№ 1040 O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASINING “SAYLOV – 2019: YUTUQLAR, MUAMMOLAR, TAKLIFLAR” YAKUNIY AXBOROTI TO‘GʻRISIDA

O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasining
qarori

№ 1040 2020-yil 28-oktabr

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASINING “SAYLOV – 2019: YUTUQLAR, MUAMMOLAR, TAKLIFLAR” YAKUNIY AXBOROTI TO‘G‘RISIDA

2019-yil 22-dekabr kuni “Yangi O‘zbekiston - Yangi saylovlar” shiori ostida o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari deputatlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq barcha jarayonlar umume’tirof etilgan xalqaro standartlar va eng maqbul xorijiy amaliyotlar, mamlakatimizning saylovlar sohasidagi majburiyatlari va milliy tajribasiga binoan yuqori saviyada tashkil etildi.

Buni saylovlar jarayonini bevosita kuzatib borgan nufuzli xalqaro tashkilotlar, jumladan, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Parlament assambleyasi, YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi missiyalari kuzatuvchilari va xorijiy davlatlarning 800 nafardan ortiq kuzatuvchilari alohida e’tirof qildi.

Saylovchilar o‘zlarining konstitutsiyaviy huquqlarini to‘laqonli amalga oshirishi uchun barcha sharoit yaratildi va ular bu imkoniyatdan samarali foydalandi.

O‘zbekiston milliy saylov amaliyotida ilk marotaba yangi Saylov kodeksi amaliyotga kiritildi. Yangi Kodeksga muvofiq jamiyat hayotida siyosiy partiyalar roli yanada kuchaytirilib, saylov qonunchiligi xalqaro saylov standartlariga to‘la moslashtirildi. Barcha vakillik organlariga faqat siyosiy partiyalar tomonidan nomzod ko‘rsatish instituti joriy etildi.

Ilk bora Saylovchilarining yagona elektron ro‘yxati shakllantirildi. Bu mamlakatimiz milliy saylov tizimidagi mutlaqo yangi amaliyot bo‘ldi. Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimining to‘laqonli ishlashini ta’minlash maqsadida shakllantirilgan mazkur ro‘yxatga saylov yoshidagi 20,5 milliondan ziyod fuqarolarga doir ma’lumotlar kiritildi va ulardan saylovlar jarayonida belgilangan tartibda foydalanildi.

Ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarni sodir etgan shaxslar mamlakatimiz tarixida birinchi marta ovoz berishda ishtirok etdi.

Saylov kodeksining 33-moddasiga binoan saylovlarda ilk marotaba fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan ham kuzatuvchilar ishtirok etgani mazkur siyosiy tadbirni o‘tkazish jarayonida jamoatchilik nazoratini sezilarli darajada oshirdi va saylovlarning ochiqligi, oshkoraligi va shaffofligini ta’minlashga xizmat qildi.

Shu bilan birga, saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish jarayonlarida bir qator muammolar va kamchiliklar ham ko‘zga tashlandi. Keng jamoatchilikni saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish ishlari natijalari bilan tanishtirish, bo‘lajak saylovlarda aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida MSK amaliyotida ilk bor saylov yakunlariga bag‘ishlangan tahliliy axborot ishlab chiqildi.

Ushbu axborotni tayyorlash uchun mamlakatning 14 ta hududlarida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan hududiy saylov komissiyalari a’zolari, siyosiy partiyalar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ekspertlar ishtirokida “2019-yilda o‘tgan saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda erishilgan yutuqlar, yuzaga kelgan kamchiliklar va ularni bartaraf etish yo‘llari”ga bag‘ishlangan davra suhbatlari tashkil etildi. Ushbu davra suhbatlari davomida bir qator fikrlar va takliflar tinglandi, muhokamalar davomida saylov jarayonining har bir bosqichi chuqur tahlildan o‘tkazildi.

Mazkur fikrlar va takliflarni umumlashtirgan holda, shuningdek xalqaro va mahalliy kuzatuvchilar tomonidan bildirilgan tavsiyalarni hisobga olib O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining “Saylov – 2019: yutuqlar, muammolar, takliflar” yakuniy axboroti tayyorlandi. Mazkur axborot saylov qonunchiligi va amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha navbatdagi choralarni aniqlash uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

Yuqoridagilarga asosan hamda O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14 va 16-moddalariga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi

QAROR QILADI:

1. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi kotibi X.Mamatovning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va mahalliy vakillik organlariga 2019-yil 22-dekabrda bo‘lib o‘tgan saylovlarning tahlili natijalari yuzasidan bergan axboroti ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining “Saylov 2019: yutuqlar, muammolar, takliflar” yakuniy axboroti 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Axborotda 2019-yil 22-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda mahalliy vakillik organlari saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish, saylov jarayonlarini ommaviy axborot vositalarida yoritish hamda saylov natijalarini e’lon qilish bilan bog‘liq bosqichlar atroflicha tahlil etilganligi, erishilgan yutuqlar, yuzaga kelgan muammolar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va ularni bartaraf etish yuzasidan tavsiyalar o‘rin olganligi qayd etilsin.

3. Markaziy saylov komissiyasining Kotibiyati (X.Mamatov):

“Saylov 2019: yutuqlar, muammolar, takliflar” yakuniy axborotini elektron shaklda (PDF formatda) o‘zbek, rus va ingliz tillarida Markaziy saylov komissiyasining veb-saytiga joylashtirilishini;

“Saylov 2019: yutuqlar, muammolar, takliflar” yakuniy axborotini risola sifatida o‘zbek, rus va ingliz tillarida 500 nusxada chop etilishini hamda uni manfaatdor vazirlik va idoralarga, xorijiy davlatlarning O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonalariga hamda O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi va xalqaro tashkilotlar qoshidagi diplomatik vakolatxonalariga, boshqa manfaatdor shaxslarga yuborilishini ta’minlasin.

4. “Saylov 2019: yutuqlar, muammolar, takliflar” yakuniy axborotida aks etgan tavsiyalarni amaliyotga tadbiq etish bo‘yicha Markaziy saylov komissiyasining ishchi guruhi tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiklansin.

Ishchi guruh (M.Istamov) bir oylik muddatda:

“Saylov 2019: yutuqlar, muammolar, takliflar” yakuniy axborotida bildirilgan tavsiyalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilishini, ularni manfaatdor tomonlar bilan kelishish, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda muhokamasini tashkil etishni ta’minlasin;

yetuk olimlar, ekspertlar, jamoat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarining vakillarini jalb etgan holda milliy saylov amaliyoti va qonunchiligini yanada demokratlashtirish va takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqilishini va uni amalga oshirilishini tashkil etsin.

5. Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinsin.

6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari M.Istamov zimmasiga yuklansin.

RaisM. Abdusalomov