RIVOJLANGAN DAVLATLAR SAFIDAN MUNOSIB OʻRIN EGALLASHGA DADIL INTILAYOTGAN OʻZBEKISTONDA DAVLAT HOKIMIYATINING VAKILLIK ORGANLARIGA SAYLOVLAR EʼLON QILINDI

25.01.2023

2326

msk_yangiliklari_in

Mamnuniyat bilan qayd etish lozim, 2019-yil 20-sentyabr yangilanib, yasharib, demokratik taraqqiyotining yangi sahifalarini ochib, shiddatli insonparvar islohotlarni amalga oshirib dunyo hamjamiyatiga uygʻunlashib borayotgan Oʻzbekistonimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida soʻzsiz tarixiy ahamiyatga molik sana sifatida muhrlanib qoladi.

 

Mamnuniyat bilan qayd etish lozim, 2019-yil 20-sentyabr yangilanib, yasharib, demokratik taraqqiyotining yangi sahifalarini ochib, shiddatli insonparvar islohotlarni amalga oshirib dunyo hamjamiyatiga uygʻunlashib borayotgan Oʻzbekistonimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida soʻzsiz tarixiy ahamiyatga molik sana sifatida muhrlanib qoladi.

 

Ushbu kun, Konstitutsiyaviy-huquqiy maqomga ega boʻlgan, faoliyatining asosiy prinsiplari mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik hamda adolatlikdan iborat boʻlgan Markaziy saylov komissiyasi oʻz vakolatlaridan foydalangan xolda yangi Oʻzbekistonda yangi saylovlar kunini eʼlon qilish haqida qaror qabul qildi. Unga koʻra 2019-yil 22-dekabr mamlakatimiz Parlamenti Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari mahalliy kengashlariga saylovlar kuni deb eʼlon qilindi.

 

Yangi Oʻzbekiston, yangi saylovlar deyilishiga chinakam asos bor.

 

Birinchidan, mamlakatda soʻngi yillarda Oʻzbekistonni 2017-2021-yillarda taraqqiy ettirishning beshta ustuvor yoʻnalishini oʻzida mujassam etgan Harakatlar strategiyasi hamda Maʼmuriy islohotlar Konsepsiyasiga muvofiq davlat hokimiyati va boshqaruv organlari yangilanib, son jihatidan maqbullashtirilib, bir-birini takrorlovchi, oʻziga xos boʻlmagan, deklarativ funksiyalari bekor qilinib, ularda xizmat qiluvchilar tarkibining sifati yuksalib bormoqda.

 

Boshqaruvda koʻp yillik tajribaga ega davlat xizmatchilari safiga zamonaviy bilimlarni puxta egallagan, taraqqiy etgan demokratik huquqiy davlatlar tajribasini mukammal oʻrgangan iqtidorli, istiqbolli, tashabbuskor yoshlar qoʻshilib, “Xalq davlat idoralariga emas, davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan noyob, oʻz navbatida insonparvar va adolatli shiorga qatʼiy amal qilib, uni hayotga tatbiq etib kelmoqdalar.

 

Xususan, davlat va hokimiyat organlarining har bir xizmatchisi, xodimi joylarda, chekka-chekka hududlarda xalq bilan sayyor uchrashuvlar oʻtkazib, lozim boʻlsa uyma-uy yurib, yillar davomida toʻplanib qolgan ijtimoiy-iqtisodiy kamchiliklarni, fuqarolarni tashvishlantirayotgan masalalarni oʻrganib, ularni imkon qadar oʻz vaqtida bartaraf etish choralarini koʻrmoqda. Yurtimizda “Obod mahalla”, “Obod qishloq”, “Beshta muhim tashabbus” kabi xalqchil dasturlar doirasida mamlakatni obod qilish, xalqimizning hayotini yaxshilash, turmushini yanada farovon qilish uchun astoydil xizmat qilmoqdalar. Oʻzbekistonda inson huquqlarini himoya qilish, qonuniy manfaatlarini taʼminlash, aholining turmushi farovonligini taʼminlash borasida “Soʻz va amal birligi” shioriga qatʼiy amal qilinmoqda.

 

Ikkinchidan, soʻz erkinligi, eʼtiqod erkinligi, matbuot erkinligi, fikrlar xilma-xilligi va hurfikrlikka keng yoʻl ochildi. Mamlakatimiz dunyo davlatlari bilan yaqin qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini, xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari bilan hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlab dunyo hamjamiyati oldida yangi Oʻzbekistonning ijobiy imijini yuksaltirib bormoqda.

 

Yangi saylovlar deyishimizga asos, joriy yilgi saylovlar 2019-yil 25-iyunda qabul qilingan yangi, yaxlit Saylov kodeksiga muvofiq tashkil etiladi va oʻtkaziladi.

 

Yangi saylov kodeksining ungacha amalda boʻlgan saylov jarayonini huquqiy jihatdan tartibga solgan qonunlardan keskin farqi bor.

 

Birinchidan, ushbu kodeks — demokratik, ochiq, oshkora va erkin saylovlar oʻtkazish boʻyicha xalqaro huquq normalari va standartlarini, rivojlangan davlatlar ijobiy tajribasini xamda qadimiy davlatchilik tarixiga, oʻzining uchmas va soʻnmas insonparvar, adolatli qadriyatlariga ega xalqimizning – ijtimoiy adolat, bagʻrikenglik, soʻz va amal birligi kabi noyob gʻoya va qadriyatlarini oʻzida mujassam etgan. Sodda va ravon tilda yozilgan.

 

Ikkinchidan, avvalgi saylovlar jarayoni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining saylovi toʻgʻrisidagi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov toʻgʻrisidagi, Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashlariga saylov toʻgʻrisidagi, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi toʻgʻrisidagi hamda Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisidagi 5 ta qonun bilan tartibga solinar edi. Tabiiyki undagi normalar tarqoq, baʼzan bir-birini takrorlovchi yoki inkor etuvchi normalardan tashkil topgan edi. Shuningdek, ayrim muhim masalalar qonun bilan emas, Oʻzbekiston respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Nizomlari yoki yoʻriqnomalari bilan tartibga solingan boʻlib, undan foydalanuvchilar, amalda qoʻllovchilar, shu jumladan xalqaro kuzatuvchilar uchun bir qator noqulayliklar tugʻdirar edi.

 

Uchinchidan, Parlament Qonunchilik palatasi deputatlarini saylovchilar tomonidan bevosita saylash orqali shakllantiriladigan organ boʻlishiga qaramay, 150 nafar deputatlik oʻrnidan 15 tasi siyosiy partiya maqomiga ega boʻlmagan, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologik harakati vakillari uchun kvotalangan edi. Shuningdek, Xalq deputatlari tuman va shahar kengashlari deputatligiga siyosiy partiyalardan tashqari fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari ham nomzod koʻrsatish huquqiga ega edi.

 

Yuqoridagi kabi normalarning mavjudligi oʻz navbatida saylov oʻtkazuvchi davlatlar saylov jarayonida ishtirokchilarning barchasi uchun bir xil va teng sharoitlar yaratishi lozim degan saylovning demokratik prinsipga uncha ham mos boʻlmagan. Yangi kodeksda shu kabi boʻshliqlar ham bartaraf etildi. Yurtimizda yangi Ekologiya partiyasi tashkil boʻldi. Mamlakat siyosiy maydoni toʻligʻicha siyosiy partiyalarga taqdim etildi. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga esa boʻlajak saylovlarning – demokratik saylovlarni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha xalqaro standartlar qoidalari, milliy qonunchilik talablariga mos tarzda tashkil etilishi va oʻtkazilishini kuzatib borish uchun kuzatuvchilarini belgilash huquqi berildi. Ungacha bu huquq faqat siyosiy partiyalar hamda xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar vakillariga berilgan edi.

 

Umuman, yangi saylov kodeksidagi asosiy normalar bilan ungacha boʻlgan saylov qonunchiligi normalari oʻrtasida 30 dan ortiq demokratik yangilik, oʻzgarishlar mavjud. Saylovlarni tashkil etish va oʻtkazish jarayonida ular albatta, siyosiy-huquqiy hayotimizga tatbiq etiladi.

 

Xulosa qilib aytganda – Oʻzbekistondagi demokratik jarayonlar endi orqaga qaytmaydigan, muqarrar tus oldi. Joriy yil dekabr oyida mamlakatimiz parlamenti va mahalliy kengashlariga boʻladigan saylovlar milliy mustaqilligimizni yanada mustahkamlash, Oʻzbekistonni dunyodagi rivojlangan, demokratik davlatlar qatoriga koʻtarishda yana bir muhim amaliy qadam boʻladi. Butun xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizning orzu-intilishlarini ifoda etishlari uchun yangi imkoniyatlarni ochib beradi.

 

Markaziy saylov komissiyasi, hududlarda tashkil etiladigan viloyat, tuman, shahar saylov komissiyalari, shuningdek okrug va uchastka saylov komissiyalari yangi Oʻzbekistonda boʻlajak yangi saylovlarni yuqori saviyada, xalqaro huquq normalari va milliy qonunchilik talablariga mos holda, demokratik saylov oʻtkazishning – qonuniylik, tenglik, erkinlik, umumiylik, ochiq-oshkoralik va adolatlilik kabi noyob, insonparvar prinsiplariga toʻliq mos holda tashkil etish va oʻtkazishga bor bilim, imkoniyat va tajribalarini safarbar etadilar.

 

Xudoyor Mamatov

Markaziy saylov komissiyasi kotibiyati rahbari,

yuridik fanlar doktori, professor

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur