizli “oq uylar” qad rostladi. Uylarni koʻrib, odamlarning oʻmgani koʻtarildi. Rais toshkentlik meʼmor Umar Mahsum bilan oshna tutinib, birga-birga oʻru qirni aylandi. Zamonaviy qishloqning tarhini chizdirdi.

 

Qishin-yozin yuzni achchiq tili bilan muttasil “yalab turadigan” Bekobod shamolining yoʻliga moslangan koʻchalar, koʻchalarda koʻp xonali zamonaviy uylar, uylarning oʻrtasida asfalt yoʻllar paydo boʻldi. Choʻlquvarlar qoʻnalgʻasi – Sovatobod shaharpitishli goʻshaga aylandi. Oʻzining maktabi, bogʻchasi, madaniyat saroyi, sport maydonchasi bor.

 

Ayni oʻzgarishlarning hammasi bir kunda, bir zarb bilan boʻlgani yoʻq, albatta. Bu ishlarning boshida turgan odam – Elchi Abdusalomov nufuzli oliy taʼlim muassasalarida boshqaruv sanʼatidan tahsil olmagan. Oʻrta maktabning bor-yoʻgʻi sakkiz sinfini, soʻng qishloq xoʻjaligi xodimlarining qisqa muddatli kursini tugatgan, xolos.

 

U tanti, sergʻayrat, qutli-barakali, yaxshi odam edi. Yaxshiligi uchun saksondan bepisand oʻtdi. Omonat dunyo neʼmatlarini deb boqiy dunyosini unutmadi. Elchiboy hoji ota taqvoda qoyim, imonda mustahkam boʻldi. Balki shuning uchun Parvardigor uni Ikkinchi jahon qirgʻinbarotlarida oʻz panohida asragandir! Balki shuning uchun oʻzining, avlodlarining ishlariga, roʻzgʻoriga kushoyish bergan, berayotgandir!

 

Bunday umr hammaga nasib etavermaydi. Hammaga matonatni, omadni, davlatni, shuhratni beravermaydi. Berganda ham, hamma eplab ketavermaydi.

 

Elchi Abdusalomov Tangri taoloning sinov uchun bergan omonatiga – umriga, eʼtiqodiga xiyonat qilmagan matonatli inson, Vatani va xalqini sevgan sadoqatli farzand edi.

 

 

Qulman OCHIL

Manba: “Hurriyat” gazetasi.

2020 yil 10 iyun

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur