BUYUK GʻOYALAR BUYUK INSONLARNI TARBIYALASHGA XIZMAT QILADI

27.01.2023

2189

msk_yangiliklari_in

Keyingi yillarda mamlakatimizda ulkan ishlar amalga oshirilmoqda, zalvorli yutuqlar qoʻlga kiritilmoqda. Bu borada, shubhasiz, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan yangi gʻoyalar va tashabbuslar hamda olib borilayotgan oqilona siyosat dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda.

 

Keyingi yillarda mamlakatimizda ulkan ishlar amalga oshirilmoqda, zalvorli yutuqlar qoʻlga kiritilmoqda. Bu borada, shubhasiz, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan yangi gʻoyalar va tashabbuslar hamda olib borilayotgan oqilona siyosat dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda.

 

Muxbirimiz shular xususida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yurist, yuridik fanlar nomzodi Mirzo Ulugʻbek ABDUSALOMOV bilan suhbatlashdi.

 

- Mirzo Ulugʻbek Elchiyevich, mamlakatimiz jamoatchiligi oʻrtasida Yangi Oʻzbekistondagi yangi Uygʻonish — uchinchi Renessansning mustahkam poydevorini barpo etish gʻoyasi katta qiziqish uygʻotdi. Tashabbus keng oʻrganilib, atroflicha sharhlanmoqda, qoʻllab-quvvatlanmoqda, koʻplab amaliy va samarali takliflar aytilmoqda. Siz katta tajribaga ega siyosatchi, huquqshunos va olim sifatida bu boradagi fikrlaringizni gazetxonlarimiz bilan oʻrtoqlashsangiz.

 

- Vatan manfaatlarini, nufuzini, xalq hayotini, farovonligini yuksaklarga koʻtarishni maqsad qilgan ulugʻvor gʻoyalar odamlarda doim katta qiziqish uygʻotishi tabiiy.

 

Davlatimiz rahbarining bu tashabbusi oʻz taraqqiyotining mutlaqo yangi bosqichiga dadil qadam qoʻygan va zalvorli odimlar tashlayotgan Yangi Oʻzbekistondagi Yangi uygʻonish — Uchinchi Renessansning mustahkam poydevorini barpo etish gʻoyasi, shubhasiz, amalga oshirsa boʻladigan buyuk maqsad, real ishdir...

 

Toʻrt-besh yilning nari-berisida Oʻzbekistonda ochiqlik, oshkoralik, demokratiya tamoyillarini amalda koʻrish mumkin, deyilsa, ishonish qiyin edi. Bugun u hayot tarzimizga aylandi. Bu — real haqiqat. Amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari, yangidan-yangi loyihalar, ilm-fan, maʼrifatni yuksaklarga koʻtarish, innovatsion rivojlanishga eʼtiborni xayolimizdan oʻtkazib koʻraylik. Din va eʼtiqod erkinligining mustahkamlanishi, ona tilimizning davlat tili sifatidagi nufuzining amalda oshgani-chi...

 

Oʻz qobigʻiga oʻralib yashagan davlatning qoʻshni mamlakatlar bilan doʻstona aloqalarni dadil tiklashi, xalqaro hamjamiyatning diqqat-eʼtiborini global muammolarga jalb etishi, tadbirkorlikka keng yoʻllar ochilishi, milliy valyutaning erkin konvertatsiyasi taʼminlanishi, transport infratuzilmasining rivojlanishi, bir umr biqiq muhitda yashagan xalqimiz uygʻona boshladi...

 

Ana shu uygʻonish samarasi oʻlaroq jamiyatni yemirib yotgan necha asrlik hadikning dillardan koʻchishi-chi! Adolatning mustahkamlanayotganiga ishonchimiz ortdi, soʻz va fikr erkinligi, ilmiy-ijodiy ruh, tashabbuskorlik, odamlarda oʻz salohiyatini namoyon etish sari dadil intilish, saylash va saylanish huquqi, imkoniyatlari amalda kengaydi...

 

Necha oʻn yillar, hatto osha asrlar xalqimiz uchun armon boʻlib kelgan bunday imkoniyatlar bugun, yana taʼkidlayman, rivojlangan davlatlardagi kabi osoyishta hayotimizning uzviy qismiga aylandi. Boshqacha aytganda, mamlakatimizda adolatli jamiyat barpo etish yoʻlida amalga oshirilayotgan hayotbaxsh islohotlarning samaralarini barcha yurtdoshlarimiz bugun oʻz hayotida his etib turibdi.

 

- Sizningcha, uchinchi Renessans poydevorini yaratish uchun mamlakatimizda imkoniyati asoslar yetarlimi?

 

- Uchinchi Renessans poydevorini yaratish uchun taʼlim-tarbiya, ilm-fan, maʼrifat va madaniyatni muttasil rivojlantirish gʻoyasining bosh drayver — lokomotiv sifatida tanlangani ushbu tashabbusning gʻoyat hayotiyligini taʼminlovchi eng muhim omildir. Millatning ilm-maʼrifati oshgani sari farovonligi shunchalik yuksalib boraveradi.

 

“Biz maktabgacha taʼlim va maktab taʼlimi, oliy va oʻrta maxsus taʼlim tizimi hamda ilmiy-madaniy muassasalarni boʻlgʻusi Renessansning toʻrt uzviy halqasi, deb bilamiz, — deb taʼkidladi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev. — Bogʻcha tarbiyachisi, maktab muallimi, professor-oʻqituvchilar va ilmiy-ijodiy ziyolilarimizni esa yangi Uygʻonish davrining toʻrt tayanch ustuni, deb hisoblaymiz”.

 

Ushbu sohalarga qaratilayotgan eʼtiborning, yoʻnaltirilayotgan sarmoyalarning, sarflanayotgan kuch-gʻayratning muttasil oshib borishi natijasida jamiyatning qolgan barcha tarmoqlari harakatga keladi, rivoj topadi.

 

Bu yaqin istiqbolda yurtimizdagi barcha bolalar maktabgacha taʼlim dargohlari bilan toʻla qamrab olinadi, degani. Bu milliy harakat koʻlamini olgan maktab taʼlimi yanada ravnaq topishi, yoshlar oliy taʼlim dargohlarida tahsil olishi, ilm-fan bilan mashgʻul boʻlishi uchun imkoniyatlar misli koʻrilmagan darajada kengayishidan dalolat. Bu zamonaviy bilimga ega va mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali minglab, millionlab kadrlar yetishib chiqadi, degani. Bu mustaqil Oʻzbekiston, bobolarimiz orzu qilganlaridek, fozil insonlar mamlakatiga, jahonning eng yirik iqtisodiy, ilmiy, ijodiy, texnik kashfiyotlar, madaniyat va sanʼat markazlaridan biriga aylanadi, degani. Bu xalqimizning ilmiy-intellektual salohiyati yanada yuksalib, Yangi Oʻzbekiston ilmiy-ijodiy, texnik, tafakkur zehni bilan dunyoni lol qoldiradigan buyuk allomalar yurtiga aylanadi, degani...

 

Oʻtgan toʻrt yildan buyon amalga oshirilayotgan shijoatli, koʻlami keng va kompleks islohotlar natijasida bugun jamiyatimiz, ongimiz va tafakkurimiz oʻzgarmoqda, mamlakatimizning qiyofasi koʻrkamlashib bormoqda. Buni nafaqat yurtdoshlarimiz, balki Yangi Oʻzbekistondagi buyuk oʻzgarishlarni diqqat bilan kuzatib turgan olam ahli ham keng eʼtirof etmoqda.

 

Hamyurtlarimiz endi biladiki, ular qayerda boʻlmasin, davlatimizning himoyasidadir. Dunyoda pandemiya avj olgan, turli hududlarda nizolar olovi bot-bot boʻy koʻrsatib turgan tahlikali zamonda, Butunjahon qonun va tartib indeksiga koʻra, Oʻzbekistonimizning eng tinch va osoyishta mamlakatlardan biri sifatida alohida eʼtirof etilishi bunday ishonchni yanada mustahkamlashi tabiiy. Zero, faqat tinch, osoyishta yurtdagina ulugʻvor gʻoyalar amalga oshishi, orzular ushalishi, qut-baraka bardavom boʻlishi mumkin.

 

-Bunday yutuqlarga erishish oson boʻlayotgani yo‘q...

 

- Albatta. Bu yutuqlarning zamirida uzoqni koʻzlab yuritilayotgan oqilona ichki va tashqi siyosat, ulkan zahmat, izlanish, donishmandlik, mustaqil Vatanimizga, ona xalqimizga cheksiz mehr, eng muhimi, katta siyosiy iroda mujassam. Oʻtgan qisqa muddat ichida gʻoyat dolzarb, koʻlami keng dasturlar, vazifalar hamda loyihalarni oʻzida mujassam etgan Harakatlar strategiyasi belgilab olindi va ijrosi izchillik bilan taʼminlanmoqda.

 

Yangi qonunlar qabul qilindi, barcha darajadagi xalq vakillik va ijro organlari tarkibi davriylik prinsipi asosida tubdan yangilandi. Davlat boshqaruviga millatni eng ezgu gʻoyalar ostida birlashtirishni diliga mahkam tukkan yangi kuch keldi.

 

Bunday ulkan mehr-eʼtiborni his etib yashayotgan bunyodkor xalqimiz “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan daʼvatkor gʻoyani oʻzida ifoda etgan islohotlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlamoqda. Barcha oʻzgarishlarda kamarbasta boʻlayotgan yurtdoshlarimizning bunyodkorlik salohiyati tobora oshib bormoqda.

 

Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan oliy oʻquv yurtlari, jumladan, xorijiy oliy taʼlim dargohlarining filiallari soni sezilarli darajada koʻpaydi. Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarida minglab oʻgʻil-qizlar taʼlim olmoqda. Bu – ulkan imkoniyat. Ayni oʻzgarishlar raqamlarda ifodalansa, soʻnggi toʻrt yilda mamlakatimizda qirq uchta yangi oliy taʼlim muassasasi tashkil etilib, ularning soni bir yuz yigirmatadan oshdi. Bu yil oliy oʻquv yurtlariga kirish uchun bir yarim millionga yaqin, boshqacha aytganda, oʻtgan yildagiga nisbatan qirq foiz koʻp yigit-qiz hujjat topshirdi. Bu yoshlarimizning ilmga chanqoqligi, buyuk kashfiyotlarga qodirligi, davlatimiz olib borayotgan siyosatni har tomonlama qoʻllab-quvvatlayotgani va bu siyosat ularning orzu-istaklariga mos ekanligidan dalolatdir.

 

Asosiysi, bu bilim olishni, zamonaviy kasb-hunarlarni chuqur egallashni, ilm-fan bilan shugʻullanishni maqsad qilgan yoshlarning tanlash imkoniyatini kengaytiribgina qolmay, mamlakatimizda ilmiy-ijodiy salohiyatni koʻtarishga ham samarali xizmat qiladi. Ilmga tashnalik xalqimizning qonida bor. Bobolarimiz ilmni saodat kaliti, deb bilganlar. Ilgari abituriyent bor-yoʻgʻi bitta oliy oʻquv yurtiga hujjat topshirishi va oʻqishga kirishi mumkin edi. Endi u nafaqat Oʻzbekistondagi, balki dunyoning istalgan davlatidagi universitet, institut va kollejlarda tahsil olishi mumkin. Minglab farzandlarimiz bunday imkoniyatdan samarali foydalanmoqda ham. Chunki qunti va gʻayrati baland yoshlarimiz bugun nafaqat oʻz ona tili – oʻzbek tili, balki chet tillarini ham puxta biladi. Zamonaviy axborot texnologiyalarini puxta egallagan.

 

Shu oʻrinda yana bir raqamga eʼtiboringizni qaratmoqchiman. Dunyoning qaysiki davlatida oliy maʼlumotli mutaxassislar koʻp boʻlsa, oʻsha mamlakatda xalqning farovonlik darajasi gʻoyat yuqori. Yaponiya, Kanada, Janubiy Koreya, Germaniya bunga yaxshi misol. Oliy maʼlumotlilar ushbu mamlakatlarda yoshi yigirma besh yoshdan yuqori aholining ellik foizidan koʻproqni tashkil etadi.

 

Joriy yilda ayrim yigit-qizlarimizning bir yoʻla Oʻzbekistondagi va chet ellardagi oʻnlab universitetlarning talabalari safidan joy olgani, nafaqat yaratilayotgan ana shunday keng imkoniyatlarning sharofati, balki yoshlarimizning bilim darajasi, orzu-umidlari, istaklari, intilishlari oshib borayotganidan dalolatdir. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “Bugungi Oʻzbekiston – kechagi Oʻzbekiston emas. Bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas”.

 

- Bunday yangilanish “Yangi Oʻzbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida mamlakatimiz parlamenti va mahalliy kengashlar deputatligiga 2019-yili oʻtgan saylovlar jarayonida ham yorqin namoyon boʻlgan edi. Shunday emasmi?

 

- Darhaqiqat, umumeʼtirof etilgan xalqaro talablar va standartlarga toʻliq javob beradigan yangi Saylov kodeksi asosida oʻtkazilgan saylovlar xalqimizning huquqiy ongi, siyosiy bilimi va madaniyati oʻsib, jamiyatimizda demokratik tamoyillar mustahkam qaror topib borayotganining yana bir tasdigʻi boʻldi.

 

Saylov jarayonlarini boshqarish boʻyicha avtomatlashtirilgan tizim va saylovchilarning yagona elektron roʻyxati ilk bor joriy etildi. Chet ellarda vaqtincha yashab turgan mehnat muhojirlari, talabalar va boshqa vatandoshlarimizga saylovlarda ishtirok etishlari uchun keng sharoit yaratildi. Ozodlikdan mahrum etilgan, biroq ogʻir va oʻta ogʻir jinoyat sodir etmagan mahkumlarga ilk bor ovoz berish imkoniyati yaratildi.

 

Ayni paytda saylov kuni mamlakatimizning turli hududlaridagi oltmishta saylov uchastkasiga tajriba-sinov sifatida oʻrnatilgan 120 ta videokamera saylovchilarning ovoz berish jarayonini Markaziy saylov komissiyasining Xalqaro matbuot markaziga va internet orqali onlayn rejimida butun dunyoga namoyish qilib turdi. Yigirmata saylov uchastkasida ovoz berish chogʻida fuqarolarning shaxsini aniqlash uchun biometrik hujjatlarni “oʻqiydigan” oltmishta qurilmadan tajriba sifatida foydalanildi.

 

Bunday ilgʻor amaliyot kelgusi saylovlarda yanada kengroq qoʻllaniladi va kelajakda saylovlarning axborot kommunikatsiya texnologiyalari yordamida, xalqaro standartlarga toʻla mos ravishda, ochiq-oshkora, shaffof, sogʻlom raqobat ruhida oʻtishiga xizmat qiladi.

 

-Saylovlar jarayonida muayyan kamchilik va muammolar ham koʻzga tashlangani sir emas. Bu haqda nimalar deya olasiz?

 

- Savolingiz toʻgʻri. Yurtimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning sharofati shundaki, nafaqat qoʻlga kiritilayotgan yutuqlar, balki mavjud muammo va kamchiliklar ham baralla aytilib, ularni bartaraf etish chora-tadbirlari belgilab olinadi.

 

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan shu yilning fevralida mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikda barcha hududlarda saylovchilar, saylov tashkilotchilari, mahalliy rahbarlar ishtirokida qiziqarli davra suhbatlari oʻtkazildi. Ularda erishilgan yutuqlar, kamchiliklar hamda duch kelingan muammolar chuqur va tanqidiy tahlil qilinib, istiqbolda saylovlarni yanada samarali tashkil etish, aholining huquqiy bilim va elektoral madaniyatini yanada oshirish yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

 

Muloqotlar chogʻida, shuningdek, xalqaro tashkilotlarning xulosalarida, ijtimoiy tarmoqlar orqali oddiy saylovchilar tomonidan ilgari surilgan takliflar va tavsiyalar umumlashtirilib, Oʻzbekiston saylov tizimini yanada demokratlashtirish, milliy saylov qonunchiligi va amaliyotini takomillashtirishga oid maʼlumotlar umumlashtirilgan “Saylov – 2019: yutuqlar, muammolar, takliflar” risolasi tayyorlandi.

 

-Ushbu risola haqida batafsilroq toʻxtalib oʻtsangiz.

