OMONAT VA MATONAT (1-QISM)

27.01.2023

2696

msk_yangiliklari_in

Mamlakatimizda Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligiga bagʻishlangan tadbirlar, ilmiy-amaliy va ijodiy izlanishlar davom etmoqda.

 

Mamlakatimizda Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligiga bagʻishlangan tadbirlar, ilmiy-amaliy va ijodiy izlanishlar davom etmoqda.

 

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek,barchamiz, avvalo, oʻz jonini ona yurt uchun qurbon qilgan vatandoshlarimizning ruhi poklari oldida bosh egib, taʼzim qilamiz. Urush va mehnat fronti qatnashchilarini – azm-u shijoatli, dovyurak ota-bobolarimiz, sabr-matonatli onalarimiz, momolarimizning nomlarini hurmat bilan tilga olamiz.

 

Elchi Abdusalomov ham ana shunday yuksak ehtiromga loyiq insonlardan. Hayot boʻlganida 100 yoshini qarshilar edi. Urush yillarida jang maydonlarida va undan keyingi davrda mehnat jabhasida koʻrsatgan jasorati ibratga munosibdir.

 

Nomus

 

Ming toʻqqiz yuz qirq birinchi yilning yozida Sirdaryo viloyatidagi Hovos tumanining Sovat qishlogʻiga kelgan birinchi “qora xat” Abdusalom boboning qaddini bukdi. Toʻngʻichi – Yoʻlchining koʻksini dunyoga balo-qazodek yopirilgan fashistlarning oʻqi tilkalab oʻtgan edi.

 

Sabr-bardoshli dehqonning bir qora tunda quyuq sochlari oqarib, oppoq yuzlari koʻmirdek qorayib ketdi. Lekin na oʻzi, na xotini uvvos tortdi. Sasini chiqarmay, ichidan kuydi.

 

Yoʻli chimildiqdan avval oxirat sari tushgan Yoʻlchidan na gumona, na nishona qoldi.

 

Ota-onasiga ham taskin, ham suyanchiq boʻlib turgan Elchiga navbat kelgan edi. Yarim dunyoni oʻz zabtiga olgan urush va ajal sharpasi har qadamda, har soniyada sezilib turardi.

 

Er-xotin tun-kun shukr qilardiki, “qora xat” oralagan oiladan ikkinchi farzand harbiyga olinmayotir. Soʻng bu umid ham urushning qurboniga aylandi.

 

Oila tahlika bilan kutgan oʻsha xazonrezgi faslning sovuq oqshomi moʻjaz hovlidagi pastqamgina paxsa uyga sassizgina kirib keldi:

 

– Men endi boray, ota! – dedi ikkinchi oʻgʻil. – Oq fotiha bering!

 

Ona izillab Elchining bilagiga yopishgan joyida eri unga yalt etib qarab qoʻydi. Iqbolxon aya tamizli ayoli edi. Uni oʻchdi. To hanuz bu oilada tutum shunday – ayol er izmini oʻzi uchun qonun yoki zugʻum emas, sharaf deb biladi. Uning zaifaligi emas, donoligi, ulugʻligi shunda. Roʻzgʻoridagi qut-baraka, farzandlarining solihligi, oilasining el-yurtdagi yuksak nufuzi shundan.

 

Ota boshini egdi. Ichini ezib yotgan gʻam battarroq oʻrtadi. Yutindi. “Qult” etgan tovush baralla eshitildi. Ota goʻyo tomogʻiga tiqilgan toshni yutdi.

 

Keyinchalik, oradan qariyb oltmish yil oʻtgach, 2000 yili, yoshi saksondan oshib, farzandlari bilan rozi-rizolikda Yaratganga omonatini topshirish fursati yetganida, Elchi Abdusalomov bu manzarani bot-bot eslar, koʻz oldiga keltirar ekan, “otam, rahmatli, juda bardoshli odam edi”, deydi va horgʻin koʻzlari, yuzlari yorishib ketadi.

 

Farzand dogʻi ezib tashlagan Abdusalom bobo kamsuqum va kamgap boʻlsa-da, ichimdagini top emasdi.

 

– Shoshilmasang boʻlardi, bolam, – dedi.

Oʻgʻil keng peshonasini siladi:

– Odamlarning koʻziga qaray olmayapman, ota. Mendan boshqa hamma ketib bo‘ldi...

– Seni olmaydi-ku? Akang shahid ketgan...

– Oladi. Oʻzim ariza beraman...

– Mayli... Barakat top, oʻgʻlim!

Ota qadoq qoʻllarini duoga ochdi, xira tortgan koʻzlaridan oqayotgan yosh yuzlarini beayov kuydirayotgan ona qoʻshildi:

– Yo Xudovandi karim! Bolamizni Oʻzing panohingda asra!

Ikki kundan soʻng bagʻriga bosib xayrlashar ekan, ota:

– Dadil boʻl, oʻgʻlim! – dedi ovozi titrab. – Qoʻrqishga oʻrganma. Oʻrgansang, koʻp qiynalasan. Esingda tut: Gitlerning emas, Xudoning aytgani boʻladi!

Balki bu gaplar bugun kimlargadir muallifning toʻqimasi boʻlib tuyilar: “Ja-a, opqochadi-da, bu, jurnalistlar! Bandasi jahannamga ham oʻzi iltimos qilib kirishi mumkinmi?”.

Mumkin!

Oʻsha bandaning ori, nomusi boʻlsa, kirishi mumkin!

 

Qishlogʻida qurol koʻtarishga qurbi yetgan erkakning hammasi frontga ketib, eri, otasi, oʻgʻli, aka-ukasi janggohlarda qon kechib yurgan chol-kampir, xotin-xalaj, bola-baqraning orasida oʻsha osiy banda – yigit yolgʻiz oʻzi serrayib qolgan boʻlsa. Ularning alamli, gʻamnok nigohlariga, taʼnalariga dosh berishi oʻlimdan qattiq azobga aylansa, Vatani va xalqining taqdiri xavf ostida qolsa, jahannam oʻtiga kiradi!

 

Hech kimni, hech qachon urushga ketgulik qilmasin!

 

Oʻn toʻqqiz yoshli Elchiboy onasi qavib bergan choponini askarlik shineliga almashtirdi. Kattarqoʻrgʻonning biqinidagi harbiy mashq maydonida umrida birinchi marta qoʻliga miltiq oldi.

 

Soʻng poyezd uni minglab tengqurlariga kabi Ovrupa tomonlarga olib ketdi. Yoʻl-yoʻlakay ulangan vagonlardan eshelon choʻzilib, ulardan joy olgan navqiron yigitlarning safi kengayib boraverdi.

 

Bunday eshelonlar Ikkinchi jahon urushi davrida oʻzbekning, toʻrt yarim millionlik Oʻzbekiston aholisining bagʻridan sugʻurib olib ketgan farzandlari – qariyb ikki million. Shuncha odam urushga safarbar etilgan.

 

Moskvaga yigirma chaqirim qolganida eshelonni ikki samolyot oʻqqa tutdi. Izidan “qora quzgʻunlar” galasi bomba yogʻdirdi.

 

Qiyomat qoʻpdi.

 

Boyagina bir-biri bilan chaqchaqlashib kelayotgan qancha yigit vagonlardan sakrab, oq dasturxonga agʻdarilgan sedanadek sochilib ketdi. “Oh” deyishga ulgurmay, tutday toʻkildi.

 

“Dadil boʻl, oʻgʻlim!”.

 

Abdusalom boboning ikkinchi oʻgʻli, kechagi dehqon yigit, endigi oddiy askar, Elchiboy Abdusalomov birinchi marta ajal bilan shu zayilda baqamti keldi. Urushning dahshatini, bosqinchilarning vahshiyligini, inson umrining omonatligini, hayotning shirinligini, tinchlikning qadrini shu koʻyda angladi.

 

Biroq ortiqcha vahimaga tushmadi: “Gitlerning emas, Xudoning aytgani boʻladi!”.

 

Yovga qarshi janglarini Moskva ostonasidan boshlab, Berlingacha davom ettirdi.

 

Qulman OCHIL

Manba: “Hurriyat” gazetasi.

2020 yil 10 iyun.

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur