FUQAROLIK VA SIYOSIY HUQUQLAR TO‘G‘RISIDAGI XALQARO PAKT
(BMT Bosh Assambleyasining 1966-yil 16-dekabrdagi 2200 A (XXI) rezolyutsiyasi bilan qabul qilingan)
2-modda
1. Ushbu Paktda ishtirok etuvchi har bir davlat o‘z hududida turgan va o‘z yurisdiksiyasi ostida bo‘lgan barcha shaxslarning ushbu Paktda e’tirof etilgan huquqlarini hech bir ayirmachiliksiz, jumladan, irqi, tana rangi, jinsi, tili, dini, siyosiy yoki boshqa e’tiqodidan, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy ahvoli, tug‘ilishi yoki o‘zga holatidan qat’i nazar hurmat qilish va ta’minlash majburiyatini oladi.
2. Agar bu narsa hali mavjud qonun hujjatlarida yoki boshqa choralar orqali nazarda tutilmagan bo‘lsa, ushbu Paktda ishtirok etuvchi har bir davlat o‘zining konstitutsiyaviy tartib-taomillariga va ushbu Pakt qoidalariga muvofiq ushbu Paktda e’tirof etilgan huquqlarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lishi mumkin bo‘lgan shunday qonun hujjatlarini yoki boshqa tadbirlarni qabul qilish uchun zarur choralarni ko‘rish majburiyatini oladi.
3. Ushbu Paktda ishtirok etuvchi har bir davlat o‘z zimmasiga quyidagi majburiyatlarni oladi:
a) ushbu Paktda tan olingan huquqlari va erkinliklari buzilgan har qanday shaxsni, agar bu buzilish rasmiy sifatda harakat qilgan shaxslar tomonidan sodir etilgan bo‘lsa ham, huquqiy himoyaning samarali vositasi bilan ta’minlash;
b) ana shunday himoya talab qiluvchi har qanday shaxs uchun yuridik himoya vakolatli sud, ma’muriy yoki qonun chiqaruvchi hokimiyatlar tomonidan yoki davlatning huquqiy tizimida nazarda tutilgan boshqa vakolatli organlar tomonidan ta’minlashi va sud orqali himoyalanishi imkoniyatini rivojlantirish;
c) huquqiy himoya vositalari berilganda, vakolatli hokimiyatlar tomonidan buning qo‘llanilishini ta’minlash.
3-modda
Mazkur Paktda ishtirok etuvchi davlatlar erkaklar va ayollar uchun ushbu Paktda ko‘rib chiqilgan barcha fuqarolik va siyosiy huquqlardan bir xilda foydalanishini ta’minlash majburiyatini oladi.
21-modda
Tinch yig‘inlarga bo‘lgan huquqlar tan olinadi. Bu huquqdan foydalanishda hech bir cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi. Qonunga muvofiq qo‘yilgan va demokratik jamiyatda davlat yoki jamiyat xavfsizligi, jamoat tartibi, aholi salomatligi va ma’naviyatini muhofaza etish yoki boshqa shaxslarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilish uchun zarur bo‘lgan cheklashlar bundan mustasno.
22-modda
1. Har bir inson boshqalar bilan uyushish erkinligi huquqiga, shu jumladan kasaba uyushmalar tashkil etish erkinligi va o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun shunday uyushmalarga kirish huquqiga ega.
2. Bunday huquqlardan foydalanish hech qanday cheklanmaydi, qonun bilan nazarda tutilganlari va demokratik jamiyatda davlat yoki jamiyat xavfsizligi, jamoat tartibi manfaatlari uchun, aholi salomatligi va axloqini muhofaza etish yoki boshqa shaxslarning huquq va erkinligi himoyasi uchun zarur bo‘lganlari bundan mustasno. Ushbu modda qurolli kuchlar va politsiya tarkibiga kiruvchi shaxslar uchun shu huquqdan foydalanishda qonuniy cheklashlar joriy etilishiga to‘sqinlik qilmaydi.
3. Ushbu moddadagi hech narsa Xalqaro Mehnat Tashkilotining 1948-yilgi Konvensiyasida ishtirok etuvchi davlatlarga uyushmalar erkinligi va huquqini himoya qilish borasida, mazkur konvensiyada nazarda tutilgan kafolatlarga zarar yetkazib qonun hujjatlari qabul qilish yoki ushbu kafolatlarga ziyon yetkazilgan holda qonun qabul qilish huquqini bermaydi.
25-modda
Har bir fuqaro 2-moddada eslatib o‘tilgan hech bir kamsitishlarsiz va asoslanmagan cheklashlarsiz quyidagi huquq hamda imkoniyatlarga ega bo‘lishi kerak:
a) ham bevosita, ham erkin saylangan vakillar orqali davlat ishlarini boshqarishda qatnashish;
b) yalpi va teng saylov huquqi asosida, yashirin ovoz berish orqali o‘tkaziladigan va saylovlarning erkin holdagi xohish-irodasini ta’minlovchi chinakam davriy saylovda ovoz berish va saylanish;
c) o‘z mamlakatida umumiy shartlarda davlat xizmatiga kirishda tenglikka yo‘l qo‘yish.
26-modda
Barcha kishilar qonun oldida tengdirlar va hech bir kamsitishsiz qonun orqali teng himoya qilinish huquqiga egadirlar. Bu borada har qanday turdagi kamsitish qonun bilan taqiqlab qo‘yilishi va qonun barcha shaxslarga hech bir kamsitishsiz, jumladan irqi, tana rangi, jinsi, tili, dini, siyosiy va boshqa e’tiqodi, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy ahvoli, tug‘ilishi (nasli-nasabi)dan va boshqa holatidan qat’i nazar kamsitishga qarshi teng va samarali muhofazani kafolatlashi kerak.