 

- Bu – Markaziy saylov komissiyasining saylovlarni tashkil etish va oʻtkazishga oid oʻz faoliyatini tanqidiy nuqtai nazardan oʻrgangan holda bunday keng koʻlamli tahliliy axborotni, mavjud muammolar hamda ularning yechimlari boʻyicha takliflarni jamoatchilik eʼtiboriga ilk bor havola qilishi. Oʻzbek, rus va ingliz tillarida chop etilgan risoladan milliy saylov qonunchiligi va amaliyotini yanada demokratlashtirish borasidagi gʻoyat qiziqarli maʼlumotlar va takliflar joy olganki, jamoatchilikning eʼtiborini tortmasdan qolmadi.

 

Jumladan, mamlakatimiz Konstitutsiyasining 117-moddasida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi bir vaqtning oʻzida ikkidan ortiq davlat hokimiyati vakillik organining deputati boʻlishi mumkin emasligi belgilab qoʻyilgan.

 

Bir vaqtning oʻzida ikkita mahalliy vakillik organi deputatligiga nomzod etib koʻrsatilgan fuqarolarning saylovoldi targʻibotini olib borish, uchrashuvlar oʻtkazish bilan bogʻliq muammolarga duch kelishi sir emas. Bu masalada Markaziy saylov komissiyasiga ham bir qator murojaatlar kelib tushgan.

 

Shularni eʼtiborga olib, qonunda bir nomzod faqat bitta saylov okrugidan va bitta mahalliy vakillik organiga saylanishi mumkinligiga oid qoidani oʻrnatish taklif qilinmoqda.

 

Milliy saylov qonunchiligiga oʻzgartirish kiritish orqali, xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlariga saylov oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalarini tugatish va ularning vakolatlarini tuman (shahar) saylov komissiyalari zimmasiga yuklash ham asosli takliflardandir.

 

Siyosiy partiyalarga saylovlarda yanada kengroq erkinlik yaratish maqsadida, tashqi reklama vositalari va elektron monitorlarga Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilab berilgan shakldagi targʻibot va tashviqot materiallarini joylashtirish va bunda ularni bepul ajratish amaliyotidan voz kechish maqsadga muvofiq boʻladi. Shunda partiyalar va nomzodlar tomonidan saylovoldi tashviqotini oʻtkazish asnosida oʻzaro oʻxshashlik, bir xillik, takrorlanish holatlari va boshqalar kuzatilmaydi.

 

Qayd etilganidek, kelajakda saylov jarayonlariga rivojlangan mamlakatlarda boʻlgani kabi axborot kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish kun tartibidagi asosiy masalalardan boʻlib turibdi.

 

- Ayonki, maqsad qanchalik aniq va ulugʻvor boʻlsa, unga erishish shunchalik sharafli boʻladi.

 

- Haq gap. Jahonda raqobat tobora kuchayib borayotgan bir paytda strategik bosh maqsadning — milliy taraqqiyot istiqbolining toʻgʻri belgilanishi xalqimizning ulkan baxtidir. Donishmandlar aytadilarki, buyuk gʻoyalar buyuk insonlarning kamol topishiga xizmat qiladi. Buyuk zotlar, ulugʻ mutafakkirlar esa oʻz xalqining, Vatanining nufuzini yuksaklarga koʻtaradi.

 

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ajdodlarimizning buyuk yaratuvchanlik, ilmiy-ijodiy salohiyatiga gʻoyat mos uchinchi Renessansning mustahkam poydevorini barpo etishdek ezgu gʻoyaning amalga oshirilishi Oʻzbekistonimiz dunyoning eng rivojlangan davlatlari qatoridan joy olishida, xalqimiz farovonligining yanada yuksalishida muhim omil boʻlishi shubhasiz.

 

Buning uchun biz, avvalo, Vatanimizda mustahkam qaror topgan tinchlik-osoyishtalikning, yaratilayotgan keng imkoniyatlarning qadriga yetishimiz zarur. Ayni paytda, ulardan samarali foydalangan holda butun kuch-gʻayrat va iqtidorimizni ayamay, el-yurtimizning buguni va ertagi kunining yanada farovon, yanada toʻkin va osuda boʻlishi uchun barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, buyuk xalqimizga farzandlik mehri va sadoqati bilan xizmat qilishimiz darkor.

 

 

Zokir XUDOYSHUKUROV,

(“Xalq soʻzi”) suhbatlashdi.

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur