MSK Raisi Yevropa Ittifoqiga aʼzo mamlakatlarning Toshkentdagi elchixonalari rahbarlari bilan uchrashdi

26.06.2023

3323

msk_yangiliklari_in

26-iyun kuni Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.Nizamxadjayev Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi va Yevropa Ittifoqiga aʼzo mamlakatlarning Toshkentdagi elchixonalari rahbarlari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adriayen, shuningdek, Latviya, Italiya, Fransiya, Germaniya, Ruminiya, Respublikalarining va boshqa Yevropa davlatlarining Toshkentdagi elchilari, Bolgariya Respublikasining Muvaqqat ishlar vakili, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbarining o‘rinbosari Mindaugas Kacherauskis ishtirok etdi. 

Uchrashuvda so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlik tobora rivojlanib yangi bosqichga ko‘tarilib borayotganligini taʼkidlandi. Shuningdek, MSK raisi Z.Nizamxodjayev muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida batafsil maʼlumot berib o‘tdi.

Jumladan, muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha Kalendar rejasiga muvofiq saylovlarni o‘tkazuvchi 14 ta okrug va 10 ming 783 ta uchastka saylov komissiyalari shakllantirilganligi, Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazi va tezkor axborot markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilganini, bugungi kunga qadar 1 155 nafar mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillarining akkreditatsiyadan o‘tkazilganligi va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda boshqa qator ishlar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi.

Bundan tashqari, saylov komissiyalari aʼzolarining saylov qonunchiligi haqidagi nazariy bilimlari va amaliy tajribasini oshirish, saylov jarayoniga zamonaviy axborot kommunikatsion texnologiyalarni joriy etish, xotin-qizlarning saylovlardagi o‘rnini kuchaytirish, imkoniyati cheklangan fuqarolarning saylov huquqlarini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalib o‘tildi.

Uchrashuvda alohida eʼtibor saylovni demokratik tamoyillar asosida, ochiq va oshkora o‘tkazishda xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar kuzatuvchilarining saylovlardagi ishtirokiga qaratildi. Bu borada MSK tomonidan xalqaro kuzatishni tashkil etish maqsadida, YXHTning DIIHB, uning Parlament assambleyasiga hamda Yevroparlament kabi xalqaro tashkilotlarga taklifnomalar yuborilganligi taʼkidlandi.

O‘z navbatida delegatsiya aʼzolari bo‘lajak saylovlarni umumeʼtirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillar asosida, yuqori tashkiliy darajada o‘tishiga muvaffaqiyat tiladi.

Uchrashuv doirasida delegatsiya vakillari Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazi va tezkor axborot berish markazi

(Call-center) faoliyati va u yerda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati 

 

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